Ommaviy axborot vositalari vakillari uchun bayonot

0
156
marta koʻrilgan.
Muhtaram Prezident Janobi Oliylari!

Hurmatli ommaviy axborot vositalari vakillari!

Avvalambor, Afgʻoniston Prezidenti Ashraf Gʻani Janobi Oliylari boshchiligidagi nufuzli delegatsiyani Oʻzbekiston zaminida muborakbod etishdan gʻoyat mamnun ekanimni izhor etaman.

Biz hozirgina uchrashuvlarimizning rasmiy qismini yakunladik.

Ochiqlik, oʻzaro hamfikrlik, doʻstona va amaliy ruhda oʻtgan muzokaralar chogʻida muhokama qilingan barcha masalalar boʻyicha yondashuv va qarashlarimiz yaqin va oʻxshash ekanligi namoyon boʻldi.

Hamkorligimizning dolzarb mavzulari koʻrib chiqildi. Mintaqaviy va xalqaro ahamiyatga molik masalalar, xususan, terrorizm, ekstremizm va narkotrafikka qarshi kurash, Markaziy Osiyoda xavfsizlikni mustahkamlash yuzasidan fikr almashildi.

Oʻzbekiston Afgʻonistonda tinchlik va osoyishtalik oʻrnatilishiga qaratilgan barcha amaliy tashabbuslarni qoʻllab-quvvatlaydi.

Afgʻoniston muammosini harbiy yoʻl bilan hal etish mumkin emas. Bu oʻlkada tinchlik va barqarorlik oʻrnatishning eng toʻgʻri yoʻli – bu siyosiy muzokaralar olib borishdir.

Donor davlatlar va tashkilotlarning moliyaviy, iqtisodiy va insonparvarlik yordamiga tayangan holda va Birlashgan Millatlar Tashkilotining faol ishtirokida umummilliy yarashuvga erishish muhimdir.

Biz Afgʻoniston hukumatining mamlakatda barqarorlik va tinchlik oʻrnatish, muzokaralar orqali umummilliy yarashuvga erishish, ijtimoiy-iqtisodiy vaziyatni yaxshilash yoʻlidagi saʼy-harakatlarini toʻla qoʻllab-quvvatlaymiz.

Qoʻshni Afgʻonistondagi tinchlik Markaziy Osiyoning barqaror va izchil rivojlanish istiqbollarini toʻliq roʻyobga chiqarish uchun imkon yaratadi.

Yaqinda Samarqand shahrida yuqori darajada oʻtkazilgan Xalqaro konferensiyada Afgʻonistonda tinchlik oʻrnatish mintaqa va jahon miqyosida muhim masala ekani alohida taʼkidlandi.

Bizning birinchi galdagi vazifamiz Afgʻonistonning mintaqaviy iqtisodiy-ijtimoiy jarayonlarga qoʻshilishi uchun har tomonlama koʻmaklashishdan iborat.

Bu, oʻz navbatida, jahon hamjamiyatining Afgʻonistonda tinch taraqqiyotni taʼminlashga qaratilgan saʼy-harakatlariga uygʻun va hamohangdir.

Oʻzbekiston bundan buyon ham qoʻshni Afgʻonistonni iqtisodiy jihatdan tiklash, uning transport va energetik infratuzilmasini rivojlantirish, milliy kadrlarini tayyorlash jarayonlarida faol ishtirok etadi.

Biz xalqaro maydonda oʻzaro hamkorlik har ikki mamlakat manfaatlariga mos kelishini eʼtirof etib, Birlashgan Millatlar Tashkiloti, Islom hamkorlik tashkiloti va boshqa tuzilmalar doirasida oʻzaro qoʻllab-quvvatlash tajribasini davom ettirishga tayyorligimizni taʼkidladik.

Ashraf Gʻani Janobi Oliylari Samarqand shahrida Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazini hamda Toshkentda Islom sivilizatsiyasi markazini barpo etish toʻgʻrisidagi Oʻzbekistonning tashabbuslarini qoʻllab-quvvatlaganini biz yuksak qadrlaymiz.

Mazkur tashabbuslar yoshlarni diniy bagʻrikenglik va milliy qadriyatlarimizga mos ravishda tarbiyalash, ularni turli zararli oqimlar va terrorchilik gʻoyalari taʼsiridan himoya qilishda muhim ahamiyat kasb etadi.

Hurmatli doʻstlar!

Muzokaralar yakuniga koʻra, Qoʻshma bayonot, siyosiy, savdo-iqtisodiy va madaniy-gumanitar hamkorlikka oid 20 ta hujjat imzolandi va muhim kelishuvlarga erishildi.

Ikki mamlakat oʻrtasida Xavfsizlik sohasida hamkorlikka oid qoʻshma komissiya tuzish toʻgʻrisida Bayonnoma qabul qilindi.

Biz Termiz shahrida Afgʻonistonning konsulxonasini ochish toʻgʻrisida ham kelishib oldik.

