Oʻqigan, izlangan, kasb egallagan odam qadrli boʻladi — Prezident

0
130
marta koʻrilgan.

Prezident Shavkat Mirziyoyev Navoiy shahridagi “Ishga marhamat” monomarkazini borib koʻrdi, deya xabar beriladi prezident. uz rasmiy veb- saytida. 

Markaz davlatimiz rahbarining 2020 yil 11 avgustdagi “Kambagʻal va ishsiz fuqarolarni tadbirkorlikka jalb qilish, ularning mehnat faolligini oshirish va kasb-hunarga oʻqitishga qaratilgan hamda aholi bandligini taʼminlashga oid qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qaroriga muvofiq tashkil etilgan. Bu yerda mehnat bozori talablari asosida xizmat koʻrsatish, qurilish, qishloq xoʻjaligi va texnika sohalardagi oʻttizga yaqin kasbga tayyorlash yoʻlga qoʻyilgan. Oʻquv va mashgʻulot xonalari tegishli uskuna, kompyuter, mulyaj va boshqa jihozlar bilan taʼminlangan.

Davlatimiz rahbari markazdagi mashgʻulotlarni koʻzdan kechirdi, yoshlar bilan suhbatlashdi.

— Ishsiz fuqarolarimizni kasb-hunarli qilib, hayotga yoʻllanma berish uchun mana shunday sharoitlarni tashkil qilayapmiz, — dedi Shavkat Mirziyoyev. — Bundan unumli foydalanib, kasbni yaxshi oʻrgansangiz, sizlar ish emas, ish sizlarni izlaydi, daromadingiz yuqori boʻladi. Necha yoshga kirishidan qatʼi nazar, oʻqigan, izlangan, kasb egallagan odam qadrli boʻladi. Men sizlarning shunday qadrli boʻlishingizni istayman.

Iqtisodiyot tarmoqlarida malakali mutaxasislarga talab oshib borayotgani, bu yerda oʻqigan yoshlar kelgusida ishga olinishi qayd etildi. 

— Juda katta-katta korxonalar quryapmiz, koʻpida chet eldan kelgan mutaxassislar ishlayapti. Bizning maqsadimiz — oʻzimizning yoshlarni ishlatish, xalqimizga oylik berish. Buning uchun vaqtni bekor oʻtkazmay, oʻzlaringni ham, ustozlaringni ham qiynab, kasbni mukammal egallashingiz kerak, — dedi Prezident.

Muassasa davlat-xususiy sheriklik tizimida ishlaydi. Davlat sharoit yaratib, ilmiy va moddiy jihatdan taʼminlaydi. Mashgʻulotlarni amaliyotchilar, tadbirkorlar, zavodlar vakillari olib boradi va keyinchalik bitiruvchilarni ishga oladi. Monomarkaz diplomi kasb-hunar maktablari diplomi bilan bir xil darajaga ega.

Shuningdek, markazda ingliz, rus, yapon, koreys tillarini oʻqitish kurslari ham ochilgan.

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.