Oʻzbek paxtasiga boykot bekor qilingani haqidagi xabar bilan katta mamnuniyat bilan oʻrtoqlashmoqchiman.
Bu haqda bugungi matbuot anjumanida xalqaro miqyosda tan olingan barcha kompaniyalarni mamlakatimiz paxta va toʻqimachilik sanoatiga sarmoya kiritishga chaqirgan Cotton Campaign xalqaro koalitsiyasi maʼlum qildi.
Bu yutuq Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining qatʼiy siyosiy irodasi, shuningdek, Majburiy mehnatga qarshi kurashish milliy komissiyasi tomonidan XMT va uch tomonlama sheriklar bilan birgalikda, fuqarolik jamiyati vakillarining faol ishtirokida amalga oshirilgan keng qamrovli ishlar tufayli erishildi.
Boykotning bekor qilinishi bilan Oʻzbekistondan paxta mahsulotlarini jahon bozoriga eksport qilishni kengaytirish, shuningdek, toʻqimachilik sanoatiga xorijiy sarmoyalarni jalb qilish yoʻlidagi soʻnggi asosiy toʻsiq bartaraf etildi.
Barchangizni, shubhasiz, ushbu tarixiy voqea bilan tabriklayman!
Cotton Campaign xalqaro koalitsiyasining rahbari Bennet Friman boshchiligidagi delegatsiyaga ikki tomonlama hamkorlikning bugungi holati va uni rivojlantirish istiqbollari muhokama qilingan samarali uchrashuv uchun oʻz minnatdorligimni bildiraman.
Cotton Campaign vakillari Oʻzbekiston tomonidan paxta dalalarida majburiy mehnatdan muntazam va tizimli foydalanishga barham berish borasida erishilgan yutuqlarni yuqori baholadilar.
Bu ilgari XMTning 2021 yil uchun tegishli monitoring natijalari boʻyicha hisobotida tasdiqlangan. Odam savdosi va majburiy mehnatga qarshi kurashish milliy komissiyasining alohida oʻrni qayd etildi.
Muzokaralar natijalari boʻyicha tomonlarni qiziqtirgan barcha masalalar yuzasidan konstruktiv hamkorlikni davom ettirishga kelishib olindi.
Manbaa: @tanzilanarbaeva