Odamlarga munosib sharoit yaratib, ishli qilish – strategik vazifa

0
25
marta koʻrilgan.

Gʻijduvon tumanida 1 iyun kuni Buxoro viloyatini iqtisodiy-ijtimoiy rivojlantirish masalalari boʻyicha yigʻilish boʻlib oʻtdi,  deya xabar beriladi prezident. uz rasmiy veb- saytida.

Prezident Shavkat Mirziyoyev soʻzining boshida hududdagi oʻzgarishlarni qayd etdi.

Soʻnggi yillarda viloyat iqtisodiyoti 1,5 barobar oʻsib, 53 trillion soʻmdan oshgan, aholi jon boshiga 26 million soʻmga yetgan. Sanoat, qishloq xoʻjaligi va xizmat koʻrsatishda 4 ming 600 ta korxona tashkil etilib, 90 mingta ish oʻrni yaratilgan. Eksport 215 million dollarga yetgan. Qorakoʻl, Jondor, Shofirkon va Kogon tumanlarining  har birida sanoat hajmi yiliga 1 trillion soʻmdan oshgan.

– Iqtisodiyotni izchil rivojlantirib, yana ish joylari ochish, yoshlarni bilimli va kasbli qilish boʻyicha hali koʻp ishlash kerak. “Oyogʻimiz ostida” imkoniyatlar turibdi. Ulardan foydalanib, 544 ta mahalladagi 2 milliondan ziyod aholining sharoitini yanada yaxshilash zarur. Buning uchun har bir tizim har kuni mehnat qilishi, izlanishi kerak, – dedi Prezident. 

Ishsiz, kam daromadli va chet elda qiynalgan odamlarga munosib sharoit yaratib, ishli qilish hokimlar va sektor rahbarlari uchun strategik vazifa ekani taʼkidlandi.

Shu bois Buxoroda bu yil kichik biznesga 5,9 trillion soʻmga qoʻshimcha yana 2,1 trillion soʻm kredit berilishi aytildi. Buxorodagi kichik biznes, turizm va servis uchun yana 100 million dollar alohida ajratiladi. Bular orqali iyun-dekabr oylarida 78 ming aholi bandligini taʼminlash mumkin.

Odamlarni ishli qiladigan katta imkoniyat sanoat zonalarida. Kogon tumanida ming gektarda yirik sanoat majmuasi barpo etilmoqda. Birinchi bosqichda 300 million dollarlik loyiha amalga oshiriladi. Bu viloyat iqtisodiyotiga yiliga 250 million dollar qoʻshilgan qiymat, 2 mingta ish oʻrni, 250 milliard soʻm soliq tushumi va 100 million dollar eksport beradi.

Elektr texnikasi tarmogʻida bu yil Buxoro shahri va Qorovulbozorda 50 million dollarlik 3 ta yirik quvvat ishga tushadi. Temir-beton mahsulotlari chiqaradigan zavod quriladi. Buxoroning tarixiy qismida zargarlik markazi tashkil etiladi.

Investitsiya loyihalari infratuzilmasiga 200 milliard soʻm ajratilishi belgilandi. Natijada 405 million dollarlik 5 ta loyihaning ishga tushishi tezlashadi.

Masalan, Buxoro tumanidagi neft-kimyo klasterida benzol, olefin, aromatik uglevodorod, naftadan pentan va geksan eritgichlari ishlab chiqariladi. 4,5 trillion soʻmlik qoʻshilgan qiymat, 130 million dollar eksport tushumi va 600 ta yuqori daromadli ish oʻrni ochiladi.

Viloyat sanoat korxonalarining kooperatsiya xaridlaridagi oʻrni kamligi koʻrsatib oʻtildi. Mutasaddilarga ishlab chiqaruvchilarning davlat xarididagi ishtirokini kengaytirish boʻyicha topshiriq berildi. Shu maqsadda Kooperatsiya portalida haqiqiy ishlab chiqaruvchilar qatnashadigan tartib qilinib, korxonalar reestri va yillik quvvati yangilab boriladi.

Buxoroda yiliga 5 million xorijiy turist kelishi uchun sharoit yaratilmoqda. Shahar markazida Boqiy Buxoro madaniy etnografik parki va yangi aeroport qurilishi boshlandi.

Shu bilan birga, viloyatdagi 30 ta tarixiy yodgorlikni taʼmirlash boʻyicha koʻrsatma berildi. Zarafshon daryosi boʻyida sayilgoh tashkil qilish, Toʻdakoʻl suv havzasi boʻyida dam olish maskanlarini koʻpaytirish zarurligi aytildi.

Hukumatga ulugʻ ajdodlarimiz boy merosini chuqur oʻrganish, obidalar atrofida turizm kontentini koʻpaytirish boʻyicha dastur ishlab chiqish vazifasi qoʻyildi.

Qishloq xoʻjaligida ham foydalanilmagan imkoniyatlar koʻp. Viloyatda ip-kalavaning 57 foizi mato qilinayapti, qolgani xomashyo shaklida 4 barobar arzon sotilayapti.

Yoki, viloyatda 1 million 200 ming tonna meva-sabzavot yetishtirilsa-da, eksporti koʻp emas. Sababi – meva-sabzavotlarni sotish joylari hal qilinmagan, ularni qadoqlash tizimi yoʻq.

Qorakoʻl erkin iqtisodiy zonasining 30 gektarida texnopark tashkil qilib, mazkur tarmoqlardagi korxonalarni joylashtirish boʻyicha koʻrsatma berildi. Xususan, binolar aralash gazlama va buyoq xonaga moslab quriladi, chet ellik va mahalliy hamkorlarga qulay shartlarda tayyor holda topshiriladi. Bu bir yilda toʻliq qayta ishlash tizimiga oʻtib, eksportni ikki barobar oshirishga turtki beradi.

Rossiyaning Nijegorod viloyati va Penza shahrida Buxoro viloyatining bozorlari barpo etiladi.

Irrigatsiya masalalariga toʻxtalinar ekan, viloyatda suv yetkazish xarajatining 87 foizi elektr energiyasiga toʻgʻri kelayotgani qayd etildi. Nasoslar energotejamkoriga almashtirilsa, yiliga kamida 400 milliard soʻmni iqtisod qilish mumkinligi aytildi.

Davlatimiz rahbari yigʻilish Gʻijduvonda boʻlayotganiga eʼtibor qaratib, bu yerliklarning ishbilarmonligini taʼkidladi.

Soʻnggi yillarda tuman sanoati 2 karra oʻsib, 2 trillion soʻmdan oshgan. Shu vaqtda 2 mingdan ziyod yangi tadbirkor ish boshlagan.

Bu surʼatni davom ettirgan holda, tadbirkorlarni eksportga yoʻnaltirish, xonadonlardagi kichik ishlab chiqarishlarni “soyadan” chiqarish, yoshlarga kasb oʻrgatish, zamonaviy shifoxona qurish vazifalari belgilandi.

Gʻijduvonlik tadbirkorlar 10-11-sinf va kollej oʻquvchilariga darsdan soʻng kasb oʻrgatib, 2 million soʻmgacha oylik toʻlash, bepul tushlik va tekin avtobus bilan taʼminlash taklifini bildirgan. Prezident bu taklifni maʼqullab, xayrli tajribaga aylantirish kerakligini taʼkidladi.  

Umuman, Gʻijduvonning oʻzida 25 ming ish oʻrni, qoʻshimcha 50 million dollar eksport imkoniyati borligi koʻrsatib oʻtildi. 

Yigʻilishda hokimlar va sektor rahbarlarining axboroti, tadbirkorlarning takliflari eshitildi.

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.