Oliy Majlis Qonunchilik palatasi yigʻilishidan: Shifo – oʻrinlari qachon tartibga keladi?

0
254
marta koʻrilgan.

Mamlakatimizda aholiga malakali tibbiy xizmat koʻrsatishni tashkil etish borasida koʻplab amaliy ishlar qilinmoqda. Jumladan, tez tibbiy yordam tizimida transportlar bilan taʼminlanish yaxshilandi, barcha tibbiyot muassasalarida dori-darmon taʼminoti sezilarli darajada oshdi, tibbiyot xodimlarining oylik ish haqlari bosqichma-bosqich oshirilmoqda, oliy taʼlim muassasalariga maqsadli kvotalar belgilanmoqda. Bunday misollarni yana uzoq davom ettirish mumkin. Eng muhimi, xalqimiz buni oʻzining kundalik xayotida sezayotganligini eʼtirof etmoqda.

Ayniqsa, mamlakatimizda tashkil qilingan Shoshilinch tibbiy yordam tizimi dunyoda muqobili mavjud boʻlmagan noyob tizimdir. Uning fuqarolar sogʻligʻini saqlashdagi ahamiyati nihoyatda muhim oʻrin tutadi.

2019 yil 17 iyun kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasida “Hududiy sogʻliqni saqlash muassasalarida shifo oʻrinlari: muammo va yechim” mavzusida Fuqarolarning sogʻligʻini saqlash masalalari hamda Byudjet va iqtisodiy islohotlar qoʻmitasining yigʻilishida ayni shu masalalar muhokamalar markazida boʻldi.   

Maʼlumki, birlamchi sanitariya tibbiyot muassasalarining aholiga yaqinlashtirilgani, yaʼni qishloq vrachlik punktlari negizida oilaviy poliklinikalarning tashkil etilishi, ularda tor soha mutaxassilari faoliyatinining hamda kunduzgi shifoxonalarning tashkillashtirilishi statsionarga boʻlgan yuklamani kamaytirdi.

Deputatlar tomonidan oʻtkazilayotgan oʻrganishlar va tahlillardan maʼlum boʻlayaptiki, tuman va shahar tibbiyot boʻlimlarining shifo – oʻrinlari(koyka) soni tumanning geografik joylashuvi, uning viloyat markazidan uzoq–yaqinligi, aholi soni va kasallanish holati va boshqa tegishli faktorlar hisobga olinmasdan nomutanosib holda belgilanib faoliyat yuritib kelmoqda.

Tadbirda ushbu masalalar misolar orqali tahlil qilindi. Xususan, Namangan shahridagi birgina 300 ta koykasi mavjud shahar bolalar shifoxonasida 482 nafar bemorlar davolanmoqda. Shuningdek, 240 ta koykasi mavjud Mingbuloq tuman markaziy shifoxonasida 320 nafar bemor davolanayotganligi kuzatilgan.

Bundan tashqari, 171 ming aholi mavjud boʻlgan Gʻallaorol tumani tibbiyot birlashmasining reanimatsiya boʻlimida ham, 46 ming aholi yashaydigan Zafarobod tumani reanimatsiya boʻlimida ham shifo oʻrinlari (koyka) soni 6 ta etib belgilangan boʻlsa, vaholanki 106,0 ming nafar aholisi bor Xoʻjaobod tumanida 3 ta etib belgilangan. Yoki Amudaryo tumani aholisi 195 ming nafar boʻlib, ShTYo boʻlimiga 40 ta koyka ajratilgan boʻlsa, 481 ming aholisi boʻlgan Urgut tumanida ShTYo shifo oʻrinlari (koyka) 30 tani tashkil etadi.

Tahlillar tibbiyot muassasalarida koykalarni aniqlash va ajratish boʻyicha yagona yondashuv, yagona normativ-huquqiy hujjat mavjudmi degan savolni yuzaga keltirmoqda. Shu bilan birga aholi sonining oʻsib borishi bilan koykalar soni mutanosibligi taʼminlanmoqdami?

Tibbiyot sohasining ayrim yoʻnalishlari boʻyicha koykalarni aniqlash Sogʻliqni saqlash vazirining buyrugʻi bilan tasdiqlangan vaqtinchalik nizom bilan amalga oshirilmoqda. Eng qizigʻi bu nizomga ham toʻliq amal qilinmasdan kelinmoqda.

Jumladan, Shoshilinch tibbiy yordam va reanimatsiya boʻlimlaridagi koykalar soni Sogʻliqni saqlash vazirining 1999 yil 22 dekabrdagi 747-sonli buyrugʻi bilan tasdiqlangan vaqtinchalik nizom asosida belgilanishi lozim. Vaqtinchalik nizomga koʻra hududlarga koykalarning belgilanishi aholi soni bogʻlab qoʻyilgan va aholi sonining oʻzgarishi bilan koykalarga oʻzgartirishlar kiritilmagan.

Tanqidiy tahlil, bahs-munozara ruhida kechgan yigʻilishda ushbu masalalar Moliya va Sogʻliqni saqlash vazirliklari mutasaddilari hamda ekspertlar ishtirokida chuqur muhokama qilindi.

Yigʻilish soʻnggida fikr-mulohazalar va takliflarni inobatga olgan holda hukumatga tegishli soʻrov kiritish toʻgʻrisida qoʻmitalarning qoʻshma qarori qabul qilindi.

Manbaa: Oliy Majlis Qonunchilik palatasi rasmiy sayti

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.