Olimpiya shaharchasida qurilish jadal

0
20
marta koʻrilgan.

Prezident Shavkat Mirziyoyev Olimpiya shaharchasi qurilishini borib koʻrdi, deya xabar beriladi prezident. uz rasmiy veb- saytida.

Bu ulkan majmua kelgusi yil yurtimizda boʻlib oʻtadigan yoshlar oʻrtasida Osiyo va Paraosiyo oʻyinlari uchun qurilmoqda.

Musobaqalar Xalqaro Olimpiya qoʻmitasi tomonidan tan olingan 29 ta sport turi boʻyicha oʻtkaziladi. Ularda qitʼamizning 45 ta davlatidan 3 mingdan ziyod sportchi ishtirok etishi kutilmoqda.

100 gektar maydonga yoyilgan Olimpiya shaharchasida bularning barchasi uchun sharoit boʻladi. Bugungi kunda asosiy inshootlarda jadal qurilish ketmoqda. Xususan, 12 ming oʻrinli olimpiya stadioni, har biri 2 mingdan tomoshabinga moʻljallangan velodrom, suv sporti saroyi, yakkakurashlar va jamoaviy oʻyinlar majmualari qad koʻtarib qolgan.

Davlatimiz rahbari ushbu inshootlarda boʻlib, qurilishning borishini koʻzdan kechirdi. Mutasaddilar ochilish marosimi va musobaqalar paytida boʻlajak sharoitlar yuzasidan axborot berdi.

Shavkat Mirziyoyev qulaylik va xavfsizlik masalalariga alohida eʼtibor qaratdi. Bu jarayonlarni yuqori darajada raqamlashtirish, sunʼiy intellekt vositalaridan keng foydalanish lozimligini taʼkidladi.

Olimpiya shaharchasida, shuningdek, futbol, voleybol, tennis, chim ustida xokkey, yengil atletika kabilar boʻyicha 15 ta ochiq maydon boʻladi. Muzey va ofislarni oʻz ichiga olgan maʼmuriy bino, bogʻlar, sunʼiy koʻl barpo etiladi.

Prezidentimiz majmua  bunyodkori — Xitoyning “CAMC Engineering” kompaniyasi mutasaddisi bilan ham suhbatlashdi.  

Osiyo oʻyinlaridan keyin Olimpiya shaharchasidan samarali foydalaniladi. Prezidentimiz taʼkidlaganidek, bu joy mamlakatimiz sportining ilmiy, amaliy, oʻquv-mashgʻulot markazi boʻladi. Sport vazirligi, Antidoping agentligi, Davlat sport akademiyasi, Jismoniy tarbiya ilmiy-tadqiqotlar instituti, Sport turlarini rivojlantirish markazi shu yerda joylashadi. Professional sportchilarni tayyorlash va mahoratini oshirish boʻyicha mashgʻulotlar oʻtkaziladi. Hududiy sport tashkilotlarining shaharcha infratuzilmasidan foydalanishi yoʻlga qoʻyiladi.

Bu yerda “aqlli shahar” konsepsiyasiga asoslangan zamonaviy boshqaruv tizimi joriy etiladi. Umuman, shaharcha sport va sogʻlomlashtirish markazi sifatida uzoq yillar xalqimizga xizmat qiladi.

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.