Mumtoz adabiyot sohibasi, navoiyshunos olima, Oʻzbekiston Qahramoni Suyima Gʻaniyeva 86 yoshida vafot etdi.
Suyima Gʻaniyeva 1932 yil Toshkentda tugʻilgan. Oʻrta Osiyo davlat universiteti (hozirgi OʻzMU)ning Sharqshunoslik fakultetida taʼlim olgan. 1956 yildan OʻzFA Til va adabiyot institutida, Toshkent Davlat konservatoriyasida, 1993 yildan Toshkent Davlat sharqshunoslik institutida ishlab kelgan.
Olima adabiyotshunoslik, matnshunoslik va tarjimachilik sohasida yaratilgan 20 ta kitob va risolalar, 300dan ortiq maqola va taqrizlar muallifidir.
Suyima Gʻaniyeva Alisher Navoiy asarlarini nashrga tayyorlashga katta hissa qoʻshgan olimadir. «Majolis un-nafois»ning ilmiy-tanqidiy matnini, «Navoiy dastxati» kitobini oʻquvchilar hukmiga havola etgan. Alisher Navoiy mukammal asarlar toʻplami (20 tomlik)da u «Majolis un-nafois», «Mahbub ul-qulub», «Munshaot», «Vaqfiya», «Hamsat ul-mutahayyirin», «Holoti Sayyid Hasan Ardasher», «Holoti Pahlavon Muhammad», «Nazm ul-javoxir», «Muhokamat ul-lugʻatayn» kabi asarlarni izoh va tarjimalar bilan nashrga tayyorlangan.
1999 yilda Suyima Gʻaniyeva «El-yurt xizmati» ordeni, 2008 yilda «Buyuk xizmatlari uchun» ordeni bilan taqdirlangan. Abu Rayhon Beruniy nomidagi Oʻzbekiston Davlat mukofoti sovrindori, Oʻzbekiston qahramoni edi.
Suyima Gʻaniyeva 1 sentyabr kuni «Chigʻatoy» qabristoniga dafn etildi.
Gujum. uz tahririyati Suyima Gʻaniyevaning oila aʼzolari va yaqinlariga chuqur hamdardlik izhor etadi.