Neyming (nom yaratish) texnologiyasi asoslaridan xabardormisiz?

0
450
marta koʻrilgan.

Oʻzbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligi tomonidan moliyalashtirilgan Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat oʻzbek tili va adabiyoti universitetida bajarilgan “Oʻzbek tilida neyming: meʼyoriy-huquqiy asoslarini yaratish” mavzusidagi amaliy loyiha yakunlandi.

Loyihaning asosiy maqsadi ishlab chiqarish, savdo obyektlari, mahsulotlar, uning brendiga nom qoʻyish jarayonini yengillashtirish, xalqimizning milliy anʼanalari va mentalitetiga yot boʻlgan toʻqima nomlarning oldini olish, yangi nomlarning oʻzbek adabiy tili meʼyorlariga mos boʻlishini taʼminlash maqsadida tadbirkorlik subyekti bilan shugʻullanuvchi ommani neyming texnologiyasi asoslaridan xabardor qilish, ularga uslubiy koʻrsatmalar berish, savdo brendlari nomlarining zahirasini yaratish, oʻzbek  xalqining milliy-madaniy qarashlari, mentaliteti hamda oʻzbek adabiy tili meʼyorlariga asoslangan nom yaratishning elektron dasturiy taʼminotini yaratish hamda internet tarmogʻida neyming xizmatini tashkil qilish, umuman, oʻzbek tilida neyming (nomlash)ning amaliy va huquqiy mexanizmini  ishlab chiqishdan iborat edi.

Mavzu boʻyicha hisobot davrida quyidagi ishlar bajarildi: Hisobot davrida loyiha ishtirokchilari tomonidan  2ta monografiya, 1ta lugʻat, 2ta lugʻat- koʻrsatkich, 1ta oʻquv qoʻllanma, 1ta  dasturiy taʼminot, 82 ta ilmiy maqola (jumladan xorijda 21 ta, shundan, SCOPUS bazasida 6ta, IMPACT FACTOR 15ta): Oliy attestatsiya komissiyasi (OAK) roʻyxatidagi jurnallarda 13ta maqola chop etilgan, xalqaro va respublika miqyosidagi ilmiy anjumanlarda 30dan ortiq  maʼruza qilindi; radio va televideniyedagi eshittirish va koʻrsatuvlarda 20 martadan ortiq chiqish qilindi.

Oʻzbek tilida mavzuiy neymlar bazasini shakllantirish boʻyicha mavjud nomlar kartotekasini yaratish ishlari ustida ish olib borildi. Bu boʻyicha 30dan ortiq mavzuiy guruhlar shakllantirildi hamda mavzulashtirilgan holda 80 mingdan ortiq nom (neym)lar zahirasi shakllantirildi.

Loyiha gʻoyalari asosida Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Savdo, ishlab chiqarish va xizmat koʻrsatish obyektlariga nom berishni takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2021 yil 16 martdagi 144-son qarori qabul qilindi.

        Ushbu qonunga asosan loyiha natijalari tijoratlashtirildi: 2021 yilning aprelidan boshlab, universitetimiz huzuridagi Davlat tili asoslarini oʻqitish va malaka oshirish Markazi va uning hududiy boʻlinmalarida  “Nomlash xizmati” tashkil qilindi.

Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi huzuridagi Intellektual mulk agentligidan «Savdo, ishlab chiqarish va tadbirkorlik subyektlari uchun Milliy nomlash xizmati» avtomatlashgan axborot tizimi uchun guvohnoma olindi.

Ushbu axborot tizimi orqali murojaat qilgan tadbirkorlik subyektlariga firma, korxona, umumiy ovqatlanish, savdo va xizmat koʻrsatish obyektlariga hamda mahsulotlariga davlat tilida nom yaratib berilmoqda. Universitet tomonidan 2021 yilning ikkinchi yarmidan boshlab   tadbirkorlik subyektlariga xoʻjalik shartnomasi asosida neyming xizmatlari koʻrsatib kelinmoqda.

Loyiha doirasida bitta doktorlik dissertatsiyasi bajarilmoqda. Men “Oʻzbek tili ergonimlarining struktur-semantik, lingvomadaniy va pragmatik xususiyatlari” ilmiy ishimni amalga oshirmoqdaman.

Loyiha natijalarining amaliyotga tatbiqi sifatida  60230700 – Amaliy filologiya taʼlim yoʻnalishi oʻquv dasturiga “Neyming nazariyasi va amaliyoti” fani kiritildi.

Muyassar SAPARNIYAZOVA, Alisher Navoiy nomidagi ToshDOʻTAU Amaliy filologiya kafedrasi dotsenti

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.