Noyob Kongress-xoll har qanday formatdagi yirik anjumanlarni qabul qiladi

0
179
marta koʻrilgan.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 25 iyun kuni Tashkent City qurilish maydoniga tashrif buyurdi, deya xabar beriladi prezident. uz rasmiy veb- saytida.     

Mazkur xalqaro biznes markazi sakkizta lotga ajratilgan holda barpo etilmoqda. Shu paytgacha 7 million kub metr tuproq ishlari bajarilib, ellikdan ziyod binoga mustahkam poydevor yaratildi. Bugungi kunda beton karkaslar va devorlar qurish, muhandislik tarmoqlari tortish ishlari olib borilmoqda. 

Kongress-xoll va Hilton mehmonxonasi qurilayotgan 5-lot eng ilgʻor maydonlardan biri. Ushbu binolarda temir-beton, metall konstruksiya va tom yopish ishlari yakunlangan boʻlib, qurilish hajmining sakson foizdan ziyodi bitgan. Hozirda elektr tarmoqlarini montaj qilish, ichki pardozlash va mexanika ishlari bajarilmoqda. 

Davlatimiz rahbariga avvalgi tashrif chogʻidagi koʻrsatmalarning ijrosi haqida maʼlumot berildi. Jumladan, ulkan kongress-xollda barcha formatdagi xalqaro tadbirlar tashkil etish uchun zamonaviy sharoitlar yaratilmoqda. Bu yerda sammitlar, ular doirasida ikki tomonlama uchrashuv va muzokaralarni yuqori darajada oʻtkazish mumkin boʻladi. Katta delegatsiyalar vakillari, ommaviy axborot vositalari xodimlari, xizmat koʻrsatuvchilar uchun zarur qulayliklar yaratiladi. 

Prezident Kongress-xollga tutash qurilgan 21 qavatli, besh yulduzli Hilton mehmonxonasini ham kirib koʻrdi. Shu yerda mahalliy va xorijiy investorlar bilan suhbatlashdi.

Davlatimiz rahbari Kongress-xoll va mehmonxonada yuqori darajada xizmat  koʻrsatishni yoʻlga qoʻyib, muntazam daromad topishni taʼminlash, hududda barpo etiladigan istirohat bogʻida yurtdoshlarimiz va turistlar uchun keng sharoitlar yaratish boʻyicha koʻrsatmalar berdi.

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.