Oliy, oʻrta maxsus va professional taʼlim tashkilotlarida xotin-qizlarning taʼlim olishlarini qoʻllab-quvvatlashga doir chora-tadbirlar toʻgʻrisida

0
114
marta koʻrilgan.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining qarori

Taʼlim tashkilotlarida tahsil olish istagidagi xotin-qizlar uchun yanada qulay shart-sharoitlar yaratish, ularning ilmiy salohiyati va malakasini tizimli oshirib borishni qoʻllab-quvvatlash maqsadida:

1. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022 yil 7 martdagi “Oila va xotin-qizlarni tizimli qoʻllab-quvvatlashga doir ishlarni yanada jadallashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PF-87-son farmoniga muvofiq, 2022/2023 oʻquv yilidan boshlab respublikadagi barcha xususiy, xorijiy va davlat oliy, oʻrta maxsus va professional taʼlim tashkilotlarida kunduzgi, sirtqi va kechki taʼlim shaklida xotin-qizlarning toʻlov-kontrakt asosida tahsil olishi uchun imtiyozli shartlarda taʼlim kreditlarini moliyalashtirish maqsadida tijorat banklariga Davlat byudjetidan mablagʻ ajratishning yangi tizimi joriy etilganligi maʼlumot uchun qabul qilinsin.

Belgilansinki:

tijorat banklari Moliya vazirligi tomonidan joylashtiriladigan depozit mablagʻlari hisobidan taʼlim kreditlarini 14 foiz stavkada ajratadi;

taʼlim kreditining asosiy qismi talabaning rasmiy oʻqish muddati tugagandan soʻng ettinchi oydan boshlab 7 yil davomida qaytariladi;

taʼlim krediti boʻyicha foiz stavkalarini soʻndirish Moliya vazirligi huzuridagi Taʼlim kreditini moliyalashtirish jamgʻarmasi (keyingi oʻrinlarda – Jamgʻarma) mablagʻlari hisobidan, ularni tijorat banklariga toʻlash orqali amalga oshiriladi;

taʼlim kreditini rasmiylashtirishda va uning qaytarilishida talabaning doimiy daromad manbaiga ega boʻlgan oila aʼzolari va boshqa uchinchi shaxs birgalikda qarz oluvchi sifatida qatnashishiga ruxsat etiladi;

“Ijtimoiy himoya yagona reestri”ga kirgan oilalarning xotin-qizlariga ajratiladigan taʼlim kreditlari uchun garov va kafilliklar talab etilmaydi.

2. Belgilab qoʻyilsinki:

Jamgʻarma mablagʻlari hisobidan tijorat banklarining soʻrovlariga asosan kelgusida 14 foiz stavkada taʼlim krediti ajratish uchun ularga 10 foiz stavkada depozit mablagʻlari joylashtiriladi;

Jamgʻarma tomonidan taʼlim kreditlari uchun tijorat banklariga zarur mablagʻlar ajratilishini taʼminlash va nazorat qilish maqsadida Jamgʻarmaga 1 ta Maktabgacha taʼlim vazirligi shtat birliklarini maqbullashtirish hisobidan va 1 ta Moliya vazirligining umumiy shtat birliklari doirasida jami 2 ta shtat birligi ajratiladi.

3. Vazirlar Mahkamasi bir oy muddatda Moliya vazirligi huzuridagi Taʼlim kreditini moliyalashtirish jamgʻarmasi hisobidan oliy, oʻrta maxsus va professional taʼlim tashkilotlarida xotin-qizlarning toʻlov-kontrakt asosida oʻqishi uchun taʼlim kreditlarini ajratish tartibi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlasin.

4. Moliya vazirligi Jamgʻarmaga 2022 yilda mablagʻlarning Davlat byudjeti va davlat maqsadli jamgʻarmalari mablagʻlari, byudjetni qoʻllab-quvvatlash uchun jalb qilinadigan xalqaro moliya institutlari va xorijiy hukumat moliya tashkilotlarining kreditlari, suveren xalqaro obligatsiyalarni chiqarish va qonunchilik hujjatlari bilan taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan ajratilishini, 2023 yildan boshlab esa Davlat byudjeti parametrlarida nazarda tutilishini taʼminlasin.

5. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining hamda Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim hujjatlariga ilovaga muvofiq oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilsin.

6. Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda bir oy muddatda qonunchilik hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.

7. Mazkur qaror ijrosini samarali tashkil qilishga masʼul va shaxsiy javobgar etib oliy va oʻrta maxsus taʼlim vaziri A.X.Toshkulov hamda moliya vaziri T.A.Ishmetov belgilansin.

Qaror ijrosini nazorat qilish va ijro uchun masʼul tashkilotlar faoliyatini muvofiqlashtirish Bosh vazir oʻrinbosari J.A.Qoʻchqorov zimmasiga yuklansin.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti                                                     Sh.MIRZIYOYEV

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.