“Olmaliq kon-metallurgiya kombinati” aksiyadorlik jamiyati jamoasiga

0
25
marta koʻrilgan.

Qadrli doʻstlar!

Avvalo, siz, azizlarni – Olmaliq kon-metallurgiya kombinatining koʻpmillatli ahil jamoasini Oʻzbekiston sanoatining faxri boʻlgan ushbu yirik ishlab chiqarish majmuasi tashkil etilganining 75 yilligi bilan chin qalbimdan samimiy tabriklayman.

Oʻzining shonli anʼanalari bilan dunyo miqyosida shuhrat qozongan bu koʻp tarmoqli kombinat sizlar kabi yuksak malakali konchi va mutaxassislar, ishchi va xizmatchilarning fidokorona mehnati bilan respublikamizning iqtisodiy qudrati va xalqimiz farovonligini oshirishga ulkan hissa qoʻshib kelmoqda.

Mamlakatimiz iqtisodiyotida mavjud xomashyo zaxiralaridan samarali foydalanish va ilgʻor texnologiyalarga asoslangan milliy sanoatni rivojlantirishdek ustuvor vazifani ado etish maqsadida keyingi yillarda bu yerda keng miqyosdagi modernizatsiya ishlari amalga oshirilmoqda.

Bu haqda gapirganda, “Qalmoqqir”, “Angren”, “Chodak”, “Xonjiza” maydonlari va yangi ochilgan “Yoshlik – 1” konidagi xomashyoni chuqur qayta ishlaydigan 6 ta korxona va 5 ta boyitish fabrikasi, mis eritish va rux zavodlari hamda boshqa ishlab chiqarish infratuzilmalari barpo etilganini qayd etish lozim. Ana shunday muhim oʻzgarishlar tufayli kombinat mis ishlab chiqarish boʻyicha dunyodagi oʻttizta eng yirik majmua qatoridan munosib oʻrin olgani barchamizni albatta mamnun etadi.

Bugungi kunda bu yerda yiliga 60 million tonna maʼdanni qayta ishlaydigan 3-mis boyitish fabrikasi qurilishi yakuniga yetkazilmoqda. Yaqinda Olmaliqda boʻlib, sizlar bilan birgalikda ana shunday quvvatga ega boʻladigan 4-mis boyitish fabrikasi qurilishini boshlaganimiz ham alohida eʼtiborga loyiq. Ushbu fabrikalar ishga tushishi bilan kombinat boʻyicha yiliga 160 million tonna xomashyoni qayta ishlash imkoni paydo boʻladi. Aytish kerakki, bu – Oʻzbekiston sanoati tarixidagi mislsiz natijadir.

Sanoatning drayver sohalarini rivojlantirish va hududlar salohiyatini toʻliq ishga solishga qaratilgan jadal va tizimli ishlarimiz tufayli kombinatda Toshkent viloyati aholisi uchun minglab yangi ish oʻrinlari yaratilishi diqqatga sazovordir.

Aziz yurtdoshlar!

Maʼlumki, biz tabiiy boyliklarni oʻzlashtirish uchun yirik investitsiyalarni jalb etish, sanoat sohasida yuqori malakali kadrlar tayyorlash masalasiga ustuvor ahamiyat bermoqdamiz.

Shu maqsadda kombinat tarkibida tashkil etilgan, dunyodagi ilgʻor tajribalar, jumladan, dual taʼlim dasturlariga muvofiq faoliyat yuritayotgan Muhandislik maktabiga biz katta ishonch bilan qaraymiz. Shuningdek, Olmaliqdagi Toshkent davlat texnika universiteti hamda Moskva poʻlat va qotishmalar instituti filiallari ham bu borada oldimizda turgan vazifalarni bajarishga katta hissa qoʻshayotganini taʼkidlash lozim. Biz ushbu oliygohlarning moddiy-texnik va oʻquv-metodik bazasini mustahkamlash ishlarini davom ettiramiz.

Inson qadrini ulugʻlash, uning hayotiy manfaatlarini taʼminlash uchun kombinat ishchi va xizmatchilarining mashaqqatli mehnatini ragʻbatlantirish, ularning ish va dam olish sharoitlarini yaxshilashga jiddiy eʼtibor qaratilmoqda. Kelgusida bu yoʻnalishdagi ishlarimiz albatta yangi bosqichga koʻtariladi.

Fursatdan foydalanib, bugungi bayram munosabati bilan Vatanimizning yuksak mukofotlariga sazovor boʻlgan majmuaning bir guruh ishchi-xizmatchilarini chin dildan tabriklab, kelgusi ishlarida yangi muvaffaqiyatlar tilayman.

Hurmatli bayram ishtirokchilari!

Global ishlab chiqarishning muhim va ajralmas boʻgʻiniga aylangan, kuchli iqtisodiyotga ega boʻlgan Yangi Oʻzbekiston davlatini barpo etishda Olmaliq kon-metallurgiya kombinati kabi yetakchi sanoat korxonalarining beqiyos oʻrni va ahamiyatini mustahkamlashda sizlarga yangidan-yangi zafarlar tilayman.

Barchamiz uchun qadrli, shonli tarix va yorugʻ kelajakka ega boʻlgan kombinat hayotidagi bugungi qutlugʻ sana bilan sizlarni yana bir bor muborakbod etib, barchangizga mustahkam sogʻlik, oilaviy baxt, mehnat faoliyatingizda omad va muvaffaqiyat tilayman.

Shavkat Mirziyoyev,

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.