Kimyo sanoati mamlakatimiz iqtisodiyotida asosiy drayverlardan biriga aylanmoqda. Ilgari bu tarmoq asosan qishloq xoʻjaligi uchun mineral oʻgʻitlar ishlab chiqarib, bunday mahsulotlarning ulushi sohada qariyb 80 foizni tashkil etar edi. Bugungi kunda zamonaviy polimerlar ishlab chiqarilayotgani hisobidan mineral oʻgʻitlar ulushi 10 foizga qisqardi, boshqa sohalar uchun tayyorlanayotgan mahsulotlar hajmi esa 6 marta oshdi.
Keyingi besh yilda “Oʻzkimyosanoat” tizimida tovar mahsulotlari hajmi 4 marta oshdi, kimyoviy mahsulotlar eksporti 250 million dollarga yetmoqda.
Bunda «Navoiyazot» aksiyadorlik jamiyatining oʻrni juda katta. Bu yerda mamlakatimiz kimyo sanoati mahsulotlarining qariyb yarmi ishlab chiqariladi, 9 mingga yaqin muhandis, texnolog va mohir ishchilar mehnat qiladi.
Yangi ishga tushirilgan azot kislotasi hamda ammiak va karbamid korxonalari soha rivojiga qoʻshimcha surʼat beradi. Umumiy qiymati 1,5 milliard dollar boʻlgan ushbu loyihalar “Navoiyazot”da mahsulot ishlab chiqarish hajmini 3 barobar oshirib, bu koʻrsatkichni yillik 150 million dollardan 410 million dollargacha olib chiqadi.
Oʻzbekistonga birinchi marta olib kelingan, eng ilgʻor texnologiyalar bilan jihozlangan ushbu zamonaviy majmualar 60 yil avvalgi eski quvvatlar oʻrnini toʻliq egallaydi.
Xususan, birinchi korxonada yiliga 660 ming tonna ammiak va 578 ming tonna karbamid ishlab chiqariladi. Bunda, bir tonna ammiak ishlab chiqarish uchun energiya sarfi 2,5 marta kamayadi.
Ikkinchi korxonada esa yiliga 500 ming tonna azot kislotasi ishlab chiqarilib, elektr energiyasi sarfi 18 marta qisqaradi.
Faqatgina ana shu ikkita loyiha evaziga ishlab chiqarilayotgan azotli oʻgʻitning tannarxi 30 foizga pasayadi.
— Bu raqamlarning ortida korxonaning minglab mehnatsevar, fidoiy ishchilari, yuqori malakali mutaxassislarning mashaqqatli, ayni vaqtda sharafli mehnati mujassam, — dedi Shavkat Mirziyoyev. Va ularga minnatdorlik bildirdi.
Davlatimiz rahbari ramziy tugmani bosib, azot kislotasi hamda ammiak va karbamid korxonalarini ishga tushirdi.
2019 yil 28 dekabr kuni Polivinilxlorid, kaustik soda va metanol ishlab chiqarish majmuasi ishga tushirilgan edi.
Bugun polivinilxlorid korxonasining ikkinchi bosqichi qurilishi boshlandi. 400 million dollar qiymatga ega boʻlgan ushbu loyiha polivinilxlorid ishlab chiqarish quvvatini yiliga 100 ming tonnadan 220 ming tonnaga, kaustik sodani esa 75 ming tonnadan 165 ming tonnaga yetkazish imkonini beradi. Shu tariqa elektrotexnika, mebelsozlik, qurilish materiallari sanoati, maishiy kimyo va boshqa sohalarda yiliga talab yuqori boʻlgan 210 million dollarlik mahsulotlar tayyorlash yoʻlga qoʻyiladi. Uni 2023 yilda ishga tushirish moʻljallangan.
Muhim tomoni — bu korxona orqali “Navoiyazot” va “Elektr kimyo zavodi” negizida yirik, oʻzaro integratsiya qilingan kimyo klasterini tashkil etish rejalashtirilgan.
Davlatimiz rahbari ushbu klaster salohiyati, istiqbolini alohida taʼkidlab oʻtdi.
