Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida 29 aprel kuni ehtiyojmand aholining ijtimoiy himoyasini yanada kuchaytirish chora-tadbirlari yuzasidan videoselektor yigʻilishi boʻlib oʻtdi, deya xabar beriladi prezident. uz rasmiy veb- saytida.
Yangi Oʻzbekiston taraqqiyot strategiyasida ijtimoiy adolat tamoyili asosida aholining yordamga muhtoj qatlamlarini qoʻllab-quvvatlash va kambagʻallikni bartaraf etish davlat siyosatining ustuvor yoʻnalishi etib belgilangan. Aslida bu yurtimizdagi xalqparvar ishlarning uzviy davomidir.
Oxirgi yillarda eʼtiborga muhtoj aholi qatlamiga gʻamxoʻrlik koʻrsatish boʻyicha yangi tizim yaratildi. Ushbu tizimga muvofiq, Mehribonlik uylaridagi 1 ming 500 ga yaqin bolalar oilalarga olindi, 116 ta Oilaviy mehribonlik uyi tashkil qilinib, 700 ga yaqin oʻgʻil-qizlarning ota-ona bagʻrida voyaga yetishi uchun sharoit yaratildi.
Oʻtgan yili 757 nafar koʻngli yarim bola uy-joy bilan taʼminlandi. Davlat hisobidan 4 mingdan ziyod bolalarda murakkab operatsiyalar oʻtkazildi.
Nogironligi boʻlgan fuqarolarni qoʻllab-quvvatlash koʻlami ham kengaydi. Jumladan, oʻtgan yili 42 mingga yaqin kishiga reabilitatsiya va protez-ortopediya moslamalari olib berildi. Eshitish qobiliyati zaif 555 nafar bola koxlear implant bilan taʼminlandi. 4 ming nafar koʻzi ojiz bolaga Brayl alifbosi tarqatildi.
Eʼtiborlisi, 35 mingga yaqin parvarishga muhtoj bolalarning onalariga 500 ming soʻm nafaqa toʻlash joriy etildi. Bunday tizim bizda ilgari boʻlmagan.
Shuningdek, bolalikdan nogiron hamda birinchi va ikkinchi guruh nogironi boʻlgan shaxslar oyligining 2 million 500 ming soʻmgacha qismi daromad soligʻidan ozod qilindi. Ish beruvchilar tomonidan nogironligi boʻlgan shaxslar uchun toʻlangan ijtimoiy soliq summasi byudjetdan toʻliq qaytarib berilmoqda.
Bulardan tashqari, pensiya va nafaqalarning eng kam miqdori biryoʻla 40 foizga oshirildi. Umuman, nafaqa oluvchilar soni 2016 yilgi 466 ming nafardan 2022 yilda 1 million 860 mingtaga yetkazildi.
Shuningdek, xayriya jamgʻarmalari, jamoatchilik tashabbusi orqali ham koʻplab insonlarga koʻmak berildi.
Yigʻilishda ushbu ezgu ishlarni davom ettirish, yurtimizdagi mehr-oqibat muhitini mustahkamlashga qaratilgan yanada keng imkoniyatlar belgilandi.
Mamlakatimizda 3 milliondan ortiq nuroniylar bor. Mahalla va nuroniylarni qoʻllab-quvvatlash vazirligi orqali ularga gʻamxoʻrlik qilish, salomatligini asrash eʼtiborga olingan.
Yigʻilishda oʻzgalar parvarishiga muhtoj keksalar har yili sanatoriylarda davolanishi, kam taʼminlangan nuroniylarning dori-darmon va ortopediya moslamalari, jarrohlik amaliyotlari xarajatlari davlat tomonidan qoplab berilishi qayd etildi.
Keksalarning sport bilan shugʻullanishi, teatr va muzeylarga borishi, yurtimiz boʻylab sayohat qilishi uchun yengilliklar belgilandi.
Ehtiyojmand aholini moddiy qoʻllab-quvvatlash maqsadida bugun pensiya va nafaqalarni 1 maydan 12 foizga oshirish toʻgʻrisida Prezident farmoni imzolandi. Bu orqali 4 million 100 ming aholi xonadoniga qoʻshimcha mablagʻ kirib boradi. Bu maqsadlar uchun joriy yilda 4 trillion soʻm yoʻnaltiriladi. Shuningdek, eng kam pensiya oladigan 725 ming nafar aholining pensiyasi 14 foizga oshiriladi.
Bundan tashqari, 9 may arafasida urush qatnashchilariga 15 million soʻmdan bir martalik pul mukofoti beriladi.
Nogironligi boʻlgan ehtiyojmand aholini qoʻllab-quvvatlash tizimi ham kengaytirilishi maʼlum qilindi. Jumladan, 1 maydan boshlab, nogironligi boʻlgan fuqarolarni ishga olgan korxonalarga, 6 oy davomida har bir shunday xodimi uchun 400 ming soʻmdan subsidiya beriladi.
Oʻzini oʻzi band qilgan va hunarmandchilik bilan shugʻullanadigan nogironligi boʻlgan shaxslarga asbob-uskuna va mehnat qurollarini xarid qilish uchun subsidiya ajratiladi. Ular kasb-hunarlarga davlat hisobidan oʻqitiladi. Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligiga shu borada topshiriq berildi.
Nogironligi boʻlgan shaxslar bilan ishlaydigan nodavlat tashkilotlari va ularning hududiy boʻlimlari xodimlariga oylik toʻlash uchun davlatdan subsidiya ajratiladi.
