Olimpiada qahramonlari sharaflandi

0
65
marta koʻrilgan.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 28 avgust kuni XXXIII yozgi Olimpiya oʻyinlari gʻolib va sovrindorlari bilan uchrashdi, deya xabar beriladi prezident. uz rasmiy veb- saytida.

Tadbirda Milliy Olimpiya qoʻmitasi va sport federatsiyalari rahbarlari, murabbiylar, sportchilarning ota-onalari, davlat va jamoat tashkilotlari vakillari ham qatnashdi.

Maʼlumki, ushbu Olimpiya oʻyinlari 26 iyuldan 11 avgustgacha Fransiya poytaxti Parij shahrida boʻlib oʻtdi. Unda 200 dan ziyod davlatdan 11 ming nafarga yaqin eng kuchli atletlar qatnashdi. Oʻzbekiston 19 ta sport turi boʻyicha 90 nafar sportchi bilan ishtirok etdi. Bu nufuzli musobaqa biz uchun tom maʼnoda rekordlar, mislsiz yutuqlarga boy boʻldi.

Davlatimiz rahbari sportchilarni ushbu ulkan tarixiy gʻalaba bilan tabriklab, nutq soʻzladi.

– Sizlar gʻoyat keskin bellashuvlarda yuksak jasorat va matonat koʻrsatib, 8 ta oltin, 2 ta kumush, 3 ta bronza medalni qoʻlga kiritganingiz mamlakatimizning taraqqiyot borasidagi yuksak salohiyatini ifoda etadigan yorqin natijadir. Bu tarixiy gʻalaba Yangi Oʻzbekiston yoshlari qanday buyuk ishlarga qodir ekanini yana bir marta amalda namoyish etdi. Mamlakatimiz ishtirokchi davlatlar orasida umumjamoa hisobida 13-oʻrinni, Osiyo qitʼasida 4-oʻrinni, turkiy va islom mamlakatlari hamda Mustaqil Davlatlar Hamdoʻstligi boʻyicha 1-oʻrinni egalladi. Barchamizni quvontirgan bu natijalar Oʻzbekiston tarixida ilgari hech qachon boʻlmagan yutuqlardir, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Buning uchun sportchi va murabbiylarga barcha sharoitlar yaratildi. Sportchilarni tayyorlashga yondashuv oʻzgartirilib, izlanish va eʼtibor kuchaydi. 2021 yil avgustda boʻlib oʻtgan shunday uchrashuvda kelgusi Olimpiadada kuchli oʻn beshta davlat qatoriga kirish maqsad qilib qoʻyilgan edi. Bu sharaf bilan uddalanib, mamlakatimiz dunyoda 13-oʻrinni egalladi.

Britaniyaning “Financial Times” nashrida yozilishicha, Olimpiya medallari, mamlakatning sport olamida erishayotgan yutuqlari davlatning umumiy rivojlanish va insoniy taraqqiyot darajasini bildiradi.

Haqiqatan ham, Olimpiada oʻyinlaridagi har bir natijaning oʻrni, mohiyati va ahamiyati beqiyosdir. Chunki toʻrt yilda bir marta oʻtadigan bu yirik xalqaro musobaqada zoʻrlarning zoʻri qatnashadi, u mamlakatning sport sohasiga eʼtibori, xalqning jismoniy va maʼnaviy salohiyatini namoyon etadi.

Musobqada ilk oltin medalni Diyora Keldiyorova qoʻlga kiritdi. Bu ham dzyudo boʻyicha, ham ayollar oʻrtasida yurtimizning Olimpiadadagi birinchi oltin medali boʻlib tarixga kirdi.

Yana bir jasur qiz – Svetlana Osipova esa taekvondo boʻyicha birinchi kumush medalni egallab, ayollar sporti tarixida yangi sahifa ochdi.

Oʻzbekiston taekvondo boʻyicha birinchi marta Olimpiya oʻyinlarida 2 ta medalni qoʻlga kiritdi. Terma jamoamiz oʻz tarixidagi eng yaxshi natijani qayd etib, umumjamoa hisobida 3-oʻrinni egalladi. Ulugʻbek Rashitov Olimpiya harakati solnomasida taekvondo boʻyicha eng yosh toifada ikki karra Olimpiya chempioni boʻldi.

Oʻzbekiston dzyudo boʻyicha oʻz tarixida Olimpiadada eng koʻp medal oldi. Erkin kurash boʻyicha 12 yillik tanaffusdan soʻng yana oltin medal qoʻlga kiritildi.

