Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi va Senatining qoʻshma majlisida
Oʻzbekisiton Respublikasi Prezidentligiga saylangan Shavkat Mirziyoyevning
tantanali qasamyodiga bagʻishlangan marosimdagi nutqiga
MUNOSABAT
Barchamiz uchun ulkan tarixiy voqea – Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentligiga oʻtkazilgan saylov mamlakatimiz, qolaversa, butun xalqimiz uchun yangi davrni boshlab berdi. Ushbu muhim siyosiy jarayonda eldoshlarimizning yurt taqdiriga daxldorlik hissi yanada oshib, siyosiy ongi va dunyoqarashi yuksaldi, eʼtiqodi yanada mustahkamlandi. Yurtimizdagi har bir fuqaro chin maʼnoda Yangi Oʻzbekiston uchun ovoz berdi va oʻz tanlovida aslo adashmadi.
Xalqimiz oʻz taqdiri, tinch-osoyishta, farovon hayoti uchun ham buyuk istiqbol sari boshlovchi yangi taraqqiyot yoʻlini tanlamoqda. Endilikda, bizni yangi davr qarshilamoqda. Bu esa yurtimiz uchun barcha sohalarda tub burilish va ulkan oʻzgarishlar davri boʻlishi shubhasiz. Oʻzbekiston Respublikasi saylangan Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tantanali qasamyodiga bagʻishlangan marosimdagi nutqida taʼkidlaganidek, “Kechagi natija, kechagi qarash va mezonlar endi tarix. Ular endi bizni qoniqtirmaydi. Yangi davr uchun yangi gʻoya va tashabbuslar kerak, yangi natijalar kerak. Shundagina u tom maʼnoda yangi davr boʻladi”.
Mamlakatimizda olib borilayotgan keng koʻlamli xalqchil islohotlar bardavomligi va taʼsirchanligini taʼminlash oldda turgan dolzarb vazifalardan sanaladi. Zero, xalqimiz umid bogʻlagan va intiqlik bilan kutayotgan ertangi hayotimiz, yorugʻ kelajagimiz kafolati bugungi ulkan tashabbuslarning amaliy natijalari, ijobiy samaralarida oʻz ifodasini topadi. Bu esa oʻz navbatida har bir imkoniyatdan oqilona foydalanishga undaydi. Davlatimiz rahbarining taʼbiri bilan aytganda, “qudratli xalqimizga tayanib, aql-zakovatimiz, bilim va tajribamizni ishga solib, islohotlarimiz surʼati va samarasini yanada oshiramiz, hech qachon susaytirmaymiz. Qanchalik qiyin va mashaqqatli boʻlmasin, tanlagan yoʻlimizdan ortga qaytmaymiz”.
Biz ham bu yoʻldan dadil va mardonavor borishga, mamlakat taraqqiyoti, yurt ravnaqi, xalqimiz farovonligi uchun sidqidildan mehnat qilib, bor bilim-salohiyatimizni, shijoatimizni bagʻishlashga, kamarbasta boʻlishga astoydil intilamiz!
Nigora Qutlimuratova, Xorazm viloyati hokimining oʻrinbosari, Oila va xotin-qizlar boshqarmasi boshligʻi