Bahor – yasharish va yangilanish pallasi, boqiy qadriyatlar ayyomidir. Bahor bayrami tomoshalarida xalqimizning qadimiy urf-odatlari, milliy anʼanalar, turli marosimlar namoyish etiladi. Shu tariqa milliy merosimiz avlodlar qalbiga singib boradi.
Bayram tantanalarining bolalar hayotida tutgan oʻrni ham benihoya katta. Kishi ruhiyatiga yangilanish, tozarish, yaratuvchilik sifatlarini baxsh etadi bahor. Oila, qon-qarindoshlar jamlanib, dasturxonga koʻklam taomlari tortilib, birdamlikda, bir-birlariga mehr ulashish ham shu faslga xosdir. Bu esa bola xotirasiga oila muqaddasligi, ogʻa-ini, opa-singilning bir-biriga mehr ulashishi kabi qadriyatlarini bir umrga singdirishi bilan ham qadrlidir.
Yaqinda poytaxtimizning Mirzo Ulugʻbek tumanidagi matematika va ingliz tili fanlariga ixtisoslashtirilgan 205-maktabda oʻtkazilgan “Mehr bayrami” barchaga ana shunday bayram ruhini baxsh etdi. Prezidentimiz Sh.M.Mirziyoyevning “Beshta tashabbus”ga bagʻishlangan mazkur tadbir har yilgidan-da koʻtarinki ruhda oʻtdi.
Milliy madhiyamiz sadolari yangradi. Dastlab bayram mezboni, 2-V sinf rahbari Nigmatova Nargiza Anvar qizi mehmonlar, ustoz muallimlar va ota-onalarni bahor bayrami bilan tabrikladi. Soʻngra bir-biridan koʻrkam, bahoriy liboslari oʻziga yarashgan oʻgʻil-qizlar bahor gullari bilan bezatilgan sahnada onalar, sumalak va koʻk chuchvaraning foydali jihatlari, uni tayyorlash, dalalarga ekin ekilishini madh etuvchi sheʼr va qoʻshiqlari bilan atrofga bahoriy kayfiyat ulashdilar.
Ayniqsa sumalak taomining paydo boʻlishi haqidagi afsonaviy hamda qishgi uyqudan uygʻongan ayiq, boʻri, tulki, quyon kabi turli hayvonlarga dehqon boboning rizq ulashish sahna koʻrinishi orqali bolajonlar oʻz iqtidorini namoyish etdilar. Shuningdek, “Boychechagim”, “Doʻppi”, “Qilpillama”, “Chipradalli”, “Lazgi”, zamonaviy Maykl Jekson qoʻshiq va raqslari barchaga zavq bagʻishladi.
Tadbir soʻnggida 205-maktab direktori Rahimova Nargiza Xushvaq qizi har bir oʻgʻil-qizning iqtidori ota-onalar va ustoz muallimlarning ularga boʻlgan eʼtibori orqali namoyon boʻlishi haqida gapirdi. Bugungi bayram tadbiri bolajonlar qalbida Vatanimizga, ota-onasiga, ustozlariga, umuman insonlarga, tabiatga boʻlgan mehri, munosabatini shakllantirishda beqiyos ekanligini takidladi.
Darhaqiqat, kelajakda farzandlarimizning Vatanimiz ravnaqi yoʻlida xizmat qiladigan mustahkam bilim egasi boʻlib voyaga yetishida bunday milliy bayramlarimizning ham munosib oʻrni bor. Bu ajoyib tadbir M.Ulugʻbek tuman xokimiyati, “Maʼnaviyat va maʼrifat” boʻlimi xodimlari, oʻqituvchi va oʻquvchilar, ota-onalar qalbiga milliy anʼanalarimiz shukuhini jo etgani bilan esda qoladigan boʻldi.
Muhabbat XOʻJAMURODOVA