Milliy matbuot markazida Oʻzbekiston isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasi tashabbusi bilan amalga oshirilayotgan “Obod xonadon – yurt koʻrki” loyihasiga bagʻishlangan matbuot anjumani boʻlib oʻtdi.
Ushbu loyihaga binoan yurtimizning chekka hududlarida istiqomat qilayotgan, kam taʼminlangan, ijtimoiy himoyaga muhtoj, avariya holatida boʻlgan 12 ta xonadon tanlab olindi va Federatsiya mablagʻlari hisobidan obod xonadonga aylantirish maqsadida amaliy koʻmak berildi.
Loyihaning asosiy maqsadi – aholini moddiy qoʻllab-quvvatlash orqali ijtimoiy faollik sari yetaklash, ularga tadbirkorlik faoliyatini yoʻlga qoʻyishlari uchun zarur shart-sharoitlarni yaratishga koʻmaklashishdan iborat edi. Bu borada ham bir qator amaliy ishlar qilindi.
Jumladan, Fargʻona viloyatida istiqomat qiluvchi Bahriddin Otayevning xonadonida limon koʻchatlari yetishtirishga moʻljallangan zamonaviy issiqxona barpo etilib, tadbirkorlik faoliyati yoʻlga qoʻyildi. Xorazmlik Shahlo Sobirova xonadonida gul koʻchatlari yetishtirishi uchun zarur shart-sharoitlar yaratildi. Namanganlik Hanifa Rahimova, buxorolik Umid Tohirov, surxondaryolik Tohir Qobilovlarning turmush tarzinini faollashtirish maqsadida ushbu xonadonlarga tovuqlar uchun maxsus kataklar qurilib, 20 donadan tovuq begʻaraz olib berildi.
Ijtimoiy himoyaga muhtoj Hanifa Rahimovaning (Namangan) nabirasi va Bahriddin Otayevning (Fargʻona) farzandlari uchun yangi qurib foydalanishga topshirilgan obod xonadonlarda sunnat toʻylari oʻtkazilib, ehson dasturxonlari yozildi.
“Obod xonadon – yurt koʻrki” loyihasi doirasida amalga oshirilgan qurilish va taʼmirlash ishlariga Oʻzbekiston isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasi va homiylar mablagʻlari hisobidan 338 million soʻmdan ziyod mablagʻ sarfladi.
Insonlar quvonchiga, yurtdan rizoligiga sabab boʻlayotgan, qishloqlarda amalga oshirilayotgan xayrli ishlar yurt istiqboli, el manfaatiga xizmat qiladi.
R.SAPOYEVA