Prezidentimiz Navoiy viloyatiga tashrifi doirasida «Navoiyazot» aksiyadorlik jamiyatiga ham bordi.
Shavkat Mirziyoyev 2018 yilda ham mazkur korxonada boʻlib, bu yerda amalga oshirilayotgan uchta yirik investitsion loyiha bilan tanishgan, uni oʻz vaqtida va sifatli yakunlash boʻyicha mutasaddilarga topshiriqlar bergan edi.
Maʼlumki, “Navoiyazot” 1964 yilda ishga tushirilgan. Korxonada qishloq xoʻjaligi, neft-gaz tarmogʻi, energetika va togʻ-kon sanoati ehtiyoji uchun 70 turdan ziyod mahsulot ishlab chiqariladi. Vaqt oʻtishi bilan texnologik uskuna hamda qurilmalar jismonan va maʼnan eskirdi, koʻp miqdorda elektr energiyasi va boshqa tabiiy resurslarni sarf qilish evaziga mahsulot ishlab chiqara boshladi. Bu jihatlar eʼtiborga olinib, korxonada bosqichma-bosqich modernizatsiya ishlari amalga oshirilmoqda.
Xususan, jamiyat hududida uchta yirik investitsion loyiha – polivinilxlorid (PVX), kaustik soda va metanol ishlab chiqarish, ammiak va karbamid ishlab chiqarish hamda azot kislotasi ishlab chiqarish korxonalari qurilishi qizgʻin davom etmoqda. Bunyod etilayotgan ushbu korxonalarga zamonaviy, tejamkor texnologik uskunalar oʻrnatiladi.
Prezidentimiz ushbu yangi obyektlardagi bunyodkorlik ishlari bilan tanishdi, quruvchilar, xorijlik investorlar bilan muloqot qildi.
Polivinilxlorid, kaustik soda va metanol ishlab chiqarish loyihasining umumiy qiymati 500 million AQSH dollaridan oshadi. Qurilish ishlarini Xitoyning “China CAMC Engineering CO. LTD” va «HQC (Shanghai)» kompaniyalari konsorsiumi hamda yurtimiz mutaxassislari amalga oshirmoqda.
Korxona foydalanishga topshirilgach, yiliga import oʻrnini bosuvchi 100 ming tonna polivinilxlorid, 75 ming tonna kaustik soda, 300 ming tonna metanol tayyorlanadi. 900 dan ortiq yangi ish oʻrni yaratiladi. Mahsulotning 50 foizdan ortigʻini eksport qilish koʻzda tutilgan. Korxonani joriy yilning sentyabr oyida foydalanishga topshirish rejalashtirilgan.
Bugungi kunda bu yerda oʻrnatiladigan zamonaviy uskunalarni boshqarish uchun mamlakatimizdagi oliy taʼlim muassasalarida injener-texnolog, mexanik, energetik, iqtisodchi va dasturchilar tayyorlanyapti. Mutaxassislar mamlakatimiz va xorijdagi korxonalarda malaka oshirmoqda.
Prezidentimiz bu yerda ishlaydigan kadrlarni tayyorlash tizimini yanada takomillashtirish lozimligini qayd etdi.
“Navoiyazot” aksiyadorlik jamiyatining mavjud energiya sarfi yuqori boʻlgan ammiak ishlab chiqarish 1-2 navbatlari ekspluatatsiyadan chiqarilmoqda. Xususan, ammiak va karbamid ishlab chiqarish boʻyicha umumiy qiymati 985 million AQSH dollaridan ziyod boʻlgan loyiha amalga oshirilmoqda. Qurilish ishlari yakunlangach, bu yerda yiliga 660 ming tonna ammiak, shuningdek, 577,5 ming tonna karbamid olish, ulardan tayyorlanadigan mineral oʻgʻitlar turini oshirish imkoniyati paydo boʻladi. 491 ish oʻrni yaratiladi.
Yaponiyalik hamkorlar — “Mitsubishi Heavy Industries, Ltd” va “Mitsubishi Corporation” bilan birgalikda barpo etilayotgan majmuani 2020 yilda foydalanishga topshirish koʻzda tutilgan.
Aksiyadorlik jamiyatining azot ishlab chiqarish boʻyicha eski 1-2 navbatlari ham ekspluatatsiyadan chiqarilmoqda. Yaʼni, joriy yil yana bir loyiha – azot kislotasi ishlab chiqarish majmuasi qurilishini nihoyasiga yetkazish rejalashtirilgan. Umumiy qiymati 216,6 million AQSH dollariga teng bu ishlab chiqarish obyekti Shveysariyaning “CASALE SA” kompaniyasi tomonidan bunyod etilmoqda. Bu yerda yiliga 500 ming tonna mahsulot tayyorlash mumkin boʻladi. Shuningdek, 122 ta yangi ish oʻrni yaratiladi.
Prezidentimiz zamonaviy energiya tejamkor texnologiyalar bilan jihozlanadigan mazkur majmualar mahsulot ishlab chiqarish hajmini oshirish, tannarxini tushirish, raqobatbardoshligini taʼminlashda muhim omil boʻlishini qayd etdi.
Shu yerda Navoiy viloyatida mamlakatimizning Amerika Qoʻshma Shtatlari, Birlashgan Arab Amirliklari va Ukrainadagi elchixonalari koʻmagida amalga oshiriladigan investitsiya loyihalari taqdimoti oʻtkazildi. Prezidentga viloyatda sanoatni rivojlantirish, ishlab chiqarishni mahalliylashtirish va boshqa tarmoqlarda bajarilishi koʻzda tutilgan loyihalar haqida ham maʼlumot berildi.