Jumladan, sohaga oid 10 dan ortiq qonun hujjatlari qabul qilindi, nuroniylarning ijtimoiy faolliklarini qoʻllab-quvvatlash maqsadida “Faxriy murabbiy” ordeni va “Mehnat faxriysi” koʻkrak nishoni taʼsis etildi.
Keksalar uchun 152 ta tuman va shaharda “Nuroniylar maskani” majmualari tashkil etildi, barcha ishlovchi pensionerlarga pensiyalarni toʻliq miqdorda toʻlash yoʻlga qoʻyildi, viloyatlar, tumanlar va shaharlarda nuroniylar jamoatchilik kengashlari, mahallalarda “Keksalar maslahati” guruhlari tashkil etildi, “Keksalar haftaligi” va “Keksalar uchun turizm oyligi”ni oʻtkazish anʼanaga aylandi.
Shu bilan birga, mamlakatimizda keksalarni har tomonlama qoʻllab-quvvatlash, ularning turmush darajasi va ijtimoiy faolliklarini yanada oshirish maqsadida:
1. Belgilansinki, Mahalla va nuroniylarni qoʻllab-quvvatlash vazirligi unga yuklatilgan asosiy vazifa va faoliyat yoʻnalishlaridan kelib chiqib, mahallalarda nuroniy va keksalar bilan ishlarni takomillashtirish yoʻnalishida quyidagi tadbirlarni amalga oshiradi:
mahallalarda “Bir nuroniy oʻn yoshga masʼul” tamoyilini qaror toptirishda tashabbuskorlik koʻrsatayotgan ijtimoiy faol nuroniylarni moddiy va maʼnaviy qoʻllab-quvvatlash;
vazirlik va idoralar, xoʻjalik birlashmalari, tashkiliy-huquqiy shaklidan qatʼi nazar, korxona va tashkilotlardagi “Faxriylar kengashlari”, fuqarolar yigʻinlaridagi “Keksalar maslahati” guruhlarining faoliyatini muvofiqlashtirish;
mehnat faxriylarining mahallalarda tinchlik va osoyishtalikni taʼminlash, ijtimoiy-maʼnaviy muhitni sogʻlomlashtirishdagi ishtirokini kengaytirish;
“Hech kim mehr va eʼtibordan chetda qolmasin” shiori ostida ijtimoiy himoyaga muhtoj boʻlgan keksalar va nuroniylar holidan doimiy xabar olish tizimini tashkil qilish hamda ijtimoiy himoya dasturlari doirasida davlat xizmatlari koʻrsatilishini taʼminlash;
keksalar va faxriylarning ijtimoiy faolligini oshirish maqsadida “Nuroniylar maskani” majmualarida va mahallalarda turli madaniy-maʼrifiy tadbirlar oʻtkazish;
fuqarolar yigʻinlari raislarining keksalar va faxriylar ishlari boʻyicha maslahatchilari va mahallalardagi boshqa jamoatchilik tuzilmalarining samarali faoliyat koʻrsatishini taʼminlash.
2. Mahalla va nuroniylarni qoʻllab-quvvatlash vazirligi (S.T.Turdiyev):
a) ikki oy muddatda Yoshlar ishlari agentligi (A.Z.Saʼdullayev) Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi (M.M.Xodjimatov) bilan birgalikda “Bir nuroniy oʻn yoshga masʼul” tamoyili asosida mahallalarda hayotiy va katta amaliy tajribaga ega boʻlgan obroʻ-eʼtiborli nuroniylar va ziyolilarni ishsiz, tarbiyasi ogʻir va muammoli yoshlarga biriktirish orqali ularni jamiyat uchun foydali insonlar boʻlib yetishishlariga koʻmaklashish dasturlarini ishlab chiqsin.
Belgilansinki, mahallalardagi yoshlarning tarbiyasi va axloqida boʻlgan ijobiy oʻzgarishlardan kelib chiqib nuroniy va ziyolilar Oʻzbekiston faxriylarining ijtimoiy faoliyatini qoʻllab-quvvatlash “Nuroniy” jamgʻarmasi (keyingi oʻrinlarda – Jamgʻarma) mablagʻlari hisobidan ragʻbatlantirib boriladi;
b) fuqarolar yigʻinlari tomonidan nuroniylar tashabbusi va tajribasidan keng foydalangan holda “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida obodonlashtirish va koʻkalamzorlashtirish ishlarini amalga oshirish boʻyicha mahallalarning dasturlari qabul qilinishini taʼminlasin;
v) fuqarolar yigʻinlarida “Keksalar maslahati” guruhlarining jamoatchilik nazorati yoʻnalishidagi faoliyatini samarali tashkil etsin.
