Har bir ijodkor oʻz faoliyatini tahlil etadi, xolislik, haqqoniylik tarozisiga solib koʻradi. Shu maʼnoda “Oltin qalam” milliy mukofoti uchun oʻtkazilayotgan xalqaro tanlov ommaviy axborot sohasi xodimlarini oʻz ijodiga yana bir karra teran nazar tashlash, sarhisob etish, izlanishdan, olgʻa intilishdan charchamaslikka daʼvat etayotgani bilan ahamiyatlidir.
Poytaxtimizdagi «Turkiston» saroyida jurnalistika sohasidagi «Oltin qalam» XV milliy mukofoti gʻoliblarini taqdirlashga bagʻishlangan tadbir boʻlib oʻtdi.
Oʻzbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi raisining oʻrinbosari Xolmurod Salimov mamlakatimizda olib borilayotgan izchil islohotlar, keng qamrovdagi yangilanish jarayonlari milliy jurnalistika sohasida ham oʻzining yorqin ifodasini topayotganini taʼkidladi.
Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan qabul qilinayotgan qonun hujjatlari ommaviy axborot sohasidagi yangi imkoniyatlarga eshik ochmoqda. Keyingi yillarda milliy media sohani rivojlantirish yuzasidan koʻplab amaliy ishlarga qoʻl urildi. Jurnalistika ravnaqini koʻzlovchi ezgu tashabbuslar hayotga faol tatbiq etilmoqda. Soʻz va matbuot erkinligi bosma nashrlar, ijtimoiy tarmoqlar, internet nashrlari, media sohaning barcha jabhalarida yaqqol koʻzga tashlanmoqda.
Ayni damda erkinlik masʼuliyatini his etish masalasi ham dolzarb ahamiyat kasb etayotir. Prezidentimizning «Ommaviy axborot vositalari mustaqilligini taʼminlash hamda davlat organlari va tashkilotlari axborot xizmatlari faoliyatini rivojlantirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida»gi qaroriga muvofiq, media sohada yangi tizim yaratildi.
Barcha vazirlik va idoralar, tuzilmalar tarkibidagi matbuot xizmatlari faoliyati yanada jonlandi. Ular tomonidan ijtimoiy jarayonlar haqida ishonchli axborot berish maqsadida matbuot anjumanlari, brifinglar, media turlar muntazam oʻtkazilmoqda. Jamiyatdagi muammolarga tezkor munosabatlar bildirilmoqda.
Oxirgi yillarda yurtimizda katta auditoriyaga ega boʻlgan qariyb 290 ta xususiy va idoraviy internet nashrlari tashkil etildi. Ular tegishli axborotlar bilan birga eng muhim rasmiy xabarlar, normativ-huquqiy hujjatlarni oʻzbek, rus va ingliz tillarida tarqatmoqda. Muhimi, ommaviy axborot vositalari joylardagi muammo va kamchiliklarni bugun baralla aytmoqda. Ularning samarali yechimiga yoʻl topilishiga media tuzilmalar faol va munosib hissa qoʻshmoqda.
Bugun mamlakatimizda 1,8 mingdan ortiq ommaviy axborot vositasi faoliyat koʻrsatmoqda, ularning 60 foizdan ortigʻini nodavlat media tuzilmalar tashkil etadi. Internet tarmogʻida ommaviy axborot vositasi sifatida roʻyxatdan oʻtib, faoliyat yuritayotgan veb-saytlar soni 630 taga yetdi.
Oʻzbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi hamda Jurnalistlarni qayta tayyorlash xalqaro markazi tomonidan oʻtkazilayotgan “Oltin qalam” milliy mukofoti uchun xalqaro tanlov yurtimiz jurnalistikasini yanada rivojlantirish, ijodkorlarni oʻz ustida ishlashga daʼvat etmoqda. Milliy media olamida oʻziga xos oʻringa ega boʻlgan «Oltin qalam» mukofoti uchun tanlovda oʻtgan yillar mobaynida 7 mingdan ortiq jurnalist 107 mingga yaqin ijtimoiy ahamiyatga molik ishlari bilan qatnashdi. Ishtirokchilardan 290 nafardan ortigʻi tanlov gʻolibi boʻldi. 2020 yilda tanlov pandemiya sababli oʻtkazilmadi.
