Milliy olimpiya qoʻmitasi Prezidenti, Oʻzbekiston futbol Assotsiatsiyasining birinchi vitse-prezidenti Umid Ahmadjonov bugun jahonga mashhur “Pepsi” kompaniyasi vakillarini qabul qildi. Ushbu kompaniya oʻzbek sporti, xususan mamlakat futbolida yuz berayotgan islohotlarni yuqori baholab, Oʻzbekiston futbol Assotsiatsiyasiga yangi tashkil etilgan Superligaga homiylik qilish taklifi bilan chiqdi.
Oʻz navbatida Professional futbol ligasi kompaniya vakillariga Superliganing 4-turidan oʻrin olgan “Bunyodkor” – “Buxoro” uchrashuvida oʻz imkoniyatlarini namoyish etib berdi. Mamlakatimizning eng koʻrkam arenasida “Pepsi” reklamasi uchun yaratilgan sharoitlardan kompaniya rahbarlari benihoya mamnun boʻlishdi va Superligaga titul homiy boʻlish istagini bildirishdi. Shu maqsadda “Pepsi” kompaniyasining Oʻzbekistondagi vakolatxonasi rahbarlari bugun Milliy olimpiya qoʻmitasida Umid Ahmadjonov bilan uchrashishdi.
“Oʻzbek futbolida soʻnggi paytlarda yuz berayotgan islohotlar eʼtiborimizni tortdi. Tan olish kerak Oʻzbekiston futbol Assotsiatsiyasi Superligaga asos solgach, sezilarli ravishda muxlislarni stadionlarga qaytara oldi. Soʻnggi yillarda muxlislar tashrifi boʻyicha poytaxt stadionlari eng past koʻrsatkichni qayd etardi. Bu yilgi mavsumdan eʼtiboran hammasi tubdan oʻzgardi. Ortda qolgan toʻrtta tur yakunlariga koʻra eng koʻp muxlis “Bunyodkor” stadioniga tashrif buyurgani soʻzimizga isbot boʻla oladi. Hammasi boʻlib esa toʻrtta tur uchrashuvlarini deyarli 300 000 ishqiboz bevosita stadionlardan kuzatdi.
“Pepsi” kompaniyasi reklama industriyasida aynan sportning futbol turiga katta eʼtibor qaratadi. Kompaniyamiz shuningdek, jahoning eng nufuzli sport musobaqalaridan biri – futbol boʻyicha Yevropa chempionlar ligasining ham rasmiy homiysi hisoblanadi. Biz oʻzbek futbolida roʻy berayotgan ijobiy oʻzgarishlar, islohotlarda bevosita ishtirok etishni, shu orqali oʻzbek sporti taraqqiyoti va rivojlanishiga hissa qoʻshishni istaymiz. Qolaversa Oʻzbekiston Superligasi kompaniyamizni yanada mashhurroq qilish, mahsulotlarimizni reklama qilish uchun katta bozordir. Biz bu imkoniyatni qoʻldan chiqarmasligimiz kerak,” – dedi “Pepsi” kompaniyasining Oʻzbekistondagi vakolatxonasi rahbari Shuhrat Ergashev.
Taʼkidlash lozimki, Oʻzbekiston Professional futbol ligasi bunga qadar bir qator nufuzli firma va kompaniyalar bilan Superligaga homiylik qilish maslasida muzokaralar olib bordi. Ular orasidan aynan “Pepsi” kompaniyasining taklifi maʼqul keldi.
“Avvalo biz tomondan olib borilayotgan islohotlarga berilgan yuqori baho va eʼtirof uchun minnatdorchilik izhor etaman. Oʻzbekiston futbol Assotsiatsiyasi boshqaruvida yeng shimarib ishga kirishganimizda oʻz oldimizga birinchi galdagi vazifa sifatida muxlislarni stadionga qaytarish masalasini qoʻygandik. Ozmi koʻpmi bu rejalar amalga oshayotganidan hursandman. Ammo bu bilan cheklanib qolmoqchi emasmiz. Futbolni xalqimiz juda sevadi. Biz muxlislar uchun stadionlarda kerakli barcha sharoitlarni yaratish, eng avvalo toza, halol va tomoshabop futbol namoyish etish yoʻlida hali koʻp ishlashimiz kerak. Ishonchim komilki, biz buning uddasidan chiqamiz,” – dedi Umid Ahmadjonov.
“Oʻz navbatida futboldan tashqari boshqa sport turlari – jumladan dzyudo, sport kurashlari, ogʻir atletika, boks, taekvondo va boshqa turlar boʻyicha ham hamkorlikni davom ettirishimiz mumkin. Asosiy maqsad ushbu shartnoma orqasidan moʻmaygina daromad olish emas, balki mamlakatimizda sport taraqqiyoti va Olimpiya harakatini yangi bosqichga olib chiqish. Sportda marketing sohasini yanada rivojlantirishdan iboratdir,” – deya soʻzini davom etttirdi MOQ Prezidenti.
Uchrashuv yakunida “Pepsi” kompaniyasi va Oʻzbekiston futbol Assotsiatsiyasi oʻrtasida shartnoma imzolandi. Demak, oʻzbek futboli tarixida birinchi marta Oʻzbekiston Superligasi oʻzining titul homiysiga ega boʻldi. Bitim hozircha yil yakuniga qadar imzolandi. Kelasi mavsumda hamkorlik doirasini yanada kengaytirish, musobaqalar sonini oshirish, bolalar va mahalla futboliga ham kirib borish masalasida kelishib olindi. Shak shubhasiz, bugungi tarixiy voqea, oʻzbek sporti, xususan futboli taraqqiyoti yoʻlida tashlangan muhim qadam boʻlib qoladi.