Nihoyat. Xorazm viloyat hokimi ham uzr soʻradi

0
255
marta koʻrilgan.

Xorazm viloyati hokimi Farhod Ermanov ijrosida kutilgan uzr soʻrash ham nihoyat amalga oshdi. Eslatib oʻtamiz, Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning tanqididan soʻng Fargʻona viloyati hokimi Shuhrat Gʻaniyev va Qashqadaryo viloyati hokimi Zafar Roʻziyev uzr soʻragan edi. Prezident talab qilgan hokimlardan faqat Xorazm hokimining uzr soʻrashi kutilayotgandi.

«Hurmatli eldoshlar, hurmatli Ashxobod mahallasi ahli, butun Xorazm viloyati jamoasi, bugun men juda katta iztirob bilan oldingizda turibman. Biz oʻylamay qilgan ishimiz natijasida, Ashxobod mahallasi aholisiga katta aziyat yetkazdik. Bu yerda men oʻzimni aybdor, deb bilaman.

Agar biz hammasini oldindan hisob-kitob qilib, xalq bilan maslahatlashib ishlaganimizda bunday gap-soʻzlar boʻlmas edi. Oʻylamay bosilgan qadam natijasida mahalla ahliga nafaqat moddiy, balki sogʻlik masalasida ham muammo keltirdik. Oʻylanmay qilingan ishning oxiri nimaga olib kelishini koʻrib, bilib, afsuslanib turibmiz.

Viloyat hokimining vakolatiga xalqning dahlsizligi, uning moddiy neʼmatlarini asrash kiradi. Ammo men qoʻl ostimdagi odamlar bilan qilgan ishimiz umuman toʻgʻri kelmasligini bilib turibmiz. Men butun Xorazmdan kechirim soʻrashim kerakki, chunki bunday ishlar nafaqat Ashxobod mahallasida, balki boshqa tumanlarda ham boʻlmagan, deb kafolat berishdan yiroqman.

Bugundan boshlab yana barcha ishlarni sarhisob qilib, barchasini joy-joyiga qoʻyishga soʻz beraman», — deydi Farhod Ermanov.

Prezident Shavkat Mirziyoyev Xorazm viloyati hokimi Farhod Ermanov haqida shunday degan edi:

«Xorazm viloyati hokimi janob Ermanov mening siyosatimga eng katta dushmanlik qilganlardan biri. Urganch shahar hokimini jinoiy javobgarlikka tortamiz, desam, advokat boʻlib, bosh vazirimizga iltimos qilding. Mana, sening menga qilgan «doʻstliging». Sen va mening siyosatim toʻgʻrisidagi bugun chiqqan izohlarni oʻqi.

Sen noinsof menga doʻst boʻlsang, buzish qoʻlingdan kelmas ekan, nima qilasan u yerni buzib? Mana, izohlarni oʻqi. Bosh vazir borganidan soʻng odamlar nima deb yozayapti? Sening surating yoʻq bu yerda. Bosh vazirniki turibdi va prezidentning siyosatiga laʼnat aytishyapti.

Atrofingda oʻtirgan odamlaring bilan mana menga qilgan dushmanliklaring. Buzishdan oldin kallang bilan oʻylab koʻrmaysanmi, buzgandan foyda bormi yoki yoʻq? U noinsoflarga shuncha pul berdik 30-50 milliardlab, nima qilasan u pulni? Katta xolangning pulimi u moliya vazirligining puli? Yo Oʻzbekistonga oʻtkazib qoʻygan joying bormi?

Birovni ishdan olish, jinoiy javobgarlikka tortish kerak boʻlsa darrov advokatga aylanasizlar.

Bularni oʻqib men qanday kabinetimda tinch oʻtira olay?» — degan edi prezident.

Manbaa:  Xabar.uz (unda videoni koʻrib tinglash mumkin).

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.