Oʻzbek tiliga davlat tili maqomi berilganiga 30 yil toʻldi. Shu oʻtgan davr ichida nima oʻzgardi? Nimani oʻzgartirish kerak?
Raqamlar tilga kirganda…
Internet maʼlumotlariga nazar soladigan boʻlsak, sayyoramiz aholisi 7111 tilda soʻzlasharkan. Ana shu tillarning atigi bir foizida (70 ta tilda) Yer shari aholisning 90 foizi gaplashadi. Qolganlari juda kam miqdorda aholi gaplashadigan, yoʻqolib ketish arafasida turgan tillardir. Har ikki haftada Yer yuzida bitta til umuman yoʻqolib ketmoqda.
Quvonarlisi shuki, bizning tilimiz ana shu barqaror 1 foizga kiradi. Oʻzbek tilida Yer yuzida 40 millionga yaqin aholi gaplashadi. Bu Yer yuzida har 200 nafar odamdan biri oʻzbek tilida soʻzlaydi, deganidir. Boshqacha aytganda, oʻzbek tili soʻzlashuvchilar soniga koʻra sayyoramizda eng keng tarqalgan 40 ta tildan biridir. (Bu tillarning har birida kamida 30 million aholi gaplashadi).
Koʻrinib turibdiki, oʻzbek tilining xalqaro maqomi havas qiladigan darajada. Bugun bu til mamlakatimizning davlat tili boʻlibgina qolmay, qoʻshni Afgʻonistonning rasmiy tillaridan biri hisoblanadi. Bu mamlakat shimolidagi sakkizta viloyat aholisining katta qismini oʻzbeklar tashkil qiladi.
Rasmiy maʼlumotlarga koʻra, qoʻshni Tojikiston aholisining 13, Qirgʻizistonning 15, Qozogʻistonning 4, Turkmanistonning 6 foiz aholisi oʻzbek tilida gaplashadi. Bundan tashqari, Turkiya, Xitoy, Eron, Rossiya, AQSH, Shvetsiya, Latviya, Ukraina, Moʻgʻuliston singari mamlakatlarda ham oʻn minglab millatdoshlarimiz yashaydi.
“Oʻzbegim boshida qalpoq…”
Shu oʻrinda tilimiz tarixiga ham bir qur koʻz tashlaylik. Mutaxassislar fikricha, oʻzbek tilining tarixi bir necha ming yilliklarni oʻz ichiga oladi. Uning ilk ildizlari Markaziy Osiyo hududida yashagan qadimgi turkiy elatlar – sak, xunnu, qangʻli, chigil, yagʻmo, qarluq, qipchoq singari oʻnlab qabilalarga borib taqaladi.
VII-VIII asrlarga mansub Oʻrxun-Enasoy obidalari barcha turkiy xalqlar qatori bizning ham qadimiy boyligimiz, merosimiz sanaladi. Buyuk ajdodimiz Bilga Hoqon 711 yilda oʻz bitiktoshida qadimgi turk tilida “ey turkiy elim. Sen oʻzingni angla, oʻzligingga qayt, shunda yuksalasan!” deya kelgusi avlodlarga vasiyatnoma bitgan edi.
Oʻrta asrlarda Mahmud Koshgʻariy, Yusuf Xos Hojib, Ahmad Yugnakiy, Ahmad Yassaviy singari allomalar oʻz asarlarini turkiyda bitib, tilimizning rivojiga hissa qoʻshishdi. Buyuk mutafakkir Hazrat Alisher Navoiy esa chin maʼnoda bugungi oʻzbek adabiy tilining poydevorini mustahkamladi. Uning tashabbusi bilan ona tilimiz Xuroson mulkining davlat tiliga aylandi. Navoiy ilk bor oʻzbek tilida “Xamsa” yaratib, buyuk devonlar tuzib, uning boshqa tillardan kam emasligini isbot etdi. Oʻz baytlarida nafaqat oʻzbek tilining boyligi va nafosati, balki oʻzbek elining milliy qiyofasi, qadriyatlarini ham tarannum etdi:
Shoh toju xilqatikim, men tamosho qilgʻali,
Oʻzbegim boshida qalpoq, egnida shirdogʻi bas.
Oʻzbek tilidan temuriylardan tashqari, turli davrlarda Oltin Oʻrda, shayboniylar, ashtarxoniylar, oʻzbek xonliklari davrida ham asosiy til sifatida foydalanilgan. 1870 yilda oʻzbek tilidagi ilk gazeta “Turkiston viloyatining gazeti” chop etila boshlagan. XX asr boshlarida oʻzbek tili Buxoro va Xorazm Respublikalari (BXSR va XXSR)ning, Turkiston Muxtoriyati va Turkiston ASSRning, keyinchalik Oʻzbekiston SSRning rasmiy tili boʻlgan. Faqat 1989 yilning 21 oktyabr kuni oʻzbek tiliga davlat tili maqomi berilgan.