Joriy yilda tanlovni oʻziga xos formatda oʻtkazishga alohida ahamiyat qaratildi. Xususan, «Chet ellik jurnalistning Oʻzbekiston haqidagi eng yaxshi materiali uchun» ragʻbatlantiruvchi nominatsiya asosiy mukofotlar sirasiga kiritildi. Yana bir oʻzgarish – tanlovga taqdim etilgan materiallarning elektron shaklini uyushmaning journalist.uz veb saytida ochilgan «Oltin qalam – 2021» boʻlimiga joylashtirish, uni besh balli tizim boʻyicha baholash yoʻlga qoʻyildi. Bu jarayonda ishtirokchilarning ishlari ommaviy axborot vositalari, media tuzilmalar, sohaga kadr yetishtiruvchi oliy oʻquv yurtlari, axborot xizmatlari tomonidan baholab borildi.
Bu yilgi tanlovda 430 ga yaqin jurnalist uch mingdan ortiq ijodiy ishi bilan qatnashdi. Soʻzga masʼuliyat va ifoda mahorati, jurnalistning fuqarolik pozitsiyasi, tanqidiy-tahliliy mushohada, yuksak professionalizm, ijodga yangicha yondashuv kabi mezonlar asosida ishlar baholandi. Gʻolib va sovrindorlarni aniqlash, yaʼni yakuniy xulosaga kelishda tanlov nizomida belgilanganidek, uyushma saytida amalga oshirilgan baholash natijalariga ham tayanildi.
Tanlovni oʻtkazish bilan bogʻliq sarf-xarajatlar Oʻzbekiston ijodkorlarini qoʻllab-quvvatlash «Ilhom» jamoat fondi mablagʻlari hisobidan moliyalashtirilgan.
…“Turkiston” saroyida “Oltin qalam – 2021” tanlovining gʻoliblari nominatsiyalar ketma-ketligida eʼlon qilindi. Bosh mukofotga Prezidentimiz rahbarligida Oʻzbekistonda amalga oshirilayotgan yangilanish jarayonlari, islohotlar samaralari keng yoritilgani, gazetada eʼlon qilingan dolzarb, tahliliy-tanqidiy ruhdagi materiallar jamoatchilik eʼtiborini qozongani uchun “Yangi Oʻzbekiston” gazetasi hamda Vatanimizning ichki va tashqi siyosati mazmun-mohiyatini keng yoritishga, xalqaro hayotda mamlakatimiz imijini oshirishga qoʻshib kelayotgan hissasi uchun “Dunyo axborot agentligi munosib topildi. Ularga mukofotlarni Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari Behzod Musayev topshirdi.
– Mamlakatimizdagi islohotlar xalqimiz, ayniqsa, matbuot sohasi vakillarini yanada faol, fidoyi boʻlishga chorlayapti, – dedi “Yangi Oʻzbekiston” gazetasi bosh muharriri Salim Doniyorov. – Ijodiy jamoamizning “Oltin qalam” mukofotiga munosib topilishi bizga bildirilgan yuksak ishonchdan darak beradi.
– Bugun Prezidentimiz tashabbusi bilan Oʻzbekistonda kechayotgan yangilanish jarayonlari jahonning eʼtiboriga tushdi, – dedi “Dunyo” axborot agentligi direktori Sadriddin Suyarov. – Keng qamrovdagi bu ijobiy oʻzgarishlar insonparvarligi, xalqchilligi, ijtimoiy yoʻnaltirilgani sababli ham xalqaro miqyosda tobora yuksak eʼtirof etilmoqda. Ayni islohotlarni batafsil yoritib borish ommaviy axborot vositalari sohasi vakillaridan katta masʼuliyat, salohiyat, zamon shiddatiga mos boʻlgan tezkorlikni, izlanuvchanlikni talab etmoqda.
Tadbirda tanlovning barcha nominatsiyalari boʻyicha gʻoliblarga maxsus statuetka, diplom va pul mukofotlari tantanali topshirildi. Sanʼat ustalari va ijrochi yoshlar ishtirokidagi konsert dasturi tadbirga yanada fayz bagʻishladi.
Nazokat USMONOVA, OʻzA muxbiri