Bunda, mahallalarda aholiga koʻrsatiladigan tibbiy xizmatlar, maktablarda oʻquvchilarning darslarni oʻzlashtirishi, davomati, bandlikka koʻmaklashish markazlari tomonidan fuqarolarni ish bilan taʼminlash darajasi va boshqa davlat xizmatlarining koʻrsatilishi boʻyicha nuroniylarning jamoatchilik nazorati oʻrnatiladi.
3. Mahalla va nuroniylarni qoʻllab-quvvatlash vazirligi va Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligining xodimning pensiya yoshiga toʻlganligi munosabati bilan u bilan tuzilgan mehnat shartnomasini ish beruvchining tashabbusi bilan bekor qilish tartibini taqiqlash toʻgʻrisidagi taklifiga rozilik berilsin.
Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi (N.B.Xusanov) manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda xodimning pensiya yoshiga toʻlganligi munosabati bilan ish beruvchining tashabbusi bilan mehnat shartnomasini bekor qilishni taqiqlash boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi qonuni loyihasini ishlab chiqsin va belgilangan tartibda Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.
4. Belgilansinki, 2022 yil 1 apreldan boshlab:
a) Jamgʻarma mablagʻlari hisobidan oʻzgalar parvarishiga muhtoj boʻlgan yolgʻiz keksalar va yolgʻiz yashaydigan keksalar har yili bir marotaba sanatoriylarda bepul sogʻlomlashtiriladi;
b) Jamgʻarma mablagʻlari hisobidan sharoiti ogʻir va kam taʼminlangan keksalarga shifokorlarning retseptlariga asosan 3 oylik ehtiyojdan kelib chiqib dori vositalari, tibbiy va maxsus protez-ortopediya moslamalari olib beriladi hamda jarrohlik amaliyotlarining xarajatlari qoplanadi;
v) Jamgʻarma mablagʻlari hisobidan ogʻir tashxisli kasalliklari hamda nogironligi boʻlgan keksalarga shifokorlarning retseptlariga muvofiq, 3 oylik ehtiyojdan kelib chiqib dori vositalarining 50 foizigacha boʻlgan summasi kompensatsiya qilinadi.
Bunda, dori vositalarining roʻyxati Sogʻliqni saqlash vazirligi bilan kelishiladi hamda Mahalla va nuroniylarni qoʻllab-quvvatlash vazirligining qarori qabul qilingan kundagi dori vositalarining tegishli summasi kompensatsiya qilinadi;
g) Jamgʻarma mablagʻlari hisobidan keksalarning jismoniy tarbiya va sport yoʻnalishidagi muassasalarda (stadion, sport zallari, basseyn va boshqa sport majmualari) jismoniy tarbiya va sport bilan shugʻullanishlari uchun abonement xarajatlari qoplanadi.
Bunda, abonement xarajatlarining bir oylik summasi bazaviy hisoblash miqdorining 2 baravaridan oshmagan holda sport yoʻnalishidagi muassasalarning hisob raqamiga oʻtkazib boriladi;
d) Jamgʻarma mablagʻlari hisobidan davlat teatrlari va muzeylariga keksalar uchun chipta narxlari toʻliq qoplab beriladi.
Mahalla va nuroniylarni qoʻllab-quvvatlash vazirligi (S.T.Turdiyev) Moliya vazirligi (T.A.Ishmetov), Sogʻliqni saqlash vazirligi (B.A.Musayev) bilan birgalikda bir oy muddatda mazkur bandda koʻrsatilgan chora-tadbirlarni Jamgʻarma mablagʻlari hisobidan moliyalashtirish va mablagʻ ajratishni tartibga soluvchi normativ-huquqiy hujjat loyihasini ishlab chiqsin va belgilangan tartibda qabul qilinishini taʼminlasin.