YUNYeSKO tashkiloti ekspertlarining qayd etishicha, davlat tili – siyosiy, ijtimoiy va madaniy sohalarda maʼlum bir davlatda integratsiya (birlashtiruvchi) vazifasini amalga oshiradigan, shuningdek, ushbu davlatning ramzi sanaladigan tildir.
Oʻzbekiston Respublikasining “Davlat tili haqida”gi qonuniga (yangi tahrir) muvofiq, Oʻzbekiston Respublikasining davlat tili oʻzbek tilidir. Oʻzbek tiliga davlat tili maqomining berilishi respublika hududida yashovchi millat va elatlarning oʻz ona tilini qoʻllashdan iborat konstitutsiyaviy huquqlariga monelik qilmaydi. Fuqarolar millatlararo muomala tilini oʻz xohishlariga koʻra tanlash huquqiga egadirlar.
Shu bilan birga, Oʻzbekistonda istiqomat qiluvchi barcha millat va elat tillariga hurmat koʻrsatiladi va ularning rivoji uchun sharoitlar yaratiladi. Ommaviy axborot vositalari Oʻzbekistonda istiqomat qiluvchi millat va elatlarning bir necha tillarida efirga uzatiladi va chop etiladi.
Oʻzbek tili oʻz maqomiga erishdimi?
Har yili oktyabr oyi kirib kelishi bilan ommaviy axborot vositalarida oʻzbek tiliga davlat tili maqomi berilishi bilan bogʻliq sana esga tushadi. Quloch-quloch maqolalar yoziladi, radio va telekanallarimizda soatlab eshittirish va koʻrsatuvlar namoyish qilinadi. Joylarda turli uchrashuvlar, davra suhbatlari, bahsu munozaralar avj oladi. Xoʻsh, keyin-chi?
Afsuski, hali-hanuz yurtimizda oʻzbek tili oʻzining qonuniy maqomini egallab ulgurgani yoʻq. Hamon koʻchalarda ketib borarkansiz, rus, ingliz va boshqa tillardagi yorliqlar, havolalar, eʼlon va shiorlar koʻzni qamashtiraveradi. Haligacha, odamlarimiz milliy atamalarni chetga surib, “Alayskiy”, “Farxadskiy, “Ippodrom”, “Zeleniy most”, “Bulvar”, “Dagbitskiy”, Sofiyskiy”, “Lunacharskiy”, “Viʼsokovoltniʼy” singari atamalarni ishlatishni maʼqul koʻrishadi.
Yashirib nima qildik: koʻpchilik hamyurtlarimiz “til oʻrgansin, ulgʻayganida ish topolmay qiynalmasin” deb farzandini maktablarning rus sinfiga berishadi. Gohida ota-onalar oʻz bolasining “oʻzbekcha bilmasligi”ni aytib maqtanayotganiga guvoh boʻlamiz. Albatta, yoshlarimiz qancha koʻp til oʻrgansa, shuncha yaxshi. Ammo, bu “poliglotlik” ona tilimizni bilmaslik yoki unutish hisobiga boʻlmasin-da!
Internet orqali koʻpgina davlat muassasalarining hujjatlarini izlaganda, ularning davlat tilidagi nusxasini topa olmaysiz. Xalqaro anjumanlarda, konferensiyalarda oʻzbek tilining deyarli ishlatilmasligi hozir hech kimni ajablantirmay qoʻygan. Baʼzi anjumanlarda xorijlik hamkasblarimiz bir necha bor “Nega Oʻzbekistonda xalqaro tadbirlar oʻzbek tilida olib borilmaydi?” deb savol berishganida, qanday javob qaytarishni bilmay qolaman.
Xorijiy elchixonalar tomonidan oʻtkaziladigan anjumanlarda elchilar qiynalib boʻlsa-da, oʻzbek tilida gapirganiga koʻp bora guvoh boʻlganmiz. Ammo bunday tadbirlarda ishtirok etgan oʻzimizning mutasaddilar koʻpincha boshqa tillarda chiqish qilishni afzal koʻrishadi.
Nega? Nima uchun?
