Orolga quyilishi kerak boʻlgan suv qayerga oqmoqda? Yoxud suv ostida qolgan qabriston

0
429
marta koʻrilgan.

Qoraqalpogʻiston Respublikasi Ellikqalʼa tumaniga qarashli Chuqurqoq ovuli fuqarolari va shu hududda chorvachilik bilan shugʻullanuvchi choʻponlar bir necha yillardan buyon yaylovlarni suv bosib ketayotganidan aziyat chekmoqda.

Yaqinda “qabriston suv ostida qoldi” degan murojaat boʻlgandan keyin mazkur holat bilan tanishish uchun Qizilqum bagʻriga otlandik.

Biz koʻzlagan manzil Chuqurqoq ovuliga 30 kilometr masofada joylashgan Sarixoʻja qabristoni edi. Bizga yoʻlda hamrohlik qilgan ellikqalʼalik Abilay Maxanov sahroni suv bosishi chorvachilikka hamda choʻl ekotizimiga jiddiy salbiy taʼsir koʻrsatayotganini taʼkidladi.

– 2009 yilda Sarixoʻja qabristoni hududida ham qurgʻoqchilik boʻldi, – deydi A.Maxanov. – Shu yili Sarixoʻja boboning 550 yilligini oʻtkazib, uning xotirasiga hurmat bajo keltirib, sadaqa tarqatganmiz. Qalin saksovulzor bor edi. Bugun qabriston suv ostida qolib ketdi, koʻp joylarga murojaat qildik, lekin befoyda. Chorvachilik bilan shugʻullanuvchi choʻponlar ham katta talafot koʻrmoqda. Yaqinda qishlogʻimizdagi bir kishining 7 tuyasi suvga choʻkib ketdi. Shu tuyalar bilan roʻzgʻor tebratayotgandi. Bu yoʻqotishni koʻtara olmay oʻzi ham vafot etdi. Bunday voqealar juda koʻp boʻlmoqda. Yilqilar, sigirlar qish kunlari muz qotgan koʻlning ustiga chiqadi va muz yorilib, suvga choʻkib ketadi.

Biz Ellikqalʼadan chiqqandan keyin 130 kilometr masofagacha suv bosib ketgan joylarni koʻzdan kechirib bordik. Toʻgʻri, suv – hayot manbai. Koʻllar hosil boʻlgan. Xorazmdan, Qoraqalpogʻistondan odamlar kelib baliq ovlamoqda. Qushlar va ularning turlari ham koʻp. Qamishzorlar paydo boʻlgan. Lekin yoyilgan suv sahro oʻsimliklariga, jumladan, saksovullarga jiddiy talafot yetkazmoqda. Hozirda Orol dengizining qurigan maydonidagi sahroga saksovul ekish uchun qancha kuch va mablagʻ jalb qilinayotgan boʻlsa, bu hududlarda mavjud boʻlgan saksovulzorlar vayron boʻlayotir. Yoyilgan zax saksovullarni chiritib yuborayapti.

Bizni oʻylantirgan eng dolzarb masala – shuncha isrof boʻlayotgan suv Orolga quyilganida qanday boʻlar edi? Sahroga qancha suv singib ketib ekotizimni yoʻldan chiqarayapti, chorvachilikka qancha ziyon yetkazayapti. Oʻzi bu suvlar qayoqdan paydo boʻlgan, qayoqqa ketayapti, nimaga uni Orolga quydirib, uchayotgan chang-toʻzonlarning oldini olmaymiz?

Maʼlum boʻlishicha, bu suvlar 2004-2013 yillarda Jahon bankining moliyaviy koʻmagida “Oʻzbekiston drenaj loyihasi” asosida qurilgan «Aqchadaryo» magistral kollektori suvlari ekan. «Aqchadaryo»ni mahalliy aholi “Xitoyqazgan” yoki “Xitoyjargan” deb ham nomlaydi.

