Odinaxon JAMOLDINOVA: Kelajak avlod taʼlim tarbiyasiga qaratilgan qonun

0
248
marta koʻrilgan.

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi majlisida mamlakatimiz tarixida ilk borMaktabgacha taʼlim va tarbiya toʻgʻrisida”gi qonun qabul qilindi.

Mazkur yangi qonun bilan maktabgacha taʼlim va tarbiya – bolalarga taʼlim va tarbiya berishga, ularni intellektual, maʼnaviy-axloqiy, etik, estetik va jismoniy jihatdan rivojlantirishga, shuningdek, bolalarni umumiy oʻrta taʼlimga tayyorlashga qaratilgan uzluksiz taʼlim turi, etib belgilandi.

Mamlakatimizda keyingi uch yilda maktabgacha taʼlim sohasida amalga oshirilayotgan tub islohotlar bugun yurtimizdagi har bir xonadonga kirib bordi, shaharu qishloqlarimizda koʻrkam maktabgacha taʼlim muassasalari qad rostladi.

Shu maʼnoda, sohaning huquqiy asoslari alohida qonun bilan mustahkamlanishi Davlatimiz rahbari tomonidan kelajak avlod taʼlim-tarbiyasiga koʻrsatilayotgan gʻamxoʻrlikning yaqqol namunasi boʻldi desak, haqiqatni aytgan boʻlamiz.

Zero, Oʻzbekistonda dunyo tajribasida birinchi marta maktabgacha taʼlim vazirligi tashkil etildi, mamlakatimizda birinchi marta davlat-xususiy sheriklik asosida faoliyat olib boradigan bogʻchalar tashkil etildi, mobil guruhlar bazasida maktabgacha taʼlim xizmatlarini koʻrsatish yoʻlga qoʻyildi.

Sohaga oid qonun bilan mamlakatimizda yashovchi har bir bolaning maktabgacha taʼlim-tarbiya olish huquqiga ega boʻlgani, eng muhim jihat, davlat har bir bolaning umumiy oʻrta taʼlim tashkilotiga oʻqishga kirishidan bir yil oldin davlat maktabgacha taʼlim tashkilotlarida umumiy oʻrta taʼlimga majburiy bir yillik tayyorgarlikdan oʻtishga boʻlgan huquqini kafolatlashi belgilab qoʻyilgani katta yangilikdir.

Shu oʻrinda mazkur Qonun loyihasi toʻgʻridan-toʻgʻri ishlaydigan normalar bilan takomiligi yetkazilganini alohida taʼkidlash joiz. Unda, jumladan, maktabgacha taʼlim tashkilotlarining turlari aniq koʻrsatib qoʻyildi (umumiy turdagi, koʻp tarmoqli ixtisoslashgan, inklyuziv guruhlarga ega hamda qoʻshma turdagi maktabgacha taʼlim tashkilotlari), maktabgacha taʼlim tashkilotlarining ish rejimi, maktabgacha yosh davrlari, bolalarni maktabgacha taʼlim tashkilotlariga qabul qilish va ulardan chiqarish, maktabgacha taʼlim tashkiloti guruhlarini toʻldirish va bolalarni bir guruhdan boshqasiga oʻtkazish haqidagi aniq normalar nafaqat amaliyotda ishlovchilarga, balki ota-onalar uchun ham har tomonlama qulaylik tugʻdiradi.

Ilk bor mazkur qonun bilan maktabgacha taʼlim tizimida mehnat faoliyatini amalga oshirishga doir qatʼiy talab va cheklovlar belgilanayotganining sababi ularning qoʻlida yurtimiz kelajagi boʻlgan farzandlarimiz tarbiyalanishi bilan izohlanadi.

Qonunga muvofiq, kelgusida muomalaga layoqatsiz yoki muomala layoqati cheklangan deb topilgan, pedagogik faoliyatni amalga oshirishga toʻsqinlik qiladigan kasalliklari yoki jismoniy nuqsonlari boʻlgan fuqarolar, shuningdek qasddan jinoyatlar sodir etgani uchun ilgari hukm qilingan fuqarolar maktabgacha taʼlim tashkilotlarida pedagogik faoliyat bilan shugʻullanishi mumkin emas.

Shuningdek, vazirliklar, davlat qoʻmitalari, idoralar va tashkilotlar bilan oʻz mehnat shartnomalarini salbiy sabablarga koʻra tugatgan fuqarolar, qoʻllanilgan jazo chorasidan, sudlanganligi holati tugatilganidan yoki olib tashlanganidan, oʻziga nisbatan amnistiya yoki avf etish akti qoʻllanilganidan qatʼi nazar, qasddan sodir etilgan jinoyatlar uchun ilgari hukm qilingan shaxslar, jinoyat ishlari aybdorligi toʻgʻrisidagi masala hal etilmagan holda tugatilgan jinoyatlar sodir etgan shaxslar maktabgacha taʼlim tizimi organlari va tashkilotlarining rahbar xodimlari boʻlishi mumkin emasligi haqidagi norma kiritilgan.

“Maktabgacha taʼlim va tarbiya toʻgʻrisida”gi qonunning qabul qilinishi bilan maktabgacha yoshdagi bolalar shaxsini har tomonlama shakllantirishga, ularni jismoniy, maʼnaviy-axloqiy va hissiy rivojlantirishga shart-sharoitlar yaratiladi, bolalarni maktabgacha taʼlim muassasalariga qamrovining oshishiga erishiladi. Tarbiyalanuvchilarning sifatli maktabgacha taʼlim olishi uchun teng imkoniyatlar yaratiladi. Sohada davlat-xususiy sheriklik rivojlanadi.

Maktabgacha taʼlim tizimiga ilgʻor pedagogik, innovatsion va axborot kommunikatsiya texnologiyalari tatbiq etiladi, boshqaruv organlari va ularning faoliyatida, maktabgacha taʼlim tashkilotlarining moliyaviy faoliyatida ochiqlik, shaffoflik prinsiplarining ustuvorligi taʼminlanadi.

Maktabgacha taʼlim tizimida kadrlarni tayyorlash, qayta tayyorlash,   malakasini oshirishga, tizim xodimlarini tanlash va rivojlantirishda yangicha yondashuvlar tatbiq etilishiga erishiladi.

Eng muhimi, maktabgacha taʼlim tashkilotlarida sifatli tibbiy xizmat, bolalarning ratsional va sogʻlom ovqatlanishi taʼminlanadi, ayniqsa, bolalarning maktabgacha taʼlim olishida ota-onalarning roli kuchaytiriladi.

Odinaxon JAMOLDINOVA,

Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi

Qonunchilik palatasi deputati

 

 

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.