Boks boʻyicha milliy terma jamoamiz oltin medallar soni boʻyicha mamlakatimiz tarixida Olimpiya oʻyinlari rekordini yangiladi va umumjamoa hisobida 1-oʻrinni egalladi. Erkaklar oʻrtasida yettita oltin medalning beshtasini bizning bokschilarimiz oldi.

Umuman, Yevropaning qoq markazida sportchilarimiz sharafiga Oʻzbekiston madhiyasi 8 karra yangrab, mamlakatimiz bayrogʻi 13 marta baland koʻtarildi.

Prezident bu yuksak natijalar xalqimizga katta gʻurur bagʻishlaganini taʼkidlab, sportchilarni olqishladi:

– Shu kunlarda butun xalqimiz Mustaqillik bayramining ruhi va shukuhi bilan yashamoqda. Sizlar erishgan yorqin gʻalabalar eng ulugʻ va qadrli bayramimizga munosib sovgʻa boʻldi. Sizlarning qahramonligingiz yoshlarimizga, chekka joylardagi sportsevar bolalarga kuch-qudrat berdi. Butun xalqimizni gʻururlantirdi, yanada birlashtirdi. Sharaf sizlarga, rahmat sizlarga!

Davlat rahbari sportchilarga, ularning ustoz va murabbiylariga, sport delegatsiyasi aʼzolariga minnatdorchilik bildirdi. Shu kunlarda Paralimpiya oʻyinlarida qatnashayotgan matonatli sportchilarimizga kuch-gʻayrat va omad tiladi.

Uchrashuvda 2028 yili Los-Anjelesda boʻladigan Olimpiya oʻyinlariga tayyorgarlik masalalariga ham alohida eʼtibor qaratildi.

Suv sporti turlari, yengil atletika, velosport, oʻq otish va kamondan otish, gimnastika boʻyicha federatsiyalar, sharoit va iqtidorli sportchilar borligi, lekin natijalar kamligi koʻrsatib oʻtildi. Chim ustida xokkey, basketbol, gandbol, regbi, suv polosi kabi jamoaviy sport turlari yetarlicha rivojlanmagan. Yunon-rum kurashi, ot sporti, zamonaviy beshkurash, triatlon, qilichbozlik, eshkak eshish, velosport kabi sport turlari boʻyicha ham hali ishga solinmagan imkoniyatlar koʻp.

Mazkur sport federatsiyalari tegishli xulosa qilib, kelgusi Olimpiadagacha katta tayyorgarlik koʻrishi kerakligi taʼkidlandi.

Qayd etilganidek, kelgusi toʻrt yilda sportchilarni tayyorlash boʻyicha katta dasturlar qabul qilinadi. Har bir yoʻnalishda sport meditsinasi, farmakologiyasi, diyetologiyasi, psixologiyasi va muhandisligi boʻyicha chet eldan malakali mutaxassislar jalb etiladi.

Bu borada “Olimpiya shaharchasi”da musobaqalar va oʻquv-mashgʻulotlarni ilgʻor xorijiy tajribalar asosida oʻtkazish boʻyicha alohida tizim yaratiladi. Bahodir Jalolov, Oksana Chusovitina maktablari kabi ixtisoslashgan sport muassasalari har bir hududda, har bir sport yoʻnalishi boʻyicha tashkil qilinadi.

Bundan tashqari, joylarda, ayniqsa, mahallalarda yangi-yangi iqtidorlarni kashf qilish, ularni manzilli seleksiya asosida xalqaro musobaqalarga tayyorlash boʻyicha ham alohida dastur joriy etiladi.

Zarur sport infratuzilmasiga ega boʻlgan 15 ta Olimpiya va paralimpiyaga tayyorlash markazi, 6 ta Respublika oliy sport mahorati maktabi, 56 ta ixtisoslashtirilgan sport maktabiga mahalliy va xorijiy murabbiylar biriktiriladi.

Davlatimiz rahbari ommaviy sportni rivojlantirish milliy olimpiya harakatining ajralmas qismi boʻlishi kerakligini taʼkidladi. Hukumatga bu borada takliflar ishlab chiqish vazifasi topshirildi.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining shu yil 23 avgustdagi farmoniga muvofiq, Parij shahrida boʻlib oʻtgan XXXIII yozgi Olimpiya oʻyinlarida yuksak natijalarga erishgan sportchi va murabbiylardan bir guruhi faxriy unvon va ordenlar bilan taqdirlangan edi.

Tadbirda ana shu yuksak mukofotlar tantanali ravishda topshirildi.

Sportchi va murabbiylar, ota-onalar soʻzga chiqib, yuksak hurmat va eʼtibor uchun davlatimiz rahbariga minnatdorlik bildirdi.

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.