Dunyodagi eng uzun kollektor

Qoraqalpogʻiston Respublikasi Bosh janubiy magistral drenaj kollektori “Aqchadaryo” dunyodagi eng uzun kollektor sanaladi. Uning uzunligi 193,8 kilometr va sekundiga 30-35 kubometr suv oʻtkazadi.

Ushbu kollektor 2004-2013 yillarda Jahon banki tomonidan “Oʻzbekiston drenaj loyihasi” asosida qurilgan. Loyiha asosida 241,93 kilometr magistral kollektorlar va 1903,4 kilometr xoʻjaliklararo kollektorlar tizimida qayta rekonstruksiya va taʼmirlash-tiklash ishlari amalga oshirilgan.

Qoraqalpogʻiston Respublikasining janubiy tumanlari ( Toʻrtkoʻl, Ellikqalʼa, Beruniy) hamda Taxtakoʻpir tumanining jami 100 ming gektar sugʻoriladigan maydonlarining zax suvlarini hududdan olib chiqib ketuvchi “Aqchadaryo” kollektori suvlari Janadaryoning (Janadaryo – Amudaryoning eski irmogʻi) eski oʻzani orqali Orol dengizining qurigan joyiga (Katta Orolga) chiqarib tashlanishi moʻljallangan.

Suv emas, zahar ichib kelganmiz

Ushbu kollektor qurib bitkazilgani Qoraqalpogʻistonda yashovchi xalqning toza ichimlik suvi bilan taʼminlanishiga zamin yaratdi, deyishimiz mumkin. Chunki undan avval Toʻrtkoʻl, Ellikqalʼa, Beruniy tumanlari hududlaridagi 100 ming gektar paxta, sholi, bugʻdoy va boshqa ekin maydonlaridan chiqqan suvlar Amudaryoga tashlanib turgan. Biz uni ichib kelganmiz. Biz shu paytlarda aslida suv emas, zahar ichganmiz.

Hukumat ushbu noxush holatning oldini olish uchun ana shu kollektorni qazish loyihasiga qoʻl urgan. Natijada daryo suvi sifati yaxshilana boshladi. Toʻrtkoʻl, Ellikqalʼa, Beruniy tumanlarining jami 100 ming gektar sugʻoriladigan maydonlarning meliorativ holati yaxshilanishiga hamda sizot suvlarning hududdan betoʻxtov chiqib ketishiga zamin yaratildi. Shunday qilib Amudaryoga tushib turgan zax suvlar yangi kollektor orqali Katta Orolga oqa boshladi. Lekin…

Orolga quyilishi kerak boʻlgan suv qayoqqa oqmoqda?

– Loyiha asosida mazkur kollektorning 100 kilometri rekonstruksiya qilindi hamda eni 40 metr, chuqurligi 3 metr, suv sarfi sekundiga 25 metr kub boʻlgan «Aqchadaryo» kollektori qurildi, – deydi Qoraqalpogʻiston Respublikasi suv xoʻjaligi vazirligi huzuridagi meliorativ ekspeditsiyasi boshligʻi Satmurat Qalmuratov. – «Aqchadaryo» kollektori Sirdaryoning eski irmogʻi Janadaryoning qurib qolgan oʻzaniga quyiladi. Janadaryo esa Sharqiy Orol (yoki Katta Orol) qismiga suvni olib ketadi. Kollektorni qurish natijasida yangi vetlandlar paydo boʻlishi va atrof-muhit ekotizimi yaxshilanishiga imkon yaratildi. Kollektor ishga tushgandan keyin yer osti zax suvlari kamaydi, tuproqning tuzliligi 2006 yilga nisbatan ancha pasaydi. Lekin kuzgi-bahorgi shoʻr yuvish va vegitatsiya davrida kollektorda suv sarfi sekundiga 40-50 metr kubgacha, yaʼni ikki barobarga koʻtarilib ketadi. Suv koʻtarilishi oqibatida “Nukus – Uchquduq” avtoyoʻlining 199-200 kilometrida kollektor dambalarining koʻp joylari buzilgan. Chuqurqoq qishlogʻi hududi va Sarixoʻja qabristoni kollektor sathidan 1,5 metr pastda joylashgani tufayli filtratsiya suvlari ostida qolib ketgan. Biz kollektor suvi Orolning qurigan qismiga quyilayaptimi, yoʻqmi uni bila olmaymiz. Chunki kollektorning quyi qismida suvlar yanada yoyilib ketib, botqoqlikka aylangan. Texnika ham, odam ham bu botqoqliklardan oʻta olmaydi. Faqat vertolyot yoki samolyot orqali uchib oʻtib, koʻrishimiz mumkin.

