Joriy yilning 13–17 oktyabr kunlari “Sharq yulduzi” va “Zvezda Vostoka” jurnallari masʼul kotibi shoira, tarjimon, Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasining aʼzosi Dilorom Abdurahmon qizi Ozarbayjonda ijodiy safarda boʻlib qaytdi.
Safar davomida Ozarbayjon Yozuvchilar uyushmasi, Ozarbayjon Milliy fanlar akademiyasi, Nasimiy nomidagi Tilshunoslik universiteti, Prezident kutubxonasi, Shirvonshohlar saroyi, Mitti kitoblar muzeyi hamda Boku shahridan tashqarida Mir Mavsum ogʻa ziyoratgohi kabi qator qadamjolarga borildi.
Baku shahrining Rasulzoda hokimligi binosida kengash raisi Humbat Huseynov janoblari boshchiligida oʻzbekistonlik tarjimon, shoira Dilorom Abdurahmon qizi hamda qator ziyoli ijodkorlar ishtirokida isteʼdodli ozar yozuvchisi Soʻna Abbosali qizi qalamiga mansub “Soʻz xoqoni” nomli tarixiy romanning oʻzbek tilida tarjima kitobining taqdimot marosimi boʻlib oʻtdi.
Tadbir davomida soʻzga chiqqanlar oʻzbek-ozar ijodiy hamdoʻstlik aloqalari va uning muhim ahamiyati haqida toʻxtab, ijod ruhni oziqlantiradi, ijodkor ruhi bunyod etgan ijod mahsuli kabi bunyodkorlik ishlari insonga hayotning xushxabaridir, deya taʼrif etdilar. Shuningdek, isteʼdodli adiba Soʻna Abbosali qizi ijodida hayot bizga bir qancha xushxabarlarni taqdim etmoqda. Ushbu oʻzbek tiliga tarjima qilingan kitob ham oʻzgacha ajoyib xushxabardir, deya bildirilgan fikrlar samimiy eʼtirof boʻlib yangradi.
Tadbirni olib borgan Ozarbayjon Yozuvchilar uyushmasi Janubiy Ozarbayjon boʻlimi rahbari, Ozarbayjon Yozuvchilar uyushmasi raisi maslahatchisi, shoir, yozuvchi Sayman Aruz tarjimon Dilorom Abdurahmon qizini Ozarbayjon Milliy fanlar akademiyasi, Nasimiy nomli Tilshunoslik universiteti faxriy professori, hamda “Qızıl qələm” mukofoti laureati unvoniga sazovor boʻlgani bilan tabrikladi. Shuningdek, oʻzbek tiliga tarjima qilingan “Soʻz xoqoni” kitobi Prezident kutubxonasiga sovgʻa qilinganini alohida taʼkidlab oʻtdi.
Soʻzga chiqqan boshqa tadbir ishtirokchilari – Rasulzoda hokimligi raisi Humbat Huseynov, Tanriverdi Posho, Faxreddin Hojiyev, Ali Valiyev, Vugar Abduyev, Iltifoq Abbosov, Imdad Kazimov, Nehir Oqpoʻlad va boshqalar ijodkorlar ijodi haqida qiziqarli fikrlarga toʻxtalib, Soʻna xonimning ushbu tarixiy romani uchun Turkiya davlatida olgan mukofoti, qator xorijiy davlatlarda erishgan eʼtirofi va eʼtibori haqida ham soʻz yuritildi.
gujum.uz sayti tahririyati Dilorom Abdurahmon qizini Ozarbayjon Milliy fanlar akademiyasi, Nasimiy nomidagi Tilshunoslik universiteti faxriy professori, hamda “Qızıl qələm” mukofoti laureati unvoniga sazovor boʻlgani bilan tabriklaydi.