5. Mahalla va nuroniylarni qoʻllab-quvvatlash vazirligi (S.T.Turdiyev) Turizm va madaniy meros vazirligi (U.A.Azamov) bilan birgalikda:
keksalarning respublikamizdagi diqqatga sazovor joylarga sayyohlik safarlarini tashkil etish maqsadida Jamgʻarmaga ajratilgan mablagʻlar hisobidan ikkita zamonaviy avtobus xarid qilsin;
sayyohlik safarlarini uyushtirish boʻyicha tarixiy shaharlar va diqqatga sazovor joylarning roʻyxatini shakllantirsin hamda tumanlar (shaharlar) kesimida avtobuslar qatnovlari grafigini tasdiqlasin;
2022 yil uchun grafikda belgilangan safarlarni uyushtirish joyi, vaqti haqida ommaviy axborot vositalari va axborot tarqatishning boshqa manbalari, shu jumladan, “Nuroniy” elektron platformasi orqali hududlar aholisini kamida uch oy oldindan xabardor qilish tizimini yoʻlga qoʻysin.
6. 2022 yilda Jamgʻarma mablagʻlarining amalda oʻzlashtirilishiga qarab Davlat byudjetidan 50 milliard soʻm ajratilsin.
Moliya vazirligi (T.A.Ishmetov) Mahalla va nuroniylarni qoʻllab-quvvatlash vazirligining asoslangan hisob-kitoblariga muvofiq kelgusi yillarda Jamgʻarmaning asosiy vazifalarini amalga oshirish uchun zarur mablagʻlarning Davlat byudjeti parametrlarida nazarda tutilishini taʼminlasin.
7. Mahalla va nuroniylarni qoʻllab-quvvatlash vazirligi (S.T.Turdiyev), Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi (Sh.X.Shermatov) bilan birgalikda:
a) 2022 yil 1 oktyabrga qadar Jamgʻarmaning “Nuroniy” elektron platformasi va yagona elektron bazasi faoliyatini yoʻlga qoʻysin hamda Jamgʻarmaning faoliyati toʻgʻrisidagi batafsil maʼlumotlarning platformada joylashtirib borilishini va ommaviy axborot vositalarida keng yoritilishini taʼminlasin.
Belgilansinki:
Jamgʻarma mablagʻlarining sarflanishi, shu jumladan, mablagʻ oluvchilar va xizmatlardan foydalanganlar toʻgʻrisidagi maʼlumotlar, shuningdek, Davlat byudjetidan ajratiladigan mablagʻlar va ularning ijrosi toʻgʻrisidagi maʼlumotlar belgilangan tartibda hisobot choragi yakuni bilan Jamgʻarmaning rasmiy veb-saytiga joylashtirib boriladi;
Jamgʻarma oʻz mablagʻlarining sarflanishiga oid masalalarni muhokama qilishga keng jamoatchilikni jalb qilgan holda oʻz faoliyatining auditorlik tekshiruvi natijalari hisobotini ommaviy axborot vositalariga taqdim etib boradi;
b) 2022 yil 1 sentyabrga qadar byudjetdan tashqari Pensiya jamgʻarmasi bilan hamkorlikda keksalarga oid maʼlumot va yangiliklarni ularning mobil telefon raqamlariga SMS-xabarnoma yuborish orqali maʼlum qilib borishni tashkil qilsin;
v) 2022 yil 1 dekabrga qadar Jamgʻarmaning yagona elektron maʼlumotlar bazasiga keksalarning ijtimoiy faolligini oshirish, sogʻlom turmush tarzini targʻib qilish, tibbiy-ijtimoiy xizmatlar boʻyicha tezkor murojaat qilish kabi masalalar kiritilishini taʼminlasin;
g) 2023 yil 1 yanvarga qadar “Nuroniy” elektron platformasini byudjetdan tashqari Pensiya jamgʻarmasining pensiya va nafaqa oluvchilarning elektron maʼlumotlar bazasi, “Ijtimoiy himoya yagona reestri” hamda “Ijtimoiy xizmat” elektron platformasi bilan integratsiya qilish choralarini koʻrsin.
