Oʻzbek sporti yulduzlari 30-mehribonlik uyiga tashrif buyurishdi

0
167
marta koʻrilgan.
Bugun, 15 mart kuni poytaxtimizdagi 30-mehribonlik uyida «Navroʻz sayli» tadbiri tashkil etildi. 
 Ushbu tadbir Oʻzbekiston davlat sanʼat va madaniyat institutining faol talabalari tashabbusi bilan tashkil qilindi. Unga Milliy olimpiya qoʻmitasi vakillari va bir qator sportimiz yulduzlari ham tashrif buyurishdi. Jumladan, boks boʻyicha Olimpiya oʻyinlari chempioni Shahobiddin Zoirov, Olimpiya oʻyinlari kumush medal sohibi Bektemir Meliqoʻziyev, jahon chempionati sovrindorlari Sanjar Tursunov va Bahodir Jalolov, taekvondo boʻyicha jahon chempioni Dmitriy Shokin, Osiyo oʻyinlari gʻolibi Jasur Boyqoʻziyev, stol tennisi boʻyicha yoshlar oʻrtasida jahon chempioni Saida Mahmudova va futbol boʻyicha Osiyo chempionligini qoʻlga kiritgan Rustam Ashurmatov, Islomjon Qobilov va Akrom Komilovlar ushbu tadbirda qatnashdilar.

 Umuman, MOQ Prezidenti Umid Ahmadjonovning tashabbusi bilan Oʻzbekiston Milliy olimpiya qoʻmitasi soʻnggi paytlarda aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlari uchun muntazam ravishda mana shunday tadbirlar tashkil etib kelmoqda. Bundan bir necha hafta avval shunga oʻxshash tadbirlar poytaxtimizdagi 100-jismoniy imkoniyati cheklangan bolalar maktab internatida hamda koʻzi ojizlar maktabida oʻtkazilgan edi. Bugun esa sportimiz yulduzlari Oʻzbekiston Milliy olimpiya qoʻmitasi bilan birgalikda 30-mehribonlik uyiga tashrif buyurishdi. Tadbir davomida yosh bolajonlarga institut talabalari ishtirokida koʻrazmali chiqishlar, sahna koʻrinishlari namoyish etildi. Kuy-qoʻshiqlar bayramga oʻzgacha kayfiyat ulashdi. 

Tantanali tadbirda 30-mehribonlik uyi tarbiyalanuvchilari oʻzbek sportining yorqin yulduzlari qoʻlidan Milliy olimpiya qoʻmitasining esdalik sovgʻalari va sport anjomlarini qabul qilib olishdi. Bunday eʼtibor va qiziqarli tadbirdan koʻngli yarimta bolajonlarning kayfiyati juda koʻtarildi. Ular hayajonlarini yashira olmadilar. Tadbir yakunida mehribonlik uyi tarbiyalanuvchilari oʻzbek sporti yulduzlari bilan esdalik uchun suratga tushish va ulardan dastxat olish imkoniga ega boʻlishdi.

Milliy olimpiya qoʻmitasi ishlab chiqilgan rejaga asosan maxsus maktab-internatlar, koʻzi ojizlar maktablari, mehribonlik, qariyalar va muruvvat uylarida yana koʻplab tadbirlar tashkil etishni oʻz oldiga maqsad qilib qoʻygan.

«Bugungi tadbirda ishtirok etib, ochigʻi bir olam taassurot oldim. Bolajonlar bilan uchrashuv sportdagi faoliyatimizda yanada koʻproq mehnat qilib, yurtimiz bayrogʻini bundan-da yuqorilarga koʻtarishga chorladi. Bu yerdagi bolalarni koʻrib juda xursand boʻldik. Shunga amin boʻldikki, ular bu yerda yolgʻiz emas. Ularni orqasida eng avvalo davlatimiz rahbari, biz sportchilar va Milliy olimpiya qoʻmitasi Prezidenti turibdi. Ular uchun juda xursandmiz. 

Oʻzbek sportida kattagina islohotlar amalga oshirilmoqda. Hozirgi rahbariyat bunday tadbirlarga alohida eʼtibor bilan qaramoqda. Mehribonlik uyi, maxsus maktab internatlarida tashkil etilayotgan bunday tadbirlar koʻngli yarimta bolajonlar uchun katta yordam boʻladi. Ularning kayfiyatini koʻtaradi.  Shuning uchun, bunday aksiyalarni yana koʻp marotaba uyushtirishimiz kerak deb oʻylayman», — dedi tadbir ishtirokchilaridan biri, Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan sportchi, Osiyo oʻyinlari gʻolibi, taekvondochi Jasur Boyqoʻziyev. 
 
 Shuningdek, yaqinda oʻtkazilgan Osiyo chempionatida oltin medallarni qoʻlga kiritgan futbolchi Rustam Ashurmatov ham bunday tadbirda ishtirok etayotganidan xursand ekanligini bildirdi: «Bugungi kunda bu kabi tadbirlar koʻp tashkil etilmoqda. MOQ va OʻFA hamkorlikda bunday xayrli ishlarga jiddiy eʼtibor qaratgan. Yoshlarni, sportga endi qadam qoʻyayotgan bolakaylarni qoʻllab-quvvatlash natijasida, ular sportimiz yulduzlariga intilib, kelajakda oʻz kasbining mohir ustalari boʻlib yetishishlari uchun bunday voqeliklar katta turtki boʻladi deb hisoblayman. Oldinda bizni koʻplab musobaqalar kutib turibdi. Ularda bizdan faqat va faqat gʻalabalarni kutishadi. Buni biz ham his qilib turibmiz. Xususan, Osiyo oʻyinlarida ham oldimizga maksimum vazifa qoʻyilgan».
Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.