Koʻzi ojiz va zaif koʻruvchi bolalarni toʻliq taʼlimga jalb etish maqsadida “Nurli maskan” maktablarida yangi oʻquv yilidan qoʻshimcha 850 ta oʻquv xonasi va 1 ming 200 ta yotoqxona oʻrni tashkil etiladi. Davlat buyurtmasi asosida, ushbu maktab kutubxonalari Brayl yozuvidagi darslik va oʻquv qoʻllanmalari, badiiy adabiyotlar bilan taʼminlanadi.
Mutasaddi vazirliklarga bogʻcha yoshidagi koʻzi ojiz bolalar uchun bosqichma-bosqich bir yillik tayyorlov guruhlari tashkil etish vazifasi qoʻyildi.
Bundan tashqari, 3 mingdan ziyod zaif eshituvchi bolalarga zamonaviy eshitish moslamalari yetkazib beriladi. Maxsus maktab-internatlarning barcha xodimlariga 50 foizlik ustama toʻlash joriy etiladi.
Nogironligi boʻlgan bolalarning maʼnaviy kamol topishi uchun 108 ta maktab-internatga har yili 20 mingdan ortiq maxsus adabiyotlar xarid qilinadi.
Nogironligi boʻlgan keksalarga ham, alohida eʼtibor qaratiladi. Misol uchun, avval ishlamagan, “Saxovat” uylaridagi yashovchi mingga yaqin kishiga hozir hech qanday toʻlov yoʻq. Endi ularga ham shaxsiy xarajatlari uchun qarilik nafaqasining 20 foizi toʻlab beriladi.
Hozirgi kunda nogironlik pensiyasi fuqarolarning avvalgi ishlagan staji va oyligidan kelib chiqib hisoblanadi. Bu – 75 mingdan ortiq ishlayotgan nogironligi bor fuqarolarning daromadiga bevosita taʼsir qilmoqda.
Endi, ularning pensiyasi har ikki yilda qayta hisoblanib, ish staji va oyligiga qarab oshirib boriladi. Bunga 300 milliard soʻm qoʻshimcha mablagʻ yoʻnaltiriladi.
Oilaviy bolalar uylariga byudjetdan mablagʻ ajratish tartibi soddalashtiriladi. Yaʼni, kundalik xarajatlarni qoplash uchun mablagʻ ota-onalarning shaxsiy plastik kartasiga oʻtkaziladi. Shuningdek, oilaviy bolalar uylarining kommunal toʻlovlari aholi uchun belgilangan tariflarda olinadi.
Bundan tashqari, yetim va ota-ona qaramogʻidan mahrum boʻlgan talabalarga oziq-ovqat va kiyim-kechak xaridi uchun 10 million soʻmdan ajratish amaliyoti nodavlat oliygohlarda ham joriy etiladi.
Umuman, 376 ta Mehribonlik, Saxovat va Muruvvat uylari, maxsus maktab-internatlarni taʼmirlash va jihozlash boʻyicha 600 milliard soʻmlik alohida dastur qabul qilinishi aytildi.
Prezidentimiz mahallalarda ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalar bilan manzilli ishlab, ularga koʻmaklashish tajribasini kengaytirish boʻyicha koʻrsatmalar berdi. Unga koʻra, xotin-qizlar faollari hokim yordamchilari va yoshlar yetakchilari bilan birga har bir xonadonga kirib, oilalardagi haqiqiy holat va ijtimoiy xizmatlarga ehtiyojni aniqlaydi. Bu xizmatlar oʻz vaqtida va sifatli koʻrsatilishini tashkil qiladi. Murakkab tibbiy operatsiyalarga muhtojlar bepul davolanadi.
Davlatimiz rahbari ishlaydigan ayollarning ijtimoiy himoyasi kuchaytirilishini taʼkidladi.
Bugungi kunda norasmiy sektorda ayollar ulushi 57 foizni tashkil qilmoqda. Chunki koʻplab ish beruvchilar homiladorlik nafaqasini toʻlamaslik uchun ayollarni rasmiy ishga olmaslikka harakat qiladi.
Shu bois 2022 yil sentyabrdan boshlab, tugʻruq taʼtili toʻlovining bir qismini davlat byudjeti hisobidan toʻlash tartibi yoʻlga qoʻyiladi. Buning uchun Moliya vazirligi huzurida Ijtimoiy sugʻurta jamgʻarmasi tuzilib, joriy yilda unga byudjetdan 170 milliard soʻm ajratilishi qayd etildi.
Ramazon oyi – mehr-oqibat va bagʻrikenglik oyidir. Shu munosabat bilan, Prezidentimiz adashib jinoyatga qoʻl urgan, aybini chuqur anglab, tuzalish yoʻliga qatʼiy oʻtgan 65 nafar fuqaroni afv etish boʻyicha farmon qabul qildi. Endi bu insonlar Ramazon hayiti bayramini oʻz uyida, yaqinlari bagʻrida kutib oladi.
Xalqimiz anʼanalariga koʻra, koʻchalar, xiyobonlar tozalanib, obodonlashtiriladi. Keksalar, boquvchisini yoʻqotgan oilalar, nogironligi boʻlgan ehtiyojmandlar holidan xabar olinadi.
– Ulugʻ mutafakkir Alisher Navoiy bobomiz aytganidek, odamlarning dardiga darmon boʻlish – insoniylikning oliy namunasi ekanini unutmasligimiz, bunday ezgu ish uslubi bizning nafaqat xizmat vazifamiz, vijdoniy burchimizga aylanishi kerak, – deya taʼkidladi davlatimiz rahbari.
Mutasaddilarga yigʻilishda belgilangan moddiy yordam tizimini amalga oshirish, bayram kunlarida muhtojlar holidan xabar olib, ularga sovgʻa va mukofotlarni yetkazish topshirildi.