Neft-gaz sohasi samaradorligi va istiqbollari muhokama qilindi

0
201
marta koʻrilgan.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida 25 yanvar kuni “Oʻzbekneftgaz” aksiyadorlik jamiyati tizimida geologiya-qidiruv va qazib olish ishlari samaradorligi, yoqilgʻi materiallari bilan ichki ehtiyojni taʼminlashning ahvoli, tizimdagi istiqbolli vazifalar ijrosiga bagʻishlangan yigʻilish boʻlib oʻtdi. Bu haqda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Matbuot xizmati xabar qildi.

Oʻzbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yoʻnalishi boʻyicha Harakatlar strategiyasiga muvofiq, neft-gaz sanoati sohasida ham qator oʻzgarishlar amalga oshirildi. Jumladan, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 30 iyundagi «Neft-gaz sohasining boshqaruv tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida»gi qarori bilan “Oʻzbekneftgaz” aksiyadorlik jamiyati boshqaruv tizimi takomillashtirildi.

Uglevodorod xom ashyosini qazib olishni koʻpaytirishning 2021 yilgacha boʻlgan dasturi va uni amalga oshirish mexanizmlari tasdiqlandi.

Mamlakatimizda yer osti boyliklari koʻp. Ularni oʻzlashtirish va qayta ishlash boʻyicha yangi tizim yaratildi. Xoʻsh, yurtimiz boyliklari xalqimizga qanday manfaat keltirmoqda, dedi davlatimiz rahbari.

2017 yilda neft va gaz kondensati qazish, suyultirilgan gaz ishlab chiqarish boʻyicha belgilangan reja bajarilgan. Lekin tarmoqda yillar davomida koʻplab muammolar toʻplanib qolgan.

Zaxiralar yetarli darajada oshirib borilmagani sababli 2017 yilda tabiiy gaz qazish va neft mahsulotlari ishlab chiqarish prognozi yetarli darajada bajarilmagan. Geologiya-qidiruv jarayonidagi burgʻilash hajmi boʻyicha prognoz 77 foizga bajarilgan. Agar bu ishlar toʻliq ado etilganida zaxirani yanada oshirish mumkin boʻlar edi.

Shuningdek, ekspluatatsion burgʻilash ishlari prognozi 49 foizga va qurilishi tugatilgan quduqlar soni prognozi 53 foizga bajarilgan, xolos.

Tabiiy gaz qazish quvvatlari hamda tarqatish tarmoqlarini modernizatsiya qilish va taʼmirlash ishlari ham yetarli darajada emas. Buning oqibatida gaz qazib olishdan boshlab, uni isteʼmolchiga yetkazib berguncha ushbu tabiiy boylikning 6 foizi yoʻqotilmoqda.

Prezidentimiz shu kabi kamchiliklarni tanqidiy tahlil qilar ekan, uglevodorod zaxiralarini oshirish va qazib chiqarishni koʻpaytirish borasidagi muhim vazifalarni belgilab berdi.

Geologiya-qidiruv ishlari davlat dasturiga muvofiq, yangi konlar ochish orqali 2018 yilda tabiiy gaz zaxirasini 57 milliard kub metrga, neft va kondensat zaxirasini 3,6 million tonnaga koʻpaytirish zarurligi taʼkidlandi.

Joriy yilda 63 milliard kub metr tabiiy gaz, 3 million tonna neft va kondensat qazib olishni taʼminlash uchun 255 ta yangi quduq va 26 ta yangi texnologik obyektni qurish ishlarini yakunlash, 76 ta quduqni kapital taʼmirdan chiqarish lozimligi qayd etildi.

“Oʻzbekneftgaz” AJ tomonidan 2 milliard 756 million dollarlik 24 ta investitsiya loyihasi amalga oshirilishi rejalashtirilgan. Bu mablagʻlar Jizzax neftni qayta ishlash zavodini bunyod etish va zamonaviy texnologiyalar bilan taʼminlash, Qandim gazni qayta ishlash kompleksining 2-navbati va Qandim konlar guruhini jihozlash, Shoʻrtan gaz-kimyo majmuasida sintetik suyuq yoqilgʻi ishlab chiqarish, Surxondaryodagi “Mustaqillikning 25 yilligi” konida qidiruv ishlarini olib borish va texnik-iqtisodiy asoslarini ishlab chiqish kabi loyihalarga yoʻnaltiriladi.

Yigʻilishda mamlakatimiz iqtisodiyotiga jalb etilayotgan investitsiyalarning yarmidan koʻpi neft-gaz sohasi hissasiga toʻgʻri kelishi, sarflangan har bir dollar iqtisodiy foyda keltirishi zarurligi taʼkidlandi.

Davlat manfaatlari nuqtai nazaridan, mahsulot taqsimlash kelishuvlari va qoʻshma korxonalar shartlarini qayta koʻrib chiqish boʻyicha topshiriqlar berildi.

Sohaning logistika yoʻnalishlarini diversifikatsiya qilish, xom ashyo importi va mahsulot eksporti narxlarining arzonroq boʻlishini kafolatlaydigan transport yoʻlaklari va tariflarini aniqlash, energiya isteʼmolini tejash va muqobil energiya manbalaridan foydalanishni kengaytirish masalalariga eʼtibor qaratildi.

Gaz taqsimlash tizimi jismonan eskirgani va isteʼmolchilarga tabiiy gaz yetkazib berishda yoʻqotishlarga yoʻl qoʻyilayotgani tanqid qilindi. Xorijiy kompaniyalar bilan hamkorlikda yuqori va oʻrta bosimli gaz taqsimot tizimini rivojlantirish, avtotransportlarni gazga oʻtkazish boʻyicha koʻrsatmalar berildi. Shuningdek, isteʼmolchilarning energiya resurslaridan samarali foydalanish madaniyatini oshirish muhimligi qayd etildi.

Neft-gaz sohasini 2030 yilgacha rivojlantirish konsepsiyasini ishlab chiqish, “Oʻzbekneftgaz” aksiyadorlik jamiyatining kredit reytingini aniqlash ishlarini jadallashtirish boʻyicha ham vazifalar belgilandi.

Muhokama qilingan masalalar boʻyicha zarur hujjatlar qabul qilish va belgilangan chora-tadbirlarni oʻz vaqtida amalga oshirish yuzasidan tegishli topshiriqlar berildi.

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.