Navoiy viloyatiga hokim tasdiqlandi

0
80
marta koʻrilgan.

Navoiy shahrida xalq deputatlari viloyat kengashining navbatdan tashqari sessiyasi boʻlib oʻtdi.

Unda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev ishtirok etdi.

Davlatimiz rahbari soʻzining avvalida viloyat ahliga chuqur hurmatini bildirib, sessiyani ochiq muloqot tarzida oʻtkazishni taklif etdi.

– Bugungi uchrashuvimizdan eng katta maqsad-muddaomiz – ochiq muloqot. Navoiy viloyatidagi 330 ta mahalla, 1 million 50 ming aholining dardini baralla aytib, chorasini topishimiz kerak. Hurmatli deputatlar, nuroniylar, oʻgʻil-qizlarim, yurakdagi gaplaringizni, joylardagi muammoni ochiq aytsangiz, menga doʻst boʻlasizlar. Hamma masalalarga xalqimiz bilan bamaslahat yechim topsak, natija boʻladi. Bu uchrashuvdan men ham rozi boʻlayin, xalqimiz ham rozi boʻlsin, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Muloqotda Navoiy viloyati rivojining bugungi holati tahlil qilindi. Oxirgi uch yilda hududda 2 milliard dollarlik yirik sanoat loyihalari ishga tushgan. Buning natijasida 10 mingdan ortiq yangi ish oʻrni yaratilib, yiliga qoʻshimcha 1 trillion soʻm soliq tushumi va 100 million dollar eksport taʼminlangan.

Viloyatda iqtisodiyotni yanada rivojlantirish uchun katta zaxira va imkoniyatlar borligi koʻrsatib oʻtildi. Misol uchun, import boʻlayotgan mahsulotlarni kooperatsiya asosida mahalliy tadbirkorlar ishlab chiqarsa boʻladi. Qishloq xoʻjaligida chorvachilik tarmogʻi toʻla ishga solinmayapti. Meva-sabzavot saqlash quvvatlari kam. Ijtimoiy sohada ham aholini qiynayotgan masalalar bor.

Sessiyada tashkiliy masala koʻrildi. Prezident Navoiy viloyati hokimi lavozimiga Normat Tursunov nomzodini tavsiya etdi.

N.Tursunov 1972 yilda Toshkent viloyatida tugʻilgan. Koʻp yillar davlat soliq tizimida ishlagan. U 2021 yil noyabr oyidan buyon Navoiy viloyati hokimi vazifasini bajarib kelmoqda.

 Davlatimiz rahbari nomzodni lavozimga tasdiqlashdan avval ochiq muloqot qilib, uning rejalarini eshitishni taklif etdi. Normat Tursunov viloyatda tadbirkorlik, sanoat, qishloq xoʻjaligini rivojlantirish, aholiga munosib turmush sharoiti yaratish boʻyicha rejalarini taqdimot qildi.

Prezidentimiz bu takliflarni maʼqullab, ularni amalga oshirish choralarini belgilab berdi.

Tadbirkorlikni rivojlantirish uchun kelgusi yilda 26 ta mahalliy sanoat markazi va kichik sanoat zonalari tashkil etish, oilaviy tadbirkorlik dasturlari uchun 600 milliard soʻm yoʻnaltirish vazifasi qoʻyildi. Umuman, Navoiy viloyatini “kambagʻallik va ishsizlikdan holi hudud”ga aylantirish mumkinligi taʼkidlandi.

Sanoat sohasida kelgusi yilda 186 ta loyihani amalga oshirib, 15 mingta ish oʻrni yaratish choralari belgilandi. Bu importni qisqartirib, eksportni 250 million dollarga yetkazishda muhim omil boʻladi.

Xatirchi, Karmana, Navbahor, Qiziltepa va Nurota tumanlaridagi 72 ta mahalla kartoshka, sabzavot, uzum va anor yetishtirishga ixtisoslashgan.

Davlatimiz rahbari bu imkoniyatlarni kengaytirish uchun mazkur mahallalar atrofidagi 5 ming gektarda suv taʼminotini yaxshilash zarurligini taʼkidladi. Yaylov oʻsimliklari urugʻchiligi xoʻjaligi, kavrak plantatsiyalari, agrologistika markazlarini tashkil etish boʻyicha ham topshiriqlar berildi.

Ijtimoiy sohani rivojlantirish, maktab va bogʻchalar barpo etish, aholini uy-joy va ichimlik suvi bilan taʼminlash masalalariga ham alohida eʼtibor qaratildi. Umuman, 2023 yilda viloyatda ijtimoiy muammolarni hal etishga qoʻshimcha 655 milliard soʻm, oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirishga yana 750 milliard soʻm resurs ajratilishi maʼlum qilindi.

Taqdimotdan soʻng viloyat kengashi deputatlari nomzodning rejalarini muhokama qilib, oʻz fikr-mulohazalarini bildirdi. Navoiy viloyati hokimini tayinlash masalasi ovozga qoʻyildi. Uning natijalariga koʻra, Normat Tursunov Navoiy viloyatining hokimi etib tasdiqlandi.

Davlatimiz rahbari belgilangan rejalar endi hayotga koʻchishi, barcha tashkilotlar hokim atrofida birlashib, xalqqa xizmat qilishi kerakligini taʼkidladi.

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.