Indoneziyada davom etayotgan Osiyo oʻyinlarida oʻzbek kurashi terma jamoamizga jami 12 medal (6 oltin, 2 kumush, 4 bronza) keltirdi. Ushbu musobaqada hech bir sport turi bizga buncha medal taqdim etgani yoʻq.
Kurash boʻyicha musobaqalarning soʻnggi kungi bahslarida -90 kg vazn toifasidagi oltin va kumush medallar Oʻzbekiston vakillari oʻrtasida taqsimlandi. Yahyo Imomov va Shermuhammad Jandriyev oʻrtasidagi bahs Jandriyevning ustunligida yakunlandi va u Osiyo oʻyinlari chempioniga aylandi. Imomov esa kumush medal bilan taqdirlandi.
Shuningdek, bugun kurash boʻyicha -78 kg vazn toifasidagi Kumush Yoʻldosheva finalda moʻgʻulistonlik Otgon Munksetsegni magʻlub etib, Osiyo oʻyinlari chempioniga aylandi.
Ayni vaqtda Oʻzbekiston delegatsiyasi hisobidagi medallar soni 53taga (15-19-19) yetdi va umumiy reytingda oltinchi oʻringa joylashib oldi.