Prezident Shavkat Mirziyoyev Manas qishlogʻida “Obod qishloq” dasturi asosida amalga oshirilgan ishlarni koʻzdan kechirdi.
Chekka hududda joylashgan bu qishloq eʼtibordan chetda qolgan edi. Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan bu yerda keng koʻlamdagi ishlar amalga oshirildi. 34 ta koʻp qavatli uyning tomi toʻliq qayta yopildi, yordamchi binolar qurildi. Savdo va maishiy xizmat shoxobchalari qurildi.
Atrofga mevali va manzarali daraxt koʻchatlari oʻtqazildi.
Aholini ichimlik suvi bilan taʼminlash maqsadida 6,5 kilometr uzunlikdagi suv quvuri yotqizildi. 41 kilometr uzunlikdagi kollektor-drenaj tarmoqlarida tozalandi.
Ayollarni ish bilan taʼminlash maqsadida ikkita tikuvchilik sexi ishga tushirilib, 120 dan ziyod xotin-qiz ish bilan taʼminlandi.
Qishloq vrachlik punkti oʻrnida zamonaviy oilaviy poliklinika bunyod etildi. Prezidentimiz ushbu poliklinikani kirib koʻrdi. Aholi salomatligini saqlash, kasalliklarni profilaktika qilish boʻyicha zarur koʻrsatmalar berdi.
Ikkita umumtaʼlim maktabi va maktabgacha taʼlim muassasalari toʻliq taʼmirlanib, qayta jihozlandi. 17 ta bolalar maydonchasi qurildi. Minifutbol maydonlari, 250 oʻrinli stadion barpo etildi.
Shavkat Mirziyoyev maktabgacha taʼlim muassasasida boʻldi.
Maktabgacha taʼlim tizimiga katta eʼtibor qaratyapmiz, hamma joyda zamonaviy bogʻchalar quryapmiz. Lekin uning fayzi, barakasi, asosiy maqsad-muddaosi tarbiyada, dedi Prezidentimiz. Farzandlarimizni bolalikdan yaxshi tarbiyalasak, oʻz yoʻlini, ishini topib ketadi.
Davlatimiz rahbari yangi qurib, foydalanishga topshirilgan novvoyxonaga ham kirdi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining shu yil 29 martdagi “Obod qishloq” dasturi toʻgʻrisida”gi Farmoni mazmun-mohiyatiga toʻxtalib oʻtildi. Bu ishlar aholi turmush tarzini yaxshilaydi, yurtimizni obod qiladi. Eng muhimi, odamlarning dunyoqarashini oʻzgartiradi, dedi Shavkat Mirziyoyev.