Orolboʻyida yangicha industriya va tadbirkorlik ruhi

0
48
marta koʻrilgan.

Qoraqalpogʻiston Respublikasida shamol elektr stansiyalari va sanoat korxonalari qurilishi boshlandi, savdo majmualari ishga tushirildi, deya xabar beriladi prezident. uz rasmiy veb- saytida.

Shu munosabat bilan oʻtkazilgan marosimda Prezident Shavkat Mirziyoyev Qoraqalpogʻistonning iqtisodiy rivoji haqida soʻzladi. 

Buning uchun hududda keng koʻlamli ishlar olib borilmoqda. Soʻnggi besh yilda sanoat, tadbirkorlik va infratuzilma sohalarida 50 dan ortiq imtiyoz va yengilliklar berilgan. Xususan, investitsiya loyihalarini amalga oshirish uchun toʻgʻridan-toʻgʻri yer ajratish huquqi faqat Qoraqalpogʻistonda joriy qilingan. Qiymati 50 milliard soʻmdan yuqori loyihalarga infratuzilma ham tortib berilmoqda. 

Imtiyozlar hisobiga oʻtgan davrda tadbirkorlar ixtiyorida 2 trillion soʻmdan ziyod mablagʻ qolgan.

Hududda ishbilarmonlik infratuzilmasini yaxshilash uchun 44,5 trillion soʻm mablagʻ yoʻnaltirilgan. Natijada oxirgi yillarda 25 mingdan ortiq yangi tadbirkorlik subyekti paydo boʻlgan.

Birgina oʻtgan yilda 345 million dollarlik 1 ming 400 dan ortiq loyiha amalga oshirilib, 10 mingdan ziyod yangi ish oʻrni yaratildi. Joriy yilning birinchi yarmida 730 million dollar xorijiy investitsiya oʻzlashtirildi.

Qoraqalpogʻistonda chet el kapitali bilan tashkil etilgan korxonalar soni ham koʻpayib bormoqda. 2017 yilda 73 ta xorijiy va qoʻshma korxona boʻlgan boʻlsa, bugungi kunda ularning soni 175 taga yetdi.

Hozirda hudud iqtisodiyotiga turtki beruvchi qariyb 9,5 milliard dollarlik 120 dan ortiq yangi yirik loyihalar amalga oshirilmoqda. Ushbu loyihalar 2025-2028 yillarda bosqichma bosqich ishga tushiriladi. Natijada 20 mingdan ortiq yangi ish oʻrni, 12 trillion soʻmlik ishlab chiqarish quvvati va byudjetga 500 milliard soʻm qoʻshimcha tushum yaratiladi.

 Davlatimiz rahbari qurilishi boshlanayotgan va ishga tushirilayotgan majmualarning ahamiyati haqida toʻxtaldi.

Yurtimizdagi iqtisodiy oʻsish surʼatlari energetika sohasida ulkan vazifalarni qoʻymoqda. 

Soʻnggi yillarda 2 milliard dollar investitsiya hisobiga quvvati 2,6 gigavatt 10 ta quyosh va shamol stansiyalari ishga tushirildi. Yil yakuniga qadar qoʻshimcha 1,5 gigavatt quvvatlar tarmoqqa ulanib, “yashil” energiya ulushi 15 foizga yetkaziladi. 

Bundan tashqari, umumiy qiymati 19 milliard dollar boʻlgan 18,6 gigavattli 32 ta “yashil” loyiha amalga oshirilmoqda.

Prezidentimiz bunda Qoraqalpogʻiston Respublikasining hissasi katta ekanini taʼkidladi. Nufuzli tadqiqot institutlari hisob-kitoblariga koʻra, Qoraqalpogʻistonda 680 gigavatt quyosh, 120 gigavatt shamol energiyasi salohiyati bor.  

2030 yilga qadar Qoraqalpogʻistonda 11 milliard dollar toʻgʻridan-toʻgʻri investitsiya hisobiga, jami 10,3 gigavatt quvvatga ega 10 ta yirik shamol elektr stansiyasi qurilishi rejalashtirilgan. Bu loyihalar toʻliq ishga tushishi hisobiga yiliga 35 milliard kilovatt soat “yashil” energiya olinadi.

Quvvat uzatishda barqarorlikni taʼminlash uchun Qoʻngʻirot, Beruniy va Qoraoʻzak tumanlarida jami 400 megavattli 3 ta elektr energiyasini saqlash tizimi barpo etiladi.

Bugun ushbu loyihalarning bir nechtasi boʻyicha qurilish ishlari boshlanmoqda. Birinchisi, Xitoyning “Sany Renewable” kompaniyasi tomonidan Qoʻngʻirot tumanida quriladigan qiymati 1 milliard 200 million dollarlik, 1 gigavatt quvvatli shamol elektr stansiyasi. Ikkinchisi, Saudiya Arabistonining “ACWA Power” kompaniyasi bilan hamkorlikda Beruniy va Qoraoʻzak tumanlarida tashkil etiladigan qiymati 250 million dollarlik 100 megavatt elektr energiyasini saqlash tizimiga ega 200 megavatt quvvatli shamol elektr stansiyasi.

Kelgusida ularda yiliga 4 milliard 200 million kilovatt soat yoki 1 million 750 ming xonadonning bir yillik isteʼmoliga teng “yashil” energiya ishlab chiqariladi. Natijada qariyb 1,3 milliard metr kub tabiiy gaz tejaladi va atmosfera zararlanishi qariyb 2 million tonnaga qisqaradi.

Ahamiyatlisi, bu bilan bir paytda Qoʻngʻirot tumanida shamol turbinasi qismlari, minoralari va parraklarini ishlab chiqarish boʻyicha korxonalar qurilishi ham boshlanmoqda. Natijada yiliga 1 000 megavatt quvvatli shamol turbina qismlari va 120 ta minorani ishlab chiqarish mahalliylashtirilib, 100 million dollarlik import oʻrnini bosuvchi mahsulotlar tayyorlanadi.

Bundan tashqari, Nukus tumanida 24 million dollar investitsiya hisobiga yiliga 20 million dona isitish radiatorlari ishlab chiqarish yoʻlga qoʻyiladi.

Shahar va tumanlarni obod qilish, aholi uchun munosib turmush sharoitlari yaratish masalalari ham eʼtiborda. Shu kunlarda sanoat, qishloq xoʻjaligi, turizm va xizmat koʻrsatish sohalarida 62 million dollarlik 12 ta loyiha ishga tushirilmoqda. Marosimda ulardan ikkitasi – Beruniy tumani va Nukus shahridagi yirik savdo majmualari ochildi.  

Davlatimiz rahbari ramziy tugmani bosib, yangi inshootlarning qurilishi va faoliyatini boshlab berdi. Barchani mamlakatimiz iqtisodiyotida katta ahamiyatga ega ushbu loyihalar bilan tabrikladi.

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.