Obod mahallada samimiy suhbat boʻldi

0
117
marta koʻrilgan.

Davlatimiz rahbari Toshkent shahridagi 3-Katta Chilonzor mahallasiga tashrif buyurdi, deya xabar beriladi prezident. uz rasmiy veb- saytida.

Mamlakatimizda barcha dasturlar aholi ehtiyojidan kelib chiqib, manzilli amalga oshirilmoqda. Buning uchun “mahalladagi beshlik” tizimi joriy etilib, ularga keng imkoniyatlar berildi. “Xavfsiz mahalla”, “Xavfsiz koʻcha” konsepsiyalari hayotga tatbiq etilmoqda. Mahallalarning oʻziga mablagʻ yoʻnaltirilib, obod qilinmoqda.

Bu 3-Katta Chilonzor mahallasida ham yaqqol namoyon. Fuqarolar yigʻini binosi, 52 ta koʻp qavatli uy zamonaviy qiyofaga ega. Maydonchalar va ichki yoʻllar tekislanib, atrofi obodonlashtirilgan. Bolalar oʻyingohi va sayilgoh tashkil etilgan.

«Yashil makon» umummilliy loyihasiga muvofiq, boʻsh maydonlarga daraxt koʻchatlari, rayhon, namozshomgul kabi gullar ekildi, maysazorlar tashkil etildi. Mahalla hududidan oʻtgan “Anhor” kanali boʻyida saylgoh, piyodalar va velosiped yoʻlaklari barpo etildi. Shuningdek, elektr podstansiyasi, transformator va past kuchlanishli kabellar yangilandi.

Prezidentimiz bu oʻzgarishlarni koʻzdan kechirdi. Shu yerda mahallalar faollari, nuroniylar bilan muloqot boʻldi.

— Bilasizlar, hamma ishlarimizni mahallada amalga oshiryapmiz. Agar mahalla obod boʻlsa, oilalar tinch va daromadli boʻlsa, oʻqish, izlanish, rivojlanish boʻladi. Shu bois bu tizimga qoʻshimcha vakolatlar berayapmiz. Bugun mahalla kambagʻallikni qisqartirish, xotin-qizlar muammosini hal qilish, yoshlar tarbiyasida katta kuchga aylanmoqda, — dedi Shavkat Mirziyoyev.

 Aholi vakillari buni mahalla hayotida sezayotgani, yoshlarni oʻqitish, ishga joylashtirish eʼtiborda ekanini aytishdi. Chilonzordagi 55 ta mahallani obod qilish, ijtimoiy masalalarni hal qilishga 115 milliard soʻm ajratilgani qayd etildi.

Bu yil Toshkent shahrining 585 ta mahallasiga 351 milliard soʻm, shundan Chilonzordagi 55 ta mahallaga 35 milliard soʻm yoʻnaltirilishi maʼlum qilindi.

Prezident bandlik masalasiga alohida eʼtibor qaratdi.

— Xabaringiz bor, kambagʻallikni qisqartirish va aholi bandligini taʼminlash boʻyicha yangi tizim asosida ish boshladik. Bunda mahallalardagi ishsizlar salohiyatli tadbirkorlarga biriktiriladi. Chilonzor tumanida 10 ming nafar ishsiz fuqaroning bandligini taʼminlashimiz kerak. Oʻylaymanki, tadbirkorlar bu boʻyicha oʻziga masʼuliyat olib, nuroniylarimiz bosh-qosh boʻladi, — dedi davlatimiz rahbari.

Uchrashuvda Prezident fuqarolar bilan ochiq, samimiy suhbatlashdi.

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.