Oliy Bosh Qoʻmondon Jamoat xavfsizligi universitetida boʻldi

0
39
marta koʻrilgan.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti, Qurolli Kuchlar Oliy Bosh Qoʻmondoni Shavkat Mirziyoyev Jamoat xavfsizligi universitetini borib koʻrdi, deya xabar beriladi prezident. uz rasmiy veb- saytida.

Mamlakatimizda qoʻmondonlik va texnik kadrlar tayyorlaydigan, bir necha oʻquv muassasalarini birlashtirgan koʻp bosqichli harbiy taʼlim tizimi yaratilgan. Jamoat xavfsizligi universiteti shulardan biri.

Davlatimiz rahbarining 2021 yil 15 apreldagi “Jamoat xavfsizligini taʼminlash sohasida professional kadrlar tayyorlash tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori asosida qayta tashkil topgan ushbu maskan malakali kadrlarni maqsadli tayyorlaydigan oliy harbiy taʼlim va ilmiy-tadqiqot muassasasi hisoblanadi. Oʻquv yurtining asosiy vazifasi chuqur oʻqitish, jangovar va jismoniy tayyorgarlikni oshirish orqali jamoat xavfsizligini samarali tashkil etishga qodir malakali mutaxassislarni tayyorlashdan iborat.

Buning uchun Ichki ishlar vazirligi va Milliy gvardiya uchun tegishli ravishda jamoat tartibini saqlash, yoʻl harakati xavfsizligi va pasport tizimi yoʻnalishlari boʻyicha, Qurolli Kuchlar va boshqa huquqni muhofaza qiluvchi organlar uchun esa harbiy diplomatiya, yurisprudensiya, iqtisodiyot, muhandislik-texnik, tarbiyaviy-psixologik va qoʻmondonlik-taktik faoliyat sohalarida zamonaviy taʼlim beriladi.

Universitetga 2021/2022 oʻquv yilidan boshlab talabalar qabul qilina boshlagan. Bakalavriatda 15, magistraturada 8 yoʻnalish bor. Bugungi kunda bakalavriatda mingdan ortiq kursant, maxsus yoʻnalish, sirtqi taʼlim va magistraturada yana shuncha yoshlar tahsil olyapti. Ularga jami 209 nafar oʻqituvchi, professor va fan doktorlari saboq bermoqda.

Oʻquv tizimining oʻziga xos xususiyatlaridan biri shundaki, bu yerda umumfuqaroviy asosda oʻqishga ruxsat berilgan boʻlib, bugungi kunda yurisprudensiya, iqtisodiyot va psixologiya taʼlim yoʻnalishlari boʻyicha talabalar tahsil olishmoqda. Universitet bitiruvchilari Milliy gvardiya va Ichki ishlar vazirligi jamoat xavfsizligini taʼminlash va jamoat tartibini saqlash boʻlinmalarida samarali xizmat qilmoqda. Shuningdek, oʻz qoʻriqlash tuzilmasiga ega davlat va xoʻjalik organlari uchun shu boʻyicha mutaxassislar tayyorlanadi.

Soʻnggi yillarda universitetning oʻquv binolari kapital taʼmirlanib, barcha sharoit yaratildi. Sport majmuasi va oʻquv-uslubiy situatsion markazi yangidan qurildi. Har biri 300 oʻringa moʻljallangan 6 ta yotoqxona zamonaviy holatga keltirildi.

Davlatimiz rahbari ushbu sharoitlarni koʻzdan kechirdi.

Oʻquv xonalari keng va yorugʻ, zamonaviy texnikalar bilan taʼminlangan. Axborot-resurs markazida 90 mingdan ziyod adabiyot va oʻquv qoʻllanmasi, 10 mingdan ortiq elektron adabiyot mavjud. Alisher Navoiy nomidagi Milliy kutubxona va oliy taʼlim muassasalarining yagona elektron kutubxona axborot tizimi bazalariga ulangan.

Universitetda ilmiy salohiyat oshib bormoqda. Tashkil etilgan yili bu bor-yoʻgʻi 10 foizni tashkil etgan boʻlsa, ayni paytda 75 foizga koʻtarildi. Universitet jamoasi tomonidan turli fanlar boʻyicha 200 dan ortiq oʻquv qoʻllanmasi, 120 ta darslik tayyorlanib, chop etildi. Universitet jamoasi xalqaro hamkorlikni kengaytirishga ham alohida eʼtibor qaratilmoqda.

Prezidentimiz ofitser va talabalar bilan muloqotda dual taʼlimni keng joriy qilish, oʻquv dasturini bugungi xavf-xatarlarga moslashtirib borish boʻyicha koʻrsatmalar berdi.

Universitetning yangi sport majmuasi ham koʻzdan kechirildi.

Ikki qavatli majmuada basseyn, trenajyor va krosfit zali, boks, koʻpkurash maydonlari tashkil etilgan. Katta sport zalida gimnastika, mini-futbol, gandbol, voleybol, basketbol, stol tennisi bilan birga balandlik tayyorgarligi va evakuatsiya mashgʻulotlarini oʻtkazish mumkin.

Kursantlar sportda ham katta yutuqlarga erishmoqda. Shu kungacha jahon chempionatlarida 4 oltin, 3 kumush, 5 bronza medal, qitʼa va respublika musobaqalarida ham koʻplab yutuqlar qoʻlga kiritildi. Bir nechta talabalar davlat stipendiyalariga, harbiy xizmatchilar “Mard oʻgʻlon” davlat mukofotiga sazovor boʻlgan.

Maʼnaviyat va maʼrifat markazida 500 oʻrinli tadbirlar zali, harbiy orkestr jamoasining shugʻullanishi uchun alohida xona, vatanparvarlik muzeyi, psixologik markaz joylashgan. Davlatimiz rahbarimiz ularning ijodiy chiqishlarini kuzatdi.

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.