«Ochiq muloqot»dan buyon bajarilgan ishlar va kelgusi vazifalar muhokama qilindi

0
97
marta koʻrilgan.

Prezident Shavkat Mirziyoyev Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazida barpo etilgan yangi xirurgiya majmuasini koʻzdan kechirdi. Bu yerda kardiojarrohlik, transplantologiya, neyro-qon tomir jarrohligi va reanimatsiya boʻlimlari faoliyat yuritadi. Ularda yiliga 3 ming nafargacha bemorga yuqori texnologiyali tibbiy yordam koʻrsatiladi, deya xabar beriladi prezident. uz rasmiy veb- saytida.

Shu yerda sogʻliqni saqlash tizimida amalga oshirilayotgan ishlar va kelgusidagi ustuvor vazifalar yuzasidan videoselektor yigʻilishi boʻlib oʻtdi.

Maʼlumki, joriy yil 18 mart kuni davlatimiz rahbari tibbiyot xodimlari bilan “ochiq muloqot” oʻtkazgan edi. Bugungi yigʻilish oʻsha muloqotning mantiqiy davomi boʻldi.

Prezidentimiz soʻzining avvalida sohada qilingan ishlar va ularning mohiyatiga toʻxtalib oʻtdi. Jumladan, joriy yilda yangi 106 ta oilaviy shifokor punkti va poliklinika, mingta mahalla tibbiyot punkti tashkil etilgan. Bu orqali 3,5 million aholiga birlamchi tibbiy xizmat yaqinlashtirilgan.

Ilgʻor xorijiy tajribalar asosida, aholining kafolatlangan bepul tibbiy xizmatga boʻlgan ehtiyoj balansi ishlab chiqildi. “Tibbiyot brigadalari”ga qoʻshimcha 3 ming 600 ta pediatriya hamshirasi va doya shtatlari ajratildi.

Oilaviy shifokorlar tomonidan bepul tarqatiladigan dorilar 45 turdan 70 turga yetkazildi. Bunga ajratilayotgan mablagʻlar hajmi esa oʻtgan yilga nisbatan 3 baravar oshirildi.

Shuningdek, 820 ta birlamchi tibbiyot muassasasiga tashxis uskunalari yetkazib berildi.

Oilaviy poliklinikalarda 19 mingdan ziyod kunduzgi shifo oʻrinlari tashkil etildi. Buning natijasida 740 ming aholiga shifoxonaga bormasdan, mahallaning oʻzida davolanish imkoniyati yaratildi.

Shuningdek, 10 milliondan ziyod 40 yoshdan oshgan aholining 70 foizi kardiologik va qandli diabet kasalligini erta bosqichda aniqlash boʻyicha skrining tekshiruvidan oʻtkazildi.

Yuqori texnologik operatsiyaga muhtoj 16 ming bemordan 3 ming 200 nafari viloyat va tumanlarning oʻzida davolandi.

Mamlakatimizda ilk bor order tizimi orqali 29 ta xususiy shifoxona bilan shartnoma imzolandi.

Tibbiyot xodimlari oyligi 30 foizgacha oshirildi. Shuningdek, shifokorlarga ish samaradorligi va natijasiga qarab tabaqalashtirilgan ragʻbatlantirish va ustama toʻlovlari joriy etildi.

Umuman, joriy yilda tibbiyotga 28 trillion soʻm ajratilayapti. Bu oʻtgan yilga nisbatan 1,3 baravar koʻpdir.

Yigʻilishda hududlardagi dolzarb masalalar muhokama qilindi. Xususan, 272 ta mahallada tibbiyot punkti yoʻqligi koʻrsatib oʻtildi.

“Qishloq shifokori” dasturi doirasida olis hududlar roʻyxati 297 taga yetkazildi.

Bu dastur asosida 191 nafar shifokor ish boshladi. Masalan, Moʻynoqqa Fargʻona, Samarqand va Xorazmdan shifokorlar ishga borgan. Lekin, uzoq qishloqlarda yana 171 ta boʻsh oʻrnini toʻldirish zarur.

Xavf guruhiga kiruvchi 40 yoshdan oshgan aholini skriningdan oʻtkazish ayrim hududlarda sust bajarilgan.

Birlamchi boʻgʻindagi dolzarb muammolardan yana biri bu – onalik va bolalikni muhofaza qilish masalasi. Yurtimizda 2010 yilgacha yillik tugʻilish 600 ming atrofida boʻlgan boʻlsa, oʻtgan yili bu koʻrsatkich 950 mingdan oshgan. Shu bois tugʻruq oʻrinlari sonini koʻpaytirish zarurligi taʼkidlandi.

Shu yil 16 iyunda «Aholiga tez tibbiy yordam koʻrsatish tizimini takomillashtirish toʻgʻrisida» Prezident qarori qabul qilingan edi. Bu orqali tez tibbiy yordamda chaqiruvga yetib borish vaqti 3 barobarga, xarajatlar 25 foizga qisqarishi reja qilingan. Andijon, Jizzax, Samarqand va Surxondaryoda bu yangi tizim ishga tushirilmoqda.

Lekin qolgan viloyatlarda qurilish ishlari boshlanmagan.

Respublika endokrinologiya, kardiologiya va xirurgiya markazlarining hududlardagi ishi qoniqarli emasligi qayd etildi. Shu bois, 23 ta ixtisoslashgan markaz, viloyat va vazirlik oʻrtasida uch tomonlama shartnoma tuzish taklifi ilgari surildi. Bunda markazlar hududlarda kasalliklarni erta aniqlash, yuqori texnologik davolash va ularni kamaytirish boʻyicha, viloyat hokimlari shifoxonolarini yuqori texnologik uskunalar bilan jihozlash boʻyicha, vazirlik esa hududlarda yaxshi natija qilgan shifokor va markaz rahbarlarini ragʻbatlantirish boʻyicha majburiyat oladi.

Tibbiyot muassasalarini zamonaviy uskunalar bilan jihozlash borasidagi sustkashliklar ham qayd etildi.

Yigʻilishda shu kabi kamchiliklarni bartaraf etish boʻyicha hokimlar va soha mutasaddilarining axboroti eshitildi.

Ixtisoslashgan markazlar rahbarlari va shifokorlar kasalliklarning oldini olish, davolash sifatini oshirish boʻyicha takliflar bildirdi.

Bulardan kelib chiqib, Prezidentimiz mutasaddilarga qator topshiriqlar berdi.

Jumladan, Sogʻliqni saqlash vazirligisha tibbiyot muassasalari moddiy-texnik bazasini yaxshilash boʻyicha uch yillik dastur ishlab chiqish topshirildi.

Bu yil 300 ta mahallada tibbiyot punktlari, kelgusi yil 140 ta oilaviy shifokor punkti va poliklinikalar tashkil etib, ularni jihozlash vazifasi qoʻyildi.

Tugʻruq oʻrinlarini bosqichma-bosqich koʻpaytirish, mavjudlarining sharoitini yaxshilash, tugʻma nuqsonlarning oldini olish, onalarni foydali dori vositalari bilan taʼminlash boʻyicha koʻrsatmalar berildi.

Ixtisoslashgan markazlarda yangi yuqori texnologik davolash usullari joriy etilishi, 640 ta tez yordam mashinasi xarid qilinishi aytildi.

Vazirlar Mahkamasiga hamshiralarni oʻqitish va malakasini oshirish, mehnatini ragʻbatlantirish, ularning turmush sharoitlarini yaxshilash masalalarini qamrab olgan qaror loyihasini tayyorlashga topshiriq berildi.

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.