Prezident Mirzachoʻl tumanidagi Oʻzbek – qozoq milliy madaniyat markazi faoliyati bilan tanishdi.
Mirzachoʻlda yashayotgan qozoq millatiga mansub yurtdoshlarimizning urf-odat va anʼanalarini rivojlantirishi uchun zarur sharoit yaratilgan. Xususan, bu yerda Qozoq milliy teatri tashkil etilgan. Yaqinda teatr binosi rekonstruksiya qilinib, koʻrkam inshootga aylantirildi. Milliy cholgʻuchilik, ashula, raqs, tasviriy sanʼat kabi toʻgaraklar faoliyati yoʻlga qoʻyildi.
Oʻzbek – qozoq milliy madaniyat markazining tashkil etilishi xalqlarimiz oʻrtasidagi doʻstlikning yana bir ifodasi boʻldi. Markazda madaniy aloqalarni kuchaytirish, yoshlarni baynalmilal doʻstlik ruhida tarbiyalashga alohida eʼtibor qaratildi.
Prezident mazkur teatrning qayta tiklanishi va Oʻzbek-qozoq milliy madaniyat markazining tashkil etilishi ikki qardosh xalq hamjihatligida muhim ahamiyatga ega ekanini alohida taʼkidladi. Bu maskan hududdagi ijodiy, maʼrifiy tashkilotlarni, ziyolilarni, yoshlarni ezgu maqsad yoʻlida birlashtirishi zarurligini qayd etdi.
Oʻzbek va qozoq xalqlari sanʼatidan namunalar ijro etildi.