Prezident Shavkat Mirziyoyev 7 mart kuni Toshkent shahrida rejalashtirilgan qurilish va koʻkalamzorlashtirish ishlari taqdimoti bilan tanishdi.
Maʼlumki, 2025 yilda Toshkent shahrida Yoshlar oʻrtasidagi Osiyo oʻyinlari oʻtkaziladi. Unga qitʼamizdan koʻplab sportchi va murabbiylar, delegatsiyalar, jurnalistlar keladi. Bu nufuzli musobaqani yuqori saviyada oʻtkazish maqsadida poytaxtimizning Yashnobod tumanida Olimpiya shaharchasi qurilishi rejalashtirilgan. Uning loyihasi Angliyaning “Arup” muhandislik kompaniyasi tomonidan ishlab chiqilgan.
Loyihaga koʻra, shaharcha markazida olimpiya stadioni, uning ikki yonida yopiq sport majmualari, suv sporti saroyi, mashgʻulot maydonchalari, eshkak eshish havzasi barpo etiladi. Barcha sharoitlar Osiyo Olimpiya kengashi va xalqaro sport federatsiyalari talablariga muvofiq boʻladi. Maʼmuriy bino, yotoqxona, muzey va xoʻjalik obyektlari ham quriladi.
Musobaqalardan tashqari vaqtda shaharcha oʻquv-mashgʻulot bazasi boʻlib xizmat qiladi. Bu yerda Oliy sport mahorati instituti, sport federatsiyalari va sohadagi boshqa muassasalar faoliyat olib boradi.
Yana bir muhim jihat: shaharcha joylashadigan Yangi Oʻzbekiston koʻchasi boʻylab daraxtlar ekilib, sayilgoh tashkil etiladi. U yer aholi uchun ochiq boʻlib, sayr qilish, sport bilan shugʻullanish mumkin boʻladi.
Davlatimiz rahbari loyihaning qiymati, sportchi va tomoshabinlar uchun yaratiladigan qulayliklarni sinchiklab soʻradi. Mutasaddilarga ishlar hajmi va zarur mablagʻ miqdorini yilma-yil hisob-kitob qilib, aniq reja shakllantirish, qurilish boʻyicha tender eʼlon qilish yuzasidan koʻrsatmalar berdi.
“Yashil makon” umummilliy loyihasini amalga oshirish boʻyicha yigʻilishda Prezidentimiz yoʻl chetlarida gullaydigan va bargi rangli daraxtlar ekish maqsadga muvofiqligini aytgan edi. Taqdimotda shu boradagi rejalar koʻrib chiqildi.
Buning uchun Toshkent shahrining Kichik halqa yoʻli, Mustaqillik, Navoiy, Islom Karimov, Afrosiyob, Shahrisabz, Oybek, Bobur kabi 21 ta koʻchasi tanlab olingan. Ularda kashtan, siren, shumtol, lola daraxti, chinor, joʻka kabi manzarali koʻchatlar ekish rejalashtirilgan. Shuningdek, daraxtlarning tanasi toʻgʻri va ildizi mustahkam boʻlishi uchun repikaj usulida yetishtirish moʻljallangan.
Davlatimiz rahbari manzarali koʻchatlar bilan birga mahallalarda anjir, anor, xurmo kabi mevali daraxtlar ekish, ishkomli koʻchalar tashkil qilish muhimligini taʼkidladi.