Toshkent shahridagi “Yangi Oʻzbekiston” bogʻida 21 mart kuni Navroʻz tantanasi boʻlib oʻtdi. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev nutq soʻzlab, xalqimizni bayram bilan muborakbod etdi, deya xabar beriladi prezident. uz rasmiy veb- saytida.
– Bu yilgi Navroʻz muqaddas Ramazon oyida, uning tabarruk fazilatlariga uygʻun holda oʻtayotgani bayramga alohida ruh, oʻzgacha fayz va quvonch bagʻishlamoqda. Qalblarimiz shodlikka toʻlgan shunday barokatli kunlarda yurtimiz moʻmin-musulmonlarini, butun islom ummatini Ramazoni sharif bilan yana bir bor qutlab, jamiki pok niyatlarimiz ijobat boʻlishini tilaymiz, – dedi Shavkat Mirziyoyev.
Davlatimiz rahbari xorijiy mamlakatlarda ona yurt mehri va sogʻinchi bilan yashayotgan vatandoshlarimizni ham tabriklab, samimiy tilaklarini izhor etdi.
Navroʻz 3 ming yillik davlatchiligimiz tarixida oʻzining beqiyos maʼnaviy ahamiyati bilan hamisha alohida eʼtibor topgan buyuk bayram ekani taʼkidlandi. Bu ayyomning betakror goʻzalligi, insonparvarlik ruhi va teran falsafasi globallashuv davrida ham butun bashariyatni hayratga solayotgani uning azaliy mohiyati va hayotbaxsh kuchidan dalolat beradi.
Navroʻzda mujassam boʻlgan bunyodkorlik ruhi Yangi Oʻzbekistonimizda amalga oshirilayotgan ulkan islohotlar va jadal oʻzgarishlarning asl mazmuni va ezgu gʻoyalariga hamohangdir. Mamlakatimizda inson qadrini ulugʻlash, ijtimoiy adolat tamoyillarini mustahkamlash, aholi daromadlari va turmush darajasini yuksaltirish yoʻlida qatʼiy qadamlar qoʻyilmoqda.
Yurtimizda koʻplab zamonaviy sanoat majmualari, infratuzilma va logistika tarmoqlari, yangi imorat va uy-joylar, bogʻcha va maktablar, oliygohlar, shifoxonalar, madaniyat va sport maskanlari bunyod etilmoqda. Shahar va qishloqlarimiz, butun yurtimiz obod boʻlib bormoqda.
“Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida diyorimizda yangi ekologik muhit yaratilmoqda. “Atrof-muhitni asrash va “yashil” iqtisodiyot yili” davlat dasturi doirasida bu jarayon yanada keng koʻlam kasb etmoqda.
Prezidentimiz nutqida yoshlar siyosatiga ham toʻxtalib, ular Yangi Oʻzbekistonning ilgʻor va qudratli kuchiga aylanib borayotganini taʼkidladi. Ulkan natijalarga erishib, yurtimiz rivoji va obroʻsini oshirayotgan aql-idrokli, bilim va malakali, sergʻayrat va ishbilarmon oʻgʻil-qizlarni sharafladi.
– Aziz farzandlarim, sizlar Vatanimiz osmonida yorqin yulduzlar boʻlib porlaydigan vaqt keldi. Yurtimizdagi beqiyos imkoniyatlarni amaliy natijalarga aylantirish uchun tinimsiz harakat qiling! Hech qachon unutmangki, ortingizda salkam 38 millionlik buyuk xalq, Prezident turibdi, – dedi Shavkat Mirziyoyev.
Navroʻzning gashti, jozibasi, ayniqsa, mahallalarda oʻtayotgan xalq sayillarida yaqqol seziladi. Milliy anʼanalarimiz oʻchogʻi boʻlgan mahalla tizimining hayotimizdagi oʻrni va taʼsiri tobora ortib bormoqda. Yoshlar tarbiyasi, osoyishtalikni taʼminlash, kambagʻallikni qisqartirish, aholini tadbirkorlikka jalb etish, ijtimoiy himoya va xotin-qizlar faolligini kuchaytirish, ekologiya va obodlik kabi biri-biridan muhim vazifalar mahallaning oʻzida hal etilmoqda.
Fursatdan foydalanib, davlatimiz rahbari 22 mart – Mahalla tizimi xodimlari kuni bilan barcha mahalla faollarini samimiy tabrikladi.
Navroʻz bagʻrikenglik va ahillik ruhi bilan yurtimizdagi barcha millat va elat vakillari uchun sevimli, tom maʼnoda umumxalq bayramiga aylangan. Shu maʼnoda, Prezidentimiz butun xalqimizga murojaat qildi:
– Bizning kuchimiz – birlik va ahillikda, qudratimiz – Vatanga mehr va sadoqatda, yutugʻimiz – oʻzimizga boʻlgan yuksak ishonchimizda!
Umumbashariy mohiyati tufayli Navroʻz Birlashgan Millatlar Tashkiloti tomonidan xalqaro bayram sifatida eʼtirof etilgan. Bu qadriyat Sharqdagi koʻplab elu elatlarni, jumladan, Markaziy Osiyo xalqlarini yanada jipslashtirmoqda. Shu oy oxirida qadimiy Xoʻjand shahrida Oʻzbekiston, Tojikiston va Qirgʻiziston yetakchilarining uch tomonlama uchrashuvi oʻzaro ahillik yoʻlida yana bir amaliy qadam boʻladi.
Davlatimiz rahbari bayramda ishtirok etayotgan elchilar va xalqaro tashkilotlar vakillarini xalqaro Navroʻz kuni bilan qutlab, ularning xalqlariga doʻstlik salomini yoʻlladi.
Bayram katta konsert dasturi bilan davom etdi. Unda yurtimiz sanʼatkorlaridan tashqari Turkiya, Turkmaniston, Ozarbayjon, Qozogʻiston, Qirgʻiziston, Tojikiston kabi qardosh oʻlkalarning taniqli xonandalari ham qatnashgani diqqatga sazavor boʻldi.
“Yangi Oʻzbekiston” bogʻi bayram shukuhiga burkangan. Maydonchalar alvon gullar va bayroqlar bilan bezatilgan. Milliy madaniyat markazlarining koʻrgazmalarida yurtimizdagi totuvlik va boy madaniy xilma-xillik namoyon.
Davlatimiz rahbari ushbu koʻrgazmalarni va folklor-etnografik jamoalarning kuy-qoʻshiqlarini tomosha qildi.
Navroʻz sayillari yurtimizning barcha goʻshalarida davom etmoqda. Dehqonlar xalqimizning rizq-roʻzi umidida yerga baraka urugʻlari ekmoqda. Mahallalarda obodonchilik, mehr-muruvvat tadbirlari oʻtkazilmoqda.