Oʻzbek mumtoz va zamonaviy adabiyotini xalqaro miqyosda oʻrganish va targʻib qilishning dolzarb masalalari” mavzusidagi xalqaro konferensiya ishtirokchilariga

0
248
marta koʻrilgan.
Konferensiya qatnashchilari! 

Qadrli doʻstlar! 

Xonimlar va janoblar!

Avvalambor, siz azizlarni – dunyoning olis va yaqin turli qitʼa va mintaqalaridan yurtimizga tashrif buyurgan muhtaram mehmonlarimizni bugungi adabiy anjumanning ochilishi bilan chin qalbimdan muborakbod etaman. 

Sizlarning ushbu nufuzli xalqaro konferensiyadagi ishtirokingizni biz birinchi navbatda oʻzbek xalqiga, uning qadimiy va boy maʼnaviy merosiga, zamonaviy adabiyotiga boʻlgan chuqur hurmat va eʼtiborning amaliy ifodasi sifatida qabul qilamiz. 

Biz sizlarning har biringizni oʻzbek adabiyoti va madaniyatining mohir bilimdoni va jonkuyar targʻibotchisi, Oʻzbekistonning chinakam doʻsti, maʼnaviyat sohasidagi ishonchli hamkorimiz deb bilamiz va sizlarning olijanob faoliyatingizni yuksak baholaymiz.

Fursatdan foydalanib, milliy adabiyotimizni oʻz yurtingizda va xalqaro maydonda begʻaraz targʻib va tashviq etib kelayotganingiz uchun barchangizga samimiy minnatdorlik izhor etishni oʻzimning sharafli burchim, deb bilaman.

Muhtaram anjuman ishtirokchilari!

Gʻoyat muhim va dolzarb mavzuga bagʻishlangan ushbu konferensiya Oʻzbekiston Respublikasining mustaqillik bayrami arafasida boʻlib oʻtayotgani oʻziga xos ramziy maʼnoga ega.

Bundan yigirma yetti yil oldin xalqimizning xohish-irodasi va azmu qarori bilan qoʻlga kiritilgan milliy mustaqillik biz uchun jahon xalqlarining erkin va ozod oilasiga teng huquqli aʼzo boʻlib kirish, dunyo hamjamiyati bilan barcha sohalarda, jumladan, madaniy-gumanitar sohada samarali hamkorlik oʻrnatish imkonini yaratib berdi. 

Bugungi kunda Oʻzbekiston oʻz taraqqiyotining yangi, yuksak bosqichiga qadam qoʻymoqda. Biz milliy tiklanishdan – milliy yuksalishga erishishni oʻz oldimizga eng muhim va ustuvor vazifa qilib qoʻydik. Bu ulugʻ maqsadga esa jahon ahli bilan hamjihat va hamkor boʻlib yashash, ochiq demokratik jamiyat qurish, hayotimizda milliy va umumbashariy qadriyatlarga hurmat tuygʻusini yanada keng qaror toptirish orqaligina erishish mumkinligini biz yaxshi anglaymiz. 

Ayni shu nuqtai nazardan qaraganda, oʻzbek mumtoz va zamonaviy adabiyotini xalqaro miqyosda oʻrganish va targʻib qilish, koʻpqirrali bu mavzuni bugungi kunda dunyo adabiy makonida yuz berayotgan eng muhim jarayonlar bilan uzviy bogʻliq holda tahlil etib, zarur ilmiy-amaliy xulosalar chiqarish, kelgusi vazifalarimizni belgilab olish, oʻylaymanki, katta ahamiyatga ega.

Ayniqsa, hozirgi notinch va tahlikali zamonda butun bashariyat oldida paydo boʻlayotgan, biz ilgari duch kelmagan gʻoyat murakkab muammolar, global xavf-xatarlarni birgalikda bartaraf etish, shu yoʻlda barcha ezgu niyatli insonlarni birlashtirishda, dunyo aholisining qariyb uchdan bir qismini tashkil etadigan yoshlarni gumanistik gʻoyalar ruhida tarbiyalashda badiiy soʻz sanʼatining oʻrni va masʼuliyatini har qachongidan ham yuksaltirish zarurligini bugun hayotning oʻzi taqozo etmoqda. 

Bu borada Oʻzbekistonda amalga oshirilayotgan eʼtiborga molik ishlar, xususan, ilm-fan, taʼlim-tarbiya, madaniyat, sanʼat va adabiyot sohalarini izchil rivojlantirish, bozor iqtisodiyoti sharoitida ilm va ijod ahlini har tomonlama qoʻllab-quvvatlash, kitobxonlik madaniyatini oshirish kabi vazifalar davlat siyosatining ustuvor yoʻnalishiga aylangani haqida sizlar konferensiya ishi davomida yetarlicha maʼlumotga ega boʻlasiz, deb oʻylayman.

