Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida “Oʻqituvchilarning jamiyatdagi nufuzini oshirish bilan bogʻliq muammolar” mavzusida navbatdagi matbuot anjumani boʻlib oʻtdi.
“Respublikadagi eng katta ish beruvchi davlat tashkiloti Xalq taʼlimi vazirligi hisoblanadi, – dedi vazir Sherzod Shermatov. – Maktablarni bilimli va malakali oʻqituvchilar bilan taʼminlash, pedagog kadrlar yetishmovchiligini bartaraf etish asosiy vazifamizdir. Hozir tizimdagi oʻqituvchilarning 62 ming nafari oʻrta maxsus maʼlumotli. Biroq sohadagi islohotlar va jamiyatda oʻqituvchi maqomining koʻtarilishi natijasida 37 ming nafar oliy maʼlumotli oʻqituvchi maktablarga qaytib keldi”.
Vazir OAV vakillari savollariga javob berar ekan, mamlakat hududlarida joylashgan umumtaʼlim maktablaridagi ahvol hamon achinarli ekanini taʼkidladi.
“Oʻzbekistondagi maktablarning toʻrtdan birida suv yoʻq, – dedi Sherzod Shermatov. – Mingdan ziyod maktab hamon “burjuyka” pech orqali isitiladi. Chegara hududlarda joylashgan maktablarda xavfsizlik nol darajada. Biz hali robototexnika yoki kosmosga uchish haqida gapirmay qoʻya qolaylik, avval maktablardagi toza suv va isitish muammosini hal etib olaylik”.
Taʼlim muassasalaridagi mavjud kamchiliklar, oʻqitish tizimida yoʻl qoʻyilayotgan nuqsonlarning oldini olish, oʻquvchilardan asossiz pul yigʻishlarni toʻxtatish maqsadida maktablarda Kuzatuv kengashlari tuzilayotgani maʼlum qilindi. Kengash tarkibi asosan ota-onalardan iborat boʻlib, ular direktor faoliyatini nazorat qiladi. Bu loyihaga Angliyadagi School Board tajribasi ilhom bergani qayd etildi.
Xalq taʼlimi vaziri moʻtabar kasb egalarining nufuzi haqida gapirar ekan, oʻqituvchi siymosida zamon qahramoni obrazini yaratish taklifi bir necha yildan beri eʼtiborsiz qolayotganini aytdi.
“Mana, yaqinda Keniyadagi oddiy qishloq muallimi Dunyoning eng yaxshi oʻqituvchisi sovrini (“Global Teacher Prize”) va bir million dollar mukofot pulini qoʻlga kiritdi, – dedi Sherzod Shermatov. – Bizning yurtimizda ham ana shunday fidoyi, vijdonli oʻqituvchilar bor. Ularni izlab topishimiz, yuzaga chiqarishimiz kerak. Bunda OAVning roli katta. Hurmatli jurnalistlar, maktabga bor mehrini bergan va kasbini hayotining mazmuni deb biladigan oʻqituvchilarni topishda bizga yordam bering”.
Vazir sohaga eʼtibor xususida gapirib, davlat rahbarining eng birinchi qarori ham oʻqituvchining maqomini oshirishga qaratilganini eʼtirof etdi.
“Vaqti kelib, jamiyatda oʻqituvchining mavqei bundan ham yuksaladi, – dedi Xalq taʼlimi vaziri. – Prezidentimiz har bir videoselektorda oʻqituvchilar haqida albatta gapirib oʻtadi, “Ularning oyligini 1000 dollarga chiqarmaguncha toʻxtamaymiz”, deya koʻp aytadi. Nasib qilsa, albatta shu darajaga boramiz”.
Matbuot anjumanida Sherzod Shermatov Prezident maktablariga qabul jarayoni haqida ham fikr bildirdi.
“Prezident maktablariga oʻquvchilar faqat bilimiga qarab qabul qilinadi. Hech qanday tanish-bilishchilik, pul, iltimoslarga aslo yoʻl qoʻyilmaydi, – dedi vazir. – Prezidentimiz maktabga qabul jarayonini baholash uchun eng yuqori tajribaga ega xorijiy mutaxassislarni olib kelish talabini qoʻydi. Shuning uchun biz bir qancha davlatlarda mavjud amaliyotni oʻrgandik, tahlillarimizdan soʻng Cambridge universitetining Cambridge Assessment kompaniyasini tanlab oldik. Bu test oʻtkazish bilan shugʻullanuvchi dunyodagi eng nufuzli tashkilotlardan biri hisoblanadi. Oʻquvchi-nomzodlarni Prezident maktablariga qabul qilishni Cambridge Assessment toʻliq nazorat qiladi. Maqsad – halol raqobat asosida iqtidorli, ilmga chanqoq yoshlarni tanlab olish”.
Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi matbuot xizmati