Dunyoda ona quvonchidan buyuk tuygʻu boʻlmasa kerak. Koʻzmoʻnchoqlarimizning kichkina yutuqi ham bizni yuksaklarga undaydi. Zero, ular oilamizning baxti boʻlish bilan birga iqtidorli bola yurt koʻrki hamdir. Shuning uchun quvonchimni ulashgim keldi. Barchamizning bolamiz yurtga suyanch, tayanch boʻlib ulgʻaysin.
Oʻgʻlim Urganch shahridagi 3-son maktabda taʼlim oladi. Shu bilan birga Urganch shahridagi Nixol innovatsion maktabiga qatnab mentalniʼy arifmetikadan saboq olmoqda.
Ushbu maktabning 12 nafar oʻquvchisi taʼtil boshlangan kezlarda Turkiyaning Antaliya shahrida boʻlib oʻtgan xalqaro olimpiadada qatnashib keldi. Ular safida oʻgʻlim Ravshanbek Qadamboyev ham borib, gʻoliblik kubogini qoʻlga kiritdi.
Nixol innovatsion maktabi direktori Umida Sobirovaning taʼkidlashicha, mentalniʼy arifmetikaga bagʻishlangan fan olimpiadasida 16 mamlakatdan oʻquvchilar qatnashgan. U yerga borgan kichkintoy yurtdoshlarimizning bari bilimi yuqoriligini, buyuk alloma Xorazmiy izdoshlari ekanligini namoyon etishgan. Oʻn oʻquvchi olimpiada gʻolibi boʻlishga erishgan.
Ushbu fan olimpiadasining ahamiyati beqiyos. Bolalarimiz oʻz bilimlarini jahon maydonida siynab koʻrishdi. Ularning fanga boʻlgan mehri va oʻziga boʻlgan ishonchi yanada kuchaydi. Shu bilan birga dunyo koʻrishdi, munosib hordiq ham olib tarixiy joylarni ziyorat qilishdi.
Nargiza Bekchanova