Oʻktam Barnoyev oilasiga taʼziya bildirildi

0
199
marta koʻrilgan.

Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining agrar va oziq-ovqat sohalarini rivojlantirish masalalari boʻyicha oʻrinbosari Oʻktam Barnoyev 20 sentyabr kuni ogʻir xastalik tufayli vafot etgan edi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev 21 sentyabr kuni taʼziyali xonadonga tashrif buyurdi. Qurʼon tilovat qilindi.

Oʻktam Barnoyev mehnat faoliyatini oʻzi tugʻilib oʻsgan Buxoro viloyatida boshlagan. Keyinchalik Qishloq va suv xoʻjaligi vazirligida, Vazirlar Mahkamasida masʼul lavozimlarda ishlagan. 2008-2010 yillarda Samarqand, 2016-2020 yillarda Buxoro viloyati hokimi boʻlgan. U joriy yildan Bosh vazirning agrar va oziq-ovqat sohalarini rivojlantirish masalalari boʻyicha oʻrinbosari sifatida faoliyat yuritib kelayotgan edi.

Oʻktam Barnoyevning deyarli butun faoliyati qishloq va suv xoʻjaligi bilan bogʻliq boʻldi. U ushbu sohadagi islohotlarini amalga oshirishda asosiy ijrochilardan biri edi. Bu yoʻlda barcha bilim, tajriba va kuchini safarbar qildi. Agrar tarmoqni diversifikatsiya qilish, bozor mexanizmlari va kooperatsiya tizimini joriy etish, yer va suv munosabatlarini takomillashtirish, hosildorlikni oshirib, oziq-ovqat sanoatini rivojlantirishga katta hissa qoʻshdi.

Davlatimiz rahbari bugun marhumning onasi, rafiqasi va farzandlariga hamdardlik bildirib, sabr-toqat tiladi.

– Oʻktamjon olijanob, zabardast, fidoyi, vatanparvar, oʻrnak olishga arzigulik inson edi, – dedi Shavkat Mirziyoyev. – Bosh vazir paytlarimda ham birga ishladik. Gapirmasam ham meni tushunardi. Bir insonning tarbiyalanib, shunday kadr boʻlib yetishishi oson emas. Ayniqsa, oxirgi paytlar ogʻir sohani berib, koʻnglim tinchib, koʻp ishlarni boshlagan edik. Bu ofat butun dunyoga keldi. Qoʻlimizdan kelgan hamma narsani qildik. Lekin oʻlim haq. Allohning irodasi ekan. Bu hammamizga musibat. Joyi jannatda boʻlsin!

Prezident marhumning oilasi, farzandlari doimiy eʼtiborda boʻlishini taʼkidladi.

Oʻktam Barnoyevning oila aʼzolari davlatimiz rahbariga minnatdorlik bildirib, xalqimizga osoyishtalik, sihat-salomatlik tilab duo qildilar.

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.