Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida “Oila ensiklopediyasi” hamda “Xotin-qizlar ensiklopediyasi” kitoblarining taqdimoti boʻlib oʻtdi.
“Yoshlar ongida oilaviy hayot koʻnikmalarini shakllantirishda mana shunday zamonaviy ensiklopedik adabiyotlar muhim ahamiyat kasb etadi, – dedi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi “Oila” ilmiy-amaliy tadqiqot markazi direktori Dilorom Toshmuhamedova. – Ushbu asarlar respublikamizdagi barcha mahallalarning kutubxonalariga kirib borishi kerak. Mamlakatimizda oʻn mingdan ortiq mahalla faoliyat yuritayapti. Kitob esa besh ming nusxada chiqqan. Har bir oilaga kirib borsa yanada maqsadga muvofiq boʻlardi. Kelajakda shunga erishishga intilamiz”.
“Ensiklopediyalarga yoshga doir cheklovlar (16+) qoʻyilgani yaxshi ish boʻldi, chunki mazkur majmualarda kitobxondan muayyan intellektual daraja talab etiladigan, qiz bolaning tugʻilishidan to balogʻat yoshiga qadar boʻlgan va undan keyingi davriga oid masalalar toʻliq qamrab olingan, – dedi Xotin-qizlar qoʻmitasi raisining oʻrinbosari Mukarram Nurmatova. – Qomusiy manbalar nafaqat bilim berishga yoʻnaltirilgan, balki tarbiyaviy xarakterga ham ega, ularning targʻiboti oilani mustahkamlashga, ajrimlarning oldini olishga hissa qoʻshadi. Toʻgʻri, biz tashvishga tushamiz, oilalar ajrashib ketyapti deymiz. Lekin Oʻzbekistonda ajrimlar soni Gʻarb mamlakatlari bilan solishtirganda unchalik koʻp emas. Dunyoda har ikki oiladan biri ajrashib ketayotgan mamlakatlar bor”.
“Oilaviy ajrimlar haqida gapirganda respublikamizdagi koʻrsatkichlarni Yevropa davlatlari bilan taqqoslash, oʻzimizni ovutish, maqtash, ayblarimizni xaspoʻshlash toʻgʻri emas, – dedi ekspert Jamila Shermuhamedova. – Muammolarning ichiga kirib borishimiz kerak. Ajrimlarning sabablarini aniq va shu boʻyicha choralar koʻrishimiz lozim. Bizda oila milliy qadriyatlar va sharqona madaniyat poydevoriga quriladi. Aynan mazkur aqidalar bilan sugʻorilgan kitoblarni koʻpaytirishimiz maqsadga muvofiq. Mening takliflarim bor: “Erkaklar ensiklopediyasi”ni yarataylik. Oilada erkakning, otaning oʻrnini koʻtarmas ekanmiz, u haqda kitoblar yozib, maqomini ulugʻlamas ekanmiz, oila mexanizmidagi ayrim elementlar yaxshi ishlamaydi, ajrimlar soni ortaveradi. Yoshlarga bolaligidan oilada oʻgʻillik burchi, otalik vazifalari, erlik masʼuliyati, haqida bilim berish zarur. Bu hayot-mamot masalasi. Men hatto Oʻzbekiston Erkaklar qoʻmitasini tuzish taklifini ham jiddiy oʻylab koʻrishga arziydi, deb hisoblayman”.
Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan jurnalist Raxima Shomansurova “Xotin-qizlar ensiklopediyasi” kitobining yettinchi marta qayta chop etilayotgani ushbu kitobning ahamiyatini, zaruratini ifodalashini aytdi. Bir paytlar qizlar uchun “Qizlar kitobi”, kelinlar uchun “Kelinnoma” kabi ensiklopediyalar yaratilgani, ushbu kitoblarni ham qayta chop etish lozimligi xususida gapirdi.
Shuningdek tadbirda “Ayollar ensiklopediyasi” nashrga topshirilgani, yaqin kunlarda bosmaxonadan chiqishi haqida maʼlumot berildi. Yangi qomusiy majmualar “Farovon oila – farovon jamiyat” konsepsiyasiga xizmat qilishi taʼkidlandi.