— Bu klasterda yaqin yillarda umumiy qiymati 3,4 milliard dollar boʻlgan 23 ta loyiha amalga oshiriladi. Klaster doirasida 33 turdagi yuqori qiymatli mahsulotlar ishlab chiqariladi. Xususan, yil yakuniga qadar klaster doirasida kimyo, charm, mebelsozlik va qurilish materiallari sanoati uchun mahsulot ishlab chiqaradigan 2 ta loyiha ishga tushiriladi. Eng muhimi, shu asosda “Navoiyazot”da qoʻshimcha 3 mingtadan ziyod yangi ish oʻrinlari ochiladi, — dedi Prezident.
Mamlakatimizdagi iqtisodiy loyihalar oʻzaro oqilona bogʻlangan va bir birini toʻldiradi. Masalan, 2030 yilgacha 8 ming megavatt quyosh va shamol elektr stansiyalarini qurish rejalashtirilgan boʻlib, bu yiliga 5 milliard kub metr tabiiy gazni iqtisod qilish imkonini beradi. Bu gaz esa qayta ishlanib, yuqori qoʻshilgan qiymatli mahsulotlar tayyorlanadi.
— Biz ilgari asosan paxta bilan gaz sotardik. Hozir chetga sotmayapmiz, oʻzimizda qayta ishlayapmiz. Kerak boʻlsa, gaz sotib olayapmiz. Nimaga? Korxonalar koʻpayayapti, mahsulot koʻpayayapti, — dedi Shavkat Mirziyoyev.
Shu maqsadda kelgusi yillarda 6 ta kimyoviy texnologik klaster tashkil etish rejalashtirilgan. Ulardan birinchisi mazkur «Navoiyazot»dagisi.
Ikkinchi klaster Buxoro viloyatida joylashtiriladi va u yerda tabiiy gazdan polietilentereftalat (PET), polivinilatsetat (PVA), polipropilen hamda boshqa polimerlar ishlab chiqariladi. Ular asosida tayyor mahsulot va buyumlar chiqaradigan oʻnlab zamonaviy korxonalar tashkil topadi.
Uchinchi klaster Qashqadaryo viloyatida Shoʻrtan gaz-kimyo kompleksi va Dehqonobod kaliy zavodi negizida boʻladi. Unda yuvish va maishiy kimyo vositalarining asosiy komponentlari, bimodal polietilen va boshqa mahsulotlar ishlab chiqariladi.
“Fargʻonaazot” negizida boʻladigan toʻrtinchi klasterda lok-boʻyoqlar, mebel uchun melamin, toʻqimachilik sanoati uchun sunʼiy tolalar ishlab chiqarish koʻzda tutilgan.
Beshinchi klaster Qoraqalpogʻiston Respublikasida, Ustyurt hududida joylashtiriladi. Unda kalsiylangan soda, polivinilxlorid, polietilen va polipropilen ishlab chiqariladi.
Oltinchi klaster Toshkent viloyatida tashkil etiladi. Unda monoammoniyfosfat, oltingugurtli karbamid, boshqa fosforli va azotli mineral oʻgʻitlar, protein, yuvish vositalari tayyorlanadi.
Bu loyihalar natijasida 2026 yilga borib, kimyoviy tovar mahsulotlari hajmi joriy yilga nisbatan 3 marta ortadi va 2030 yilda mamlakatimiz yalpi ichki mahsulotining 7 foizini tashkil etadi.
Davlatimiz rahbari bu sohadagi ulkan loyihalar uchun malakali mutaxassislar tayyorlash zarurligini taʼkidladi.
Shu maqsadda Toshkentdagi Ulugʻbek shaharchasida kimyo sohasida ilmiy va taʼlim klasteri tashkil etiladi. Bu klaster 4 ta oliy taʼlim muassasi va kimyo boʻyicha zamonaviy ilmiy-tadqiqot markazini qamrab oladi.
Prezident polivinilxlorid ishlab chiqarish loyihasining ikkinchi bosqichi qurilishiga tamal toshi qoʻydi.