Prezident Shavkat Mirziyoyev poytaxtimizning Bektemir tumaniga tashrifi chogʻida Iykota mahallasida boʻlib, qurilish va obodonlashtirish ishlari bilan yaqindan tanishdi, deya xabar beriladi prezident. uz rasmiy veb- saytida.
Bu yerdagi 37 ta koʻp qavatli uy va 1 ming 400 ta hovlida 6 mingga yaqin aholi istiqomat qiladi. Mamlakatimizda mahallabay amalga oshirilayotgan manzilli ishlar Iykotada ham oʻz natijasini bermoqda. Yangi koʻp qavatli uylar qurilgan. Yoʻlaklar va ichki koʻchalar taʼmirlangan. Maydonchalarga gul va maysalar ekilgan.
Oʻtgan yili uch qavatli mahalla idorasi foydalanishga topshirilgan edi. Endi davlat byudjeti hisobidan 358-umumtaʼlim maktabi qurildi. Prezidentimiz ushbu yangi muassasani koʻzdan kechirdi.
Taʼlim tizimiga boʻlayotgan eʼtiborning yorqin ifodasini bu yerda ham koʻrish mumkin. Qariyb ming oʻrinli maktabda fan xonalari, kompyuter va xorijiy til xonalari, robototexnika toʻgaragi, laboratoriya zarur oʻquv jihozlari bilan taʼminlangan. Kutubxona, sport zali, futbol maydoni va oshxona bolalar uchun keng qulayliklar yaratilgan.
Pedagoglar bilan muloqot chogʻida bolalarning qobiliyatini toʻgʻri shakllantirish, kasbiy taʼlimni rivojlantirib, bitiruvchilarni kasb-hunarli qilib hayotga yoʻllash muhimligi taʼkidlandi. Xususan, axborot texnologiyalari, robototexnika, muhandislik kabi yoʻnalishlarni kengaytirish, oʻsmirlarda harbiy-vatanparvarlik ruhini kuchaytirish vazifalari koʻrsatib oʻtildi.
Mahalladagi yangi uylarning birinchi qavatlarida ikkita xususiy bogʻcha tashkil etilgan. Ular Navroʻz arafasida ochilgani ota-onalar uchun bayramona tuhfa boʻldi.
Ichki imkoniyatlarni ishga solib, aholi bandligini taʼminlash tamoyili bu mahallada ham namoyon. 70 ta savdo va xizmat koʻrsatish shoxobchasi, 2 ta ishlab chiqarish korxonasida koʻpchilik roʻzgʻor tebratayapti. Prezidentimiz farmoyishi bilan eʼlon qilingan dolzarb bir oylik doirasida tomorqadan unumli foydalanish, qishloq xoʻjaligi ekinlari ekish qizgʻin davom etmoqda.