Sizlarga yaxshi maʼlum, Afgʻoniston delegatsiyasining tashrifi arafasida birinchi marta Toshkent va Kobul oʻrtasida toʻgʻridan-toʻgʻri havo qatnovlari yoʻlga qoʻyildi. Bu voqea nafaqat chuqur ramziy maʼnoga, ayni paytda katta amaliy ahamiyatga egadir.

Endi ikki mamlakat rasmiy vakillari, ishbilarmon doiralari, eng asosiysi – oddiy fuqarolari Toshkent yoki Kobulga bevosita borib-kelish imkoniyatiga ega boʻlishdi.

Mintaqa davlatlari hamda Oʻzbekiston va Afgʻoniston uchun strategik ahamiyatga ega transport va energetika infratuzilmalarini barpo etish boʻyicha oʻta muhim kelishuvlarga erishdik.

Xususan, «Surxon–Puli-Xumri» elektr uzatish liniyasini qurish loyihasi Oʻzbekiston mutaxassislari tomonidan amalga oshiriladi.

Biz, shuningdek, «Mozori Sharif–Shibirgʻon–Maymana–Hirot» temir yoʻlini barpo etish boʻyicha bitimni ham imzoladik.

Afgʻoniston shimolida foydali qazilmalar, jumladan, uglevodorod zaxiralarini izlab topish va ularni oʻzlashtirish boʻyicha qoʻshma loyihalarni birgalikda amalga oshirish borasida fikr almashdik.

Savdo va tranzit sohalarida hamkorlik toʻgʻrisidagi imzolangan bitimlar iqtisodiy aloqalarimiz koʻlamini yanada kengaytirishga qaratilgan.

Oʻzbekistonda ikki tomonlama savdo-iqtisodiy munosabatlarni yanada rivojlantirish uchun amaliy chora-tadbirlar koʻrilmoqda.

Jumladan, temir yoʻl, tranzit va boshqa toʻlovlarning tarif narxlari tushirilib, savdo ayirboshlash hajmini oshirish uchun eng qulay sharoitlar yaratilmoqda.

Ushbu tashrif doirasida umumiy qiymati yarim milliard dollarga teng bugʻdoy, qora metall prokati, mineral oʻgʻitlar, qurilish mollari, dukkakli va boshqa mahsulotlar eksporti boʻyicha kelishuvlar bu yoʻlda katta qadam boʻladi.

Biz Afgʻoniston bozoriga mashinasozlik, elektrotexnika, kimyo va tekstil mahsulotlari, zamonaviy yengil va yuk mashinalari, avtobuslar, qishloq xoʻjaligi texnikasi, mineral oʻgʻitlar, qurilish materiallari, oziq-ovqat, meva-sabzavot mahsulotlarini yetkazib berishga tayyorligimizni bildirdik.

Muhtaram Prezident Janobi Oliylari bilan davlatlarimiz oʻrtasidagi madaniy-gumanitar hamkorlikni rivojlantirishga ham kelishib oldik.

Afgʻonistonliklar uchun oʻzbek tilini oʻrgatish, temir yoʻl hamda boshqa sohalar mutaxassislarini tayyorlash maqsadida Surxondaryo viloyatida maxsus taʼlim markazini tashkil etdik. Afgʻoniston fuqarolari uchun barcha zarur sharoitlar yaratdik.

Afgʻoniston uchun kerak boʻlgan mutaxassislarni mamlakatimiz oliy oʻquv yurtlarida oʻqitib berishga tayyormiz.

Shuningdek, Termiz shahridagi ixtisoslashgan shifoxonada Afgʻoniston fuqarolariga tibbiy xizmat koʻrsatish uchun barcha sharoitlar yaratildi.

Umumiy madaniy merosimiz ramzi boʻlgan Abu Rayhon Beruniy (Gʻaznada), Alisher Navoiy (Hirotda), Zahiriddin Muhammad Bobur (Kobulda) kabi buyuk siymolar qadamjolarini birgalikda qayta tiklash, taʼmirlash va obodonlashtirish boʻyicha ham kelishib oldik.

Biz Afgʻonistonning yaqin qoʻshnisi sifatida bu jafokash zaminda tinchlik-osoyishtalik barqaror boʻlishidan hammadan koʻra koʻproq manfaatdor ekanimizni yana bir bor taʼkidlayman.

Ayni shu maqsadda bugungi kunda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Afgʻoniston boʻyicha maxsus vakili faoliyat olib bormoqda.

Birgalikdagi saʼy-harakatlarimiz tufayli munosabatlarimiz bundan keyin yanada rivojlanadi, oʻzaro bordi-keldilar kuchayadi va bularning barchasi ikki xalq manfaatlariga javob beradi, deb ishonaman.

Aminmanki, boʻlib oʻtgan samarali muzokaralarimiz va imzolangan hujjatlar Oʻzbekiston Respublikasi va Afgʻoniston Islom Respublikasi oʻrtasidagi oʻzaro manfaatli va uzoq muddatga moʻljallangan aloqalarni yanada mustahkamlashga xizmat qiladi.

Eʼtiboringiz uchun rahmat.

 

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.