Saudiya Arabistonining Jidda shahrida oʻtkazilayotgan ogʻir atletika boʻyicha oʻsmirlar oʻrtasidagi jahon chempionatida yurtimiz terma jamoasi oʻzining ilk oltin medalini qoʻlga kiritdi.
Unda -73 kg vazn toifasida ishtirok etgan Diyorbek Ermatov dast koʻtarish mashqida 132 kg natija bilan ushbu yoʻnalishda tengsiz ekanini isbotladi. Shu tariqa vakilimiz dast koʻtarish mashqida oltin medalga sazovor boʻldi.
-61 kg vazn toifasida bahs olib borgan Husinboy Matrasulov esa dast koʻtarishda 119 kg natija koʻrsatib, mazkur yoʻnalish boʻyicha uchinchi natijani qayd etdi. Yosh sportchi bronza medaliga sazovor boʻldi.
Saudiya Arabistonining Jidda shahrida oʻtkazilayotgan ogʻir atletika boʻyicha oʻsmir qizlar oʻrtasidagi jahon chempionatida yana bir hamyurtimiz muvaffaqiyat qozondi.
-55 kg vazn toifasida ishtirok etgan Ozoda Hojiyeva 2 ta medalga sazovor boʻldi. Dast koʻtarishda toʻrtinchi oʻrin bilan kifoyalanishga majbur boʻlgan Ozoda, siltab koʻtarishda vaziyatni oʻnglay oldi.
Sportchimiz dastlabki urinishida 92 kg, ikkinchi urinishda – 95 kg toshni oʻziga boʻysundirdi. Soʻnggi urinishda esa 98 kgni koʻtara olmadi. Shunday boʻlsada, siltab koʻtarishda hamyurtimiz uchinchi oʻrinni band etdi.
Yakuniy hisobga koʻra, 172 kg natija qayd etgan Ozoda ikkinchi oʻrinni egalladi va terma jamoamiz hisobiga jahon chempionatining kumush medalini qoʻshib qoʻydi.
Ogʻir atletika boʻyicha oʻsmir qizlar oʻrtasidagi jahon chempionatida(-55 kg vazn toifasida) Estep Katerin Emili (AQSH) 198 kg, Ozoda Hojiyeva (Oʻzbekiston) 172 kg, Leon Perez (Meksika) 171 kg natija qayt etdi.
Javlon SAʼDULLAYEV tayyorladi.