8. 2022 yil 1 maydan boshlab ijtimoiy yordam koʻrsatish xizmati xodimlari yolgʻiz keksalar va yolgʻiz yashaydigan keksalar hamda nogironligi boʻlgan shaxslar tomonidan Tibbiy-ijtimoiy xizmatlarni rivojlantirish agentligining “Sall-markazi”ga qilingan murojaatlar asosida quyidagi xizmatlarni koʻrsatadi:
a) axborot-servis xizmati:
oilaviy shifokorlik punktlari va oilaviy poliklinikalar shifokorlarining koʻrigiga yozdirish, ularni uyga koʻrikdan oʻtishga chaqirish;
Jamgʻarma xizmatlaridan foydalanish uchun buyurtma berish, roʻyxatdan oʻtish va buyurtmaning holatiga aniqlik kiritish;
Jamgʻarma tomonidan tashkil etiladigan profilaktik, tibbiy davolanishlar va sayyohlik safarlari boʻyicha maʼlumotlar olish;
jismoniy tarbiya va sport bilan shugʻullanish uchun jismoniy tarbiya va sport yoʻnalishidagi muassasalar (stadion, sport zallari, basseyn va boshqa sport majmualari) toʻgʻrisida maʼlumotlar olish;
madaniy hordiq chiqarish maqsadida kinoteatrlar, teatrlar, muzeylar va boshqa madaniy tadbirlar toʻgʻrisida toʻliq maʼlumotlar olish;
b) uyda xizmatlarni koʻrsatish:
Jamgʻarma tomonidan koʻrsatiladigan xizmatlar doirasida dori vositalari, protez-ortopediya moslamalari va kreslo-aravachalarni uyga yetkazib berish;
shifokorlar retseptlariga asosan yolgʻiz keksalar va yolgʻiz yashaydigan keksalar hamda nogironligi boʻlgan shaxslarga ularning mablagʻlari hisobiga dori vositalarini olib kelish hamda oilaviy shifokorlik punktlari va oilaviy poliklinikalarning shifokori koʻrigidan soʻng tibbiy koʻrik maʼlumotlarini yetkazish;
kutubxonalarga aʼzo boʻlgan yolgʻiz keksalar va yolgʻiz yashaydigan keksalar hamda nogironligi boʻlgan shaxslar uchun kitoblar, jurnallar, gazetalar va boshqa nashrlarni yetkazish.
9. Mahalla va nuroniylarni qoʻllab-quvvatlash vazirligi (S.T.Turdiyev) Oʻzbekiston Milliy teleradiokompaniyasi (A.A.Xadjayev), Madaniyat vazirligi (O.A.Nazarbekov) bilan birgalikda Oʻzbekiston Milliy teleradiokompaniyasining telekanallari orqali Jamgʻarmaning moliyaviy koʻmagi asosida keksalar uchun quyidagi mazmundagi koʻngilochar-maʼrifiy koʻrsatuvlar va videoroliklar efirga uzatilishini tashkil qilsin:
a) “Otalar soʻzi – aqlning koʻzi” telekoʻrsatuvining har oyda kamida ikkita yangi soni.
Bunda, koʻrsatuv mazmunan boyitilgan holda oilalarni mustahkamlash, milliy va umuminsoniy qadriyatlarni asrab-avaylash, Vatanga muhabbat ruhida tasvirga olinadi;
b) “Nuroniylar maslahati”, “Mahallada gurung” va “Yoshlar nuroniylar nigohida” rukni ostida obroʻ-eʼtiborli keksa avlod vakillarining boy hayotiy tajribasiga bagʻishlangan maʼrifiy telekoʻrsatuvlarning har kunlik soni;
v) zamonaviy toʻlov vositalaridan va bank xizmatlaridan foydalanish hamda moliyaviy savodxonlikni oshirish, uy sharoitida dehqonchilik, chorvachilik, parrandachilik, koʻchatchilik, gulchilik kabi faoliyat turlarini yoʻlga qoʻyish hamda hunarmandchilik, kasanachilik va tomorqa yer maydonlaridan samarali foydalanish boʻyicha qisqa metrajli videoroliklar.
10. Shunday tartib oʻrnatilsinki, unga koʻra barcha davlat boshqaruvi organlarida har yili ikki marta mazkur tashkilotlarda uzoq yillik tajribaga ega boʻlgan, shu jumladan, rahbarlik lavozimlarida faoliyat koʻrsatgan keksa avlod vakillari bilan vazirlik va idoralarning rahbarlari ishtirokida “Keksa avlod uchrashuvlari” mavzusida maslahat suhbatlari tashkil etib boriladi.
Belgilansinki, maslahat suhbatlari vazirlik va idoralarning mutasaddi xodimlari ishtirokida tashkilotning soʻnggi yillardagi faoliyati natijalari, istiqboldagi rejalari hamda uzoq muddatli strategik koʻrsatkichlari boʻyicha muhokamali tarzda tashkil qilinadi.
11. Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi (A.H.Toshkulov) Xalq taʼlimi vazirligi (B.O.Saidov), Yoshlar ishlari agentligi (A.Z.Saʼdullayev), Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari bilan birgalikda 2022 yil
1 apreldan boshlab doimiy ravishda:
a) oliy taʼlim, oʻrta maxsus, professional taʼlim muassasalari va maktablarda yoshlarni milliy va umuminsoniy qadriyatlarni hurmat qilish ruhida tarbiyalash maqsadida hayotiy tajribaga ega boʻlgan nuroniylar bilan ochiq davra suhbatlarini, shu jumladan, videokonferensiya tarzida tashkil etish;
b) oʻzgalarning parvarishiga muhtoj boʻlgan yolgʻiz keksalar va yolgʻiz yashovchi keksalarni maʼnaviy-ruhiy hamda psixologik qoʻllab-quvvatlash maqsadida joylardagi davlat organlari va muassasalarining malakali psixologlari, faol yoshlardan iborat boʻlgan volontyorlik guruhlarini tashkil qilish.
Bunda, volontyorlik guruhlari tomonidan har ikki oyda kamida bir marotaba oʻzgalarning parvarishiga muhtoj boʻlgan yolgʻiz keksalarning holidan xabar olish masalalarini muvofiqlashtirishga yoshlar yetakchilari shaxsan masʼul hisoblanadi.
12. Quyidagilar:
Oʻzbekiston faxriylarining ijtimoiy faoliyatini qoʻllab-quvvatlash “Nuroniy” jamgʻarmasining markaziy apparati tuzilmasi 1-ilovaga muvofiq;
Oʻzbekiston faxriylarining ijtimoiy faoliyatini qoʻllab-quvvatlash “Nuroniy” jamgʻarmasining Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahridagi boʻlimlari tuzilmasi 2-ilovaga muvofiq;
Keksalarni har tomonlama qoʻllab-quvvatlash, ularning turmush darajasi va ijtimoiy faolliklarini yanada oshirish boʻyicha chora-tadbirlar rejasi 3-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
Belgilansinki, Jamgʻarmaning markaziy apparati va hududiy boʻlimlarini saqlash bilan bogʻliq xarajatlar Jamgʻarmaning shakllantirilgan oʻz mablagʻlari hisobidan qoplab boriladi.
13. Mahalla va nuroniylarni qoʻllab-quvvatlash vazirligi (S.T.Turdiyev) Iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vazirligi (I.I.Norqulov), Sogʻliqni saqlash vazirligi (B.A.Musayev) va boshqa mutasaddi vazirlik va idoralar bilan birgalikda 2022 yil 1 sentyabrga qadar xalqaro tajribadan kelib chiqib, mamlakatimizda faol qarish indeksini joriy etish yuzasidan Vazirlar Mahkamasiga taklif kiritsin.
14. Oʻzbekiston Milliy axborot agentligi, Oʻzbekiston Milliy teleradiokompaniyasi, Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi nuroniylarni har tomonlama qoʻllab-quvvatlash, ularning turmush darajasini oshirish yuzasidan ushbu qarorning maqsad va vazifalari bosma va elektron axborot vositalarida, shu jumladan, Internet jahon axborot tarmogʻi orqali aholi oʻrtasida muntazam, tizimli va keng koʻlamda yoritib borilishini taʼminlasin.
15. Mahalla va nuroniylarni qoʻllab-quvvatlash vazirligi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda qonunchilik hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.
16. Mazkur qaror ijrosini samarali tashkil qilishga masʼul va shaxsiy javobgar etib mahalla va nuroniylarni qoʻllab-quvvatlash vazirining birinchi oʻrinbosari S.T.Turdiyev, sogʻliqni saqlash vaziri B.A.Musayev hamda Tibbiy-ijtimoiy xizmatlarni rivojlantirish agentligi direktori A.K.Inakov belgilansin.
17. Qaror ijrosini muhokama qilib borish, masʼul ijrochi tashkilotlar faoliyatini muvofiqlashtirish va nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N.Aripov va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining maslahatchisi T.A.Xudaybergenov zimmasiga yuklansin.
Amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar natijadorligi yuzasidan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentiga 2022 yil 1 avgustga qadar axborot berilsin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.MIRZIYOYEV