Nega Rossiya universiteti tanlangani va uning filiali nega aynan Samarqandda ochilayotganiga izoh berildi

0
260
marta koʻrilgan.

Bugun Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida Prezident qarori asosida Rossiya davlat jismoniy tarbiya, sport, yoshlar va turizm universitetining Samarqand filiali tashkil etilishiga doir masalalar muhokamasiga bagʻishlangan muloqot boʻlib oʻtdi.

Filialga talabalar basketbol, voleybol, yengil atletika, eshkak eshish, tennis, futbol  yoʻnalishlari boʻyicha oʻqishga qabul qilinishi maʼlum qilindi.

“Rossiyada sport yoʻnalishi boʻyicha birinchi raqamli oliy oʻquv yurti hisoblanadi, — dedi Jismoniy tarbiya va sport boʻyicha ilmiy-metodik taʼminlash, mutaxassislarni qayta tayyorlash va malakasini oshirish markazi direktori Ilhomjon Tursunaliyev. — Bugungi kunda mazkur dargohda 60 mingdan ortiq mutaxassis yetishib chiqqan, shundan 5 mingdan ortigʻi xorijga tayyorlab berilgan. Hozir bu yerda 6800 dan ortiq talaba tahsil olmoqda. Reyting boʻyicha top-1000 talikka kirgani va ilmiy salohiyati jahonda yuqori boʻlgani uchun aynan Rossiyaning shu universitetini tanladik”.

Mutasaddilar mazkur muassasaning Oʻzbekistonda ochilayotganining ahamiyati va sabablari haqida tushuncha berdi.

“Oʻzbekiston Olimpiya oʻyinlari, Osiyo va Jahon chempionatlari, nufuzli xalqaro musobaqalarda juda koʻp yutuqlarga erishmoqda, — dedi Ilhomjon Tursunaliyev. — Lekin erishayotgan yutuqlarimizning hammasi — yakka kurash sport turlari boʻyicha. Shuning uchun biz sport oʻyinlari va jamoaviy sport turlarini rivojlantirishga eʼtibor qaratmoqdamiz. Masalaning yana bir muhim tomoni bor. Biz mamlakatimizdagi sport taʼlim muassasalarini oʻrganib chiqdik. Hozirda ularda ishlayotgan mutaxassislarning 51 foizi oʻrta maxsus maʼlumotli. Shulardan kelib chiqib, biz Rossiya davlat jismoniy tarbiya, sport, yoshlar va turizm universitetini tanlashga qaror qildik”.

Jurnalistlar ushbu oliy oʻquv yurtiing filiali nega aynan Samarqand viloyatida ochilayotgani haqida savol berishdi.

“Bitta taʼlim muassasasi, yaʼni Chirchiq shahridagi Oʻzbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universiteti butun Oʻzbekistonga sport yoʻnlishida kadr yetkazib berishda imkoniyatlari chegaralangan, — dedi Ilhomjon Tursunaliyev. — Maqsad — kadrlar tayyorlash jarayonini yangi sifat bosqichiga olib chiqishda sogʻlom raqobatni shakllantirish. Chirchiqda joylashgan universitetga Toshkent shahri, Toshkent viloyati, Jizzax, Sirdaryo, vodiy hududida yashovchi aholi toʻgʻridan-toʻgʻri, hech qanday toʻsiqlarsiz hujjat topshirsa boʻladi. Rossiya universiteti filialini vohada ochganimizning sababi — Surxondaryo, Qashqadaryo, Buxoro, Xorazm kabi nisbatan olis regionlardagi fuqarolarning taʼlim olishi uchun imkon yaratish. Samarqand geografik nuqtai nazardan markazroqda joylashgan”.

Taʼkidlanishicha, filialda taʼlim rus tilida olib boriladi. Oʻqishga qabul qilishda imtihon sinovlari ham dastavval rus tilidan suhbat koʻrinishida oʻtkaziladi, keyin sport turlari boʻyicha umumiy jismoniy taryorgarlik, maxsus jismoniy tayyorgarlik boʻyicha sinovlar oʻtkaziladi.

Samarqand filialida davlat granti va shartnoma asosida taʼlim olish imkoni mavjud ekani, shartnoma toʻlovi 2000 AQSH dollari etib belgilangani qayd etildi.

Darsliklar va oʻquv qoʻllanmalar Rossiya universiteti tomonidan yetkazib beriladi.

Filial bitiruvchilariga Oʻzbekiston Respublikasida oliy maʼlumot toʻgʻrisidagi hujjat sifatida tan olinadigan Rossiya davlat jismoniy tarbiya, sport, yoshlar va turizm universitetining belgilangan namunadagi diplomi beriladi.

Filialning oʻquv binosi va sport inshootlari qurilishi 1 oktyabrga qadar yakunlanishi bildirildi. 

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.