Suv ostida qolgan qabristonni qanday qutqarish mumkin?

Abilay Maxanov mahalliy aholi nomidan Sarixoʻja qabristonini suvdan qutqarish boʻyicha koʻp joylarga murojaat qilib kelmoqda. U suvni qochirish boʻyicha oʻzi ham baʼzi fikrlarni aytmoqda. Unga koʻra, Sarixoʻja qabristonidan gʻarbda yarim kilometrlar nariroqda eski daryo oʻzani, yaʼni chuqur soy bor. Kollektor suvini shu tomonga oqizish kerak. Oʻzan esa suvni Orol dengizi tomon tortib ketadi.

Lekin Qoraqalpogʻiston Respublikasi Suv xoʻjaligi vazirligi huzuridagi meliorativ ekspeditsiyasi boshligʻi Satmurat Qalmuratov bu fikrni qoʻllab-quvvatlamaydi. Uning aytishicha, Janadaryoning eski oʻzanida tabiiy qum uyumlari hosil boʻlgan. Oqqan suvlar shu toʻsiqlardan oʻta olmay ortga qaytib keladi va suv yana yoyilib ketadi. Xullas, suvni Janadaryoning quyi qismi tortib olib keta olmaydi.

Muammo boshi berk koʻchaga kirib qolganday. Qabristonni suvdan qanday asrash mumkin?

A.Maxanov mahalladoshlari bilan maslahatlashib, qabristonni qum bilan koʻmishga kelishgan. Har bir qabrga uzun qoziqlar qoqilib, unga marhumlarning nomlari yoziladi. Ustiga qum uyulib, marhumlarni avvalgi qoqilgan qoziqlar orqali topish mumkin. Lekin mahalliy aholi hanuzgacha suvning boshqa tomonga yoʻnalishidan umidvor. Axir, bu suvlar faqat qabristonga ziyon yetkazgani yoʻq-ku. Avval, taʼkidlanganidek, sahro ekotizimi jabr koʻrmoqda, chorvachilikka talafot yetmoqda, eng asosiysi Orolga quyilishi kerak boʻlgan suv manziliga yeta olmay qolgan.

Savol tugʻiladi, Jahon banki ajratgan 75 million dollar mablagʻ toʻgʻri ishlatildimikan? Nega Orolga chiqarib tashlanishi kerak boʻlgan suvlar Qizilqum ichida qolib ketdi? Shoʻr yuvish va vegetatsiya davrida kollektorda suv sarfi ikki martaga oshadigan boʻlsa, nega uni soatiga 25 metr kub suv sigʻadigan qilib ishlagan? Hisob-kitob boʻlmaganmi?

Hozircha ushbu savollarga aniq javob yoʻq. Suv esa isrof boʻlmoqda.

P.S.: Fikrimizcha, agar sahroda isrof boʻlayotgan shuncha suvlar Orolning qurigan qismiga quyilganda, dengiz qaytadan avvalgi holatiga maʼlum darajada qaytgan boʻlarmidi? Dengizning qurigan tubidan tuzlarning koʻtarilishi toʻxtarmidi? Hozirda Aqchadaryoning atrofida hosil boʻlgan koʻllarda koʻplab baliqchilarni koʻrish mumkin. Shu baliqchilikni Orolning oʻzida qilganda qanday yaxshi edi-ya?

Yesimxon QANOATOV, Maqsad HABIBULLAYEV (surat)
Manbaa: OʻzA
Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.