Ispaniyaning Barselona shahrida baydarka va kanoeda eshkak eshish buyicha boʻlib oʻtayotgan oʻsmirlar oʻrtasidagi jahon chempionatida hamyurtimiz Islom Abdusalomov sprint va slalom buyicha oʻtkazilgan bellashuvlar yakuniga koʻra jahonda ikkinchi oʻrinni egallab, Argentinadagi III yozgi oʻsmirlar Olimpiya oʻyinlariga yoʻllanma oldi.
Shuningdek, qizlar oʻrtasida sprint va slalom bahslarida ishtirok etayotgan Gulbahor Fayziyeva ham sprintdan soʻng birinchi pogʻonani egallab turgandi. Slalom bahslarida vakilamiz ham eng yaxshi natija qayd eta oldi va oʻz tengdoshlari orasida jahonda tengsiz deb topilib, delegatsiyamiz hisobiga Olimpiya oʻyinlarining yana bir litsenziyasini qoʻshib qoʻydi.
Buenos-Ayresdagi oʻsmirlar Olimpiya oʻyinlariga akademik eshkak eshish xamda baydarka va kanoeda eshkak eshish buyicha oʻzbekistonlik sportchilar har ikkala yunalishda ikkitadan yoʻllanmaga ega boʻlishgandi.
Yana bir yosh sportchimiz Sherzod Hakimjonov (Chirchiq) ham oʻsmirlar Olimpiya oʻyinlari meʼyorini bajarib, Argentinadagi nufuzli musobaqada qatnashish huquqini qoʻlga kiritdi.
Shu tariqa, baydarka va kanoechilarimiz Barselonadagi jahon chempionatida toʻrt imkoniyatdan uchta yoʻllanmaga sazovor bulishdi.
Maʼlumot uchun, bugungi kunga qadar hamyurtlarimiz quyidagi sport turlarida III yozgi oʻsmirlar Olimpiya oʻyinlari litsenziyasiga ega boʻlib ulgurishdi:
Ogʻir atletika — 3 ta, akademik eshkak eshish — 2 ta, ot sporti (konkur) — 1 ta, taekvondo — 1 ta, baydarka va kanoeda eshkak eshish — 3 ta.
Eslatib oʻtamiz, III oʻsmirlar Olimpiya oʻyinlari joriy yilning 6-18 oktyabr kunlari Argentina poytaxti Buenos–Ayresda boʻlib oʻtadi.
Oybek Yusupov tayyorladi