Oʻn beshta hududda IT-shaharcha tashkil etiladi

0
35
marta koʻrilgan.

Prezident Shavkat Mirziyoyevga mamlakatimizda raqamli texnologiyalarni rivojlantirish, bu sohada yoshlarni va loyihalarni qoʻllab-quvvatlash chora-tadbirlari boʻyicha axborot berildi, deya xabar beriladi prezident. uz rasmiy veb- saytida.

Davlatimiz rahbari bu haqda oʻtgan yili 20 dekabr kuni Raqamli texnologiyalar vazirligiga tashrifi chogʻida topshiriq bergan edi.

Soʻnggi yillarda bu soha juda tez rivojlanib, mutaxassislar va xizmatlar koʻpayib bormoqda. Xususan, 2017 yilda yurtimizda IT kompaniyalar soni 147 ta boʻlgan boʻlsa, bugungi kunda 2 mingga yaqinlashdi. Ularda 30 ming xodim yuqori daromadli ish bilan band. 70 mingdan ziyod yoshlar IT bilan mustaqil shugʻullanayapti.

Joriy yilning oʻtgan toʻrt oyida sohadagi xizmatlar hajmi 20 foiz oʻsdi, 200 million dollarlik eksport qilindi, 5 mingta ish oʻrni yaratildi.

Lekin, hududlar kesimida qaraganda, IT xizmatlari va eksportining asosiy ulushi Toshkent shahriga toʻgʻri keladi. Mutaxassislarning 80 foizi shu yerda yashaydi.

Shu bois, bu sohani chekka hududlarda ham rivojlantirish maqsadida, IT-shaharchalar tashkil etish rejalashtirilgan.

Loyihaga koʻra, bunday maskanlar dastlab 15 ta hududda – Chimboy, Gʻijduvon, Zomin, Sharof Rashidov, Forish, Xatirchi, Pop, Shahrisabz, Qoʻshrabot, Sariosiyo, Sirdaryo, Parkent, Toshloq va Tuproqqalʼa tumanlari hamda Xonobod shahrida tashkil qilinadi. Ularda yiliga 10 mingga yaqin yoshlar IT, chet tili va boshqa zamonaviy kasblar boʻyicha bepul oʻqitiladi.

Prezidentimiz shaharchalar yoshlar uchun qulay joyda boʻlishi, ularda yuqori malakali mutaxassislar dars berishi zarurligini taʼkidladi. 

– Shiddat bilan oʻzgarayotgan davrda hamma sohaga axborot texnologiyalarini biladigan kadrlar kerak. Bu sohada xizmatlar uchun ham, eksport uchun ham eng asosiy resurs bu – malakali mutaxassislar. IT-shaharchalar bu yoʻlda yoshlarga qanot boʻladigan, zamonaviy kasblarga oʻrgatadigan tizim boʻlishi kerak, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Rivojlangan davlatlarda IT sanoatni rivojlantirishda startaplarni qoʻllab-quvvatlashdan keng foydalaniladi. Yurtimizda ham bunday loyihalar boʻyicha tanlovlar oʻtkazib kelinmoqda. Lekin  bu borada shaffoflikni oshirish, loyihalarga natijadorlik asosida grant ajratish zarurati mavjud.

Shuning uchun IT taʼlim va dasturiy mahsulot yoʻnalishidagi loyihalar boʻyicha 1 milliard soʻmgacha boʻlgan startaplar tanlovini IT-park orqali oʻtkazish taklif etilmoqda.

Davlatimiz rahbari bu tanlovda ham, xuddi “President Tech Award”dagi kabi, nufuzli xalqaro kompaniyalar tomonidan baholashni yoʻlga qoʻyish zarurligini taʼkidladi.

Sunʼiy intellekt dasturlarini yaratish va qoʻllash boʻyicha ham muvaffaqiyatli ish olib borilmoqda. Jumladan, biometrik identifikatsiyalash uchun “My ID” tizimi rivojlantirildi. Bugungi kunda 28 ta bank va 5 ta davlat tashkiloti mazkur tizimga ulandi. U orqali 8 million 200 mingdan ortiq foydalanuvchi roʻyxatdan oʻtdi.

“Muxlisa” nomli oʻzbek tilidagi ovozli yordamchi ishlab chiqilmoqda. Ushbu ishlanmani turli zamonaviy texnika vositalariga oʻrnatish moʻljallangan.

Raqamli texnologiyalar sohasini yangi bosqichga olib chiqish maqsadida sunʼiy intellekt va kosmik faoliyatga oid normativ-huquqiy hujjatlarni takomillashtirish vazifasi qoʻyildi.

Shuningdek, taqdimotda Yagona kommunal xizmatlar platformasini joriy etish boʻyicha ham axborot berildi. Bu onlayn platforma orqali isteʼmolchilar 8 ta kommunal tashkilot xizmatlari uchun toʻlovlarni amalga oshirishi mumkin boʻladi. Unda 14 tadan ortiq idoralar maʼlumotlarini bir nuqtada jamlash hamda avtomatlashtirilgan ravishda taqsimlash imkoniyati paydo boʻladi.

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.