Bugun Toshkent shahrida Oʻzbekiston mustaqilligining 30 yilligiga bagʻishlangan oʻsmirlar oʻrtasida yunon-rum kurashi boʻyicha musobaqa boʻlib oʻtdi.
“Lokomotiv” sport klubi zalida ”Sport sogʻlomlik, kuch-qudrat, unga mehrli va hamnafas boʻl” shiori ostida oʻtkazilayotgan musobaqada 2009 – 2011 yillarda tugʻilgan oʻspirinlar qatnashdi. Bellashuvlarda 15 xil vazn toifasida yosh sportchilar bahslashdi.
Sogʻlom turmush tarziga daʼvat etish, sportga mehr uygʻotish maqsadi koʻzlangan bellashuvdan yana bir muddao – yurt bayrogʻini jahon sport maydonlarida yuqori koʻtaradigan polvonlarni tayyorlashdan iborat.
– Sizlar kelajakda dunyo tan olgan sportchilar bilan mardona olishib, ularning oʻzini ham, ular erishgan natijalarni ham ortda qoldirib, Olimpiya rekordini yangilab, jahon sportida yorqin sahifa ochishingizga va sizlarning sharafingizga Oʻzbekiston madhiyalari yangrashiga ishonaman. Buning uchun mehnat, mehnat va yana mehnat qilishingiz, mahoratingizni yuksaltirish uchun kuchli iroda va fidoyilik koʻrsatishingiz lozim. Shundagina oʻzbek sporti tarixida ulugʻvor izlar qoldirasiz, – deb yosh sportchilarni ruhlantirdi Lokomotiv sport klubining bosh treneri, musobaqa bosh hakami Igor Neshin.
Har bir daqiqada sport murabbiylari yosh sportchilarni qoʻllab quvvatlab turishdi. Toshkent shahar oʻsmirlar oʻrtasida yunon — rim kurashi boʻyicha bosh murabbiy Rustam Shaydulin ularga shunday oʻgit berdi:– Salomatligizni mustahkamlash, jismoniy va ruhiy tayyorgarligizni oshirish maqsadida oʻtkazilayotgan bellashuvlarimiz beiz ketmaydi. Kelajakda sizlar jahon arenalarida shiddatli va chiroyli janglarni taqdim qilasiz, deya umid qilamiz.
“Paxtakor” sport klubi yunon-rim kurashi boʻyicha murabbiy, sport ustasi Ziyodila va Xayrulla Abdullayevlar esa oʻz shogirdlarini qoʻllab quvvatlab shunday deyishdi: – Siz oʻzingizning halol mehnatingiz, aql-zakovat, qatʼiyat va irodangiz bilan sport maydonlarida oʻz oʻrningiz boʻlishiga erishishingiz kerak. Chunki, tomirlaringizda Jaloliddin Manguberdi, Amir Temur, Pahlavon Mahmud, Zahiriddin Bobur kabi buyuk ajdodlarimizning kuch-gʻayrati joʻsh urib turibdi. Siz Yangi Oʻzbekiston farzandlarisiz.
Darhaqiqat, murabbiylar aytganidek, azmu shijoatli, vatanparvar oʻsmirlarimiz eng katta boyligimiz, mamlakatimiz Prezidentining soʻzlari bilan aytganda, millatimizning “oltin fondi” boʻladi, deya ishonch bildirib qolamiz.
Javlon SAʼDULLAYEV