Bu haqda gapirganda, bir fikrga alohida urgʻu berishni oʻrinli, deb bilaman. 

Biz Oʻzbekistonda “Adabiy doʻstlik – abadiy doʻstlik” degan chuqur maʼnoli tamoyilga amal qilgan holda, jahon adabiyotining durdona asarlarini oʻzbek tiliga tarjima qilish va nashr etish masalasiga gʻoyat jiddiy eʼtibor qaratmoqdamiz. 

Yurtimizda dunyo adabiyotining bebaho mulki boʻlgan ming-minglab asarlar tarjima qilinib, kitobxonlar qalbidan joy olgani, badiiy tarjima va tarjimashunoslik boʻyicha oʻziga xos ijodiy maktab shakllanganini alohida taʼkidlash lozim. 

Shu bilan bir qatorda, asrlar davomida komil inson tarbiyasi, adolatli jamiyat, shaxs erkinligi, Vatan ozodligi, bunyodkorlik, bagʻrikenglik va baynalmilalchilik, odamiylik kabi oʻlmas fazilatlarni tarannum etib kelayotgan mumtoz va zamonaviy adabiyotimizning eng sara namunalarini xorijiy tillarga oʻgirish va chet ellarda targʻib etish boʻyicha ham mamlakatimizda katta ishlar amalga oshirilmoqda. 

Bu borada respublikamiz taʼlim muassasalarida oʻzbek tili bilan birga qoraqalpoq, rus, tojik, qozoq, qirgʻiz, turkman tillarida taʼlim berish yoʻlga qoʻyilgani, oliy oʻquv yurtlarimizda ingliz, fransuz, nemis, ispan, yapon, xitoy, koreys, arab filologiyasi maxsus fan sifatida oʻqitilayotgani muhim ahamiyat kasb etmoqda.

Ayni vaqtda bu sohada ham oldimizda koʻpgina dolzarb va muhim vazifalar turganini ham qayd etish zarur. Xususan, hozirga qadar jahon adabiyotidan ona tilimizga tarjima qilingan aksariyat asarlar vosita tillar orqali amalga oshirilgan va bu hol bugungi kunda ham davom etmoqda. Yosh tarjimonlarimiz asliyat tilini yaxshi bilsalar-da, koʻp hollarda ularda badiiy mahorat yetishmayapti. Xuddi shunday holatni oʻzbek adabiyoti namunalarini boshqa tillarga tarjima qilish sohasida ham kuzatish mumkin. 

Bugun mamlakatimizda sizlarning faol saʼy-harakatingiz bilan birinchi bor oʻtkazilayotgan ushbu xalqaro konferensiya mana shunday muhim ijodiy muammolarni atroflicha muhokama qilish, bu borada xalqaro tajriba, zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalari, Internet imkoniyatlaridan yanada kengroq foydalanish, doʻstlik aloqalarini tiklash va mustahkamlash, ijodiy uyushmalar, adabiy nashrlar oʻrtasida hamkorlikni kuchaytirish, oʻzaro bordi-keldilarni yoʻlga qoʻyishga doir amaliy takliflar ishlab chiqishga xizmat qiladi, deb ishonaman. 

Bu muhim yoʻnalishda biz sizlar bilan har tomonlama samarali hamkorlik qilishga doimo tayyormiz. Jumladan, Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi qoshida sizlarning ishtirokingizda Oʻzbek adabiyotining xorijiy doʻstlari kengashini tuzish va uning faoliyatini tizimli asosda tashkil etish bu yoʻldagi dastlabki amaliy qadam boʻlishi mumkin. 

Muhtaram doʻstlar!

Bundan yuz yil muqaddam buyuk oʻzbek shoiri Abdulhamid Sulaymon oʻgʻli – Choʻlpon “Adabiyot yashasa, millat yashar!” degan otashin daʼvat bilan maydonga chiqqan edi. 

Hayot va tarix sinovlaridan oʻtgan teran maʼnoli bu soʻzlar bugun ham oʻz ahamiyati va qimmatini yoʻqotgan emas. Darhaqiqat, adabiyot, sanʼat va madaniyat yashasa, millat va xalq, butun insoniyat bezavol yashaydi. 

Mana shunday ezgu va sharafli ishga oʻz hayotini bagʻishlagan siz, azizlarga sihat-salomatlik, ijodiy yutuqlar, baxt va omad, konferensiya ishiga muvaffaqiyat tilayman. 

                          Shavkat Mirziyoyev,
             Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti

 

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.