Ish yuzasidan qoʻshni va qardosh mamlakatlarga koʻp borib turaman. Joriy yilning may oyida qoʻshni Qozogʻistonning Almati shahrida oʻtkazilgan media-forumda ishtirok etdim. Tadbirda soʻzga chiqqan qozogʻistonlik rasmiylar oʻz maʼruzalarini ona tilida oʻqishdi. Sinxron tarjimalar qozoq, rus va ingliz tillarida teng olib borildi.
Yaqinda Boku shahrida oʻtkazilgan bir xalqaro anjumanda ham xuddi shunday holatga guvoh boʻldik. Mahalliy ishtirokchilar ozarbayjon tilida maʼruza qilishdi, tarjimonlar sinxron tarzda rus va boshqa tillarga oʻgirib berishdi.
Bir necha yil muqaddam Gruziyada boʻlganimda koʻchalar, binolar, peshtoqlardagi yozuvlarning barchasi gruzincha ekani eʼtiborimni tortgandi. Faqat xorijlik turistlarga qiyinchilik tugʻilmasligi uchun ayrim joylarda ingliz tilidagi bitiklar uchraydi.
Bu kabi kuzatishlarim soʻnggida “hech bir xalq oʻz ona tilini bizchalik “qadrlamas” ekan” qabilidagi achchiq xulosaga kelgandim. Afsuski, bu fikrimni hamon oʻzgartirolmay kelaman.
Holbuki, bugun oʻzbek tilini xorijliklar ham qiziqish bilan oʻrganmoqda. “Bi-bi-si”, “Ozod Yevropa”, “Amerika ovozi”, “Eron ovozi”, “Sputnik” singari yirik axborot mahkamalari dunyoning koʻplab tillari qatorida oʻzbek tilida ham oʻz materiallarini eʼlon qilib borishadi. Xitoyda, Turkiyada, Amerikada, Germaniyada, Hindistonda oʻzbek tili boʻyicha maxsus tadqiqotlar olib boriladi, ilmiy ishlar himoya qilinadi.
Qonun bor, ammo…
Xoʻsh, nima qilmoq kerak? Bu savol oʻttiz yilki, qayta-qayta beriladi. Oʻzbek tili jahonda oʻz oʻrniga, obroʻ-eʼtiboriga ega ekan, nima uchun oʻz Vatanimizda yetarlicha qadr topmayapti?
Buning asosiy sababini tashqaridan emas, oʻzimizdan izlamogʻimiz lozim. Eng avvalo, davlat tili toʻgʻrisidagi qonunni zamon talablari darajasida takomillashtirish, undagi talablarni qatʼiylashtirish zarur. Qonun moddalariga eʼtibor qaratadigan boʻlsak, ularning koʻpchiligida “davlat tilida, shuningdek, boshqa tillarda ham…” iborasiga tez-tez duch kelamiz. Eʼtibor qiling:
“Fuqarolik holatini qayd etuvchi hujjatlar, shaxsning kim ekanligini va uning huquqlarini tasdiqlovchi hujjatlar davlat tilida rasmiylashtiriladi, zaruriyatga qarab boshqa tilda tarjimasi takrorlanishi mumkin”.
“Oʻzbekiston Respublikasi hududida yashovchi shaxslarga davlat tashkilotlari va muassasalariga, jamoat birlashmalariga arizalar, takliflar, shikoyatlar bilan davlat tilida va boshqa tillarda murojaat qilish huquqi taʼminlanadi”.
“Televideniye va radio eshittirishlari davlat tilida, shuningdek, boshqa tillarda olib boriladi”.
“Noshirlik faoliyati davlat tilida, ehtiyojlarni hisobga olgan holda esa, boshqa tillarda ham amalga oshiriladi”.
“Lavhalar, eʼlonlar, narxnomalar va boshqa koʻrgazmali hamda ogʻzaki axborot matnlari davlat tilida rasmiylashtiriladi va eʼlon qilinadi hamda boshqa tillarda tarjimasi berilishi mumkin».
“Korxonalarda ishlab chiqariladigan mahsulot davlat tilidagi va boshqa tillardagi yorliqlar, yoʻriqnomalar, etiketkalar bilan taʼminlanadi”.
Kimda qanaqa?
Qonunni oʻqib chiqar ekanmiz, u oʻta ehtiyotkorlik, muloyimlik bilan tuzilganiga, ochigʻini aytganda, qonundan koʻra koʻproq tavsiyanomaga oʻxshashini anglaymiz. Unda imkon darajasida oʻzbek tilining mavqeini boshqa tillardan oshirib yubormaslikka harakat qilingandek tuyuladi. Qonun bilan yaxshi tanishib chiqqan, boshqa tilda soʻzlaydigan yoki boshqa millatga mansub fuqarolar “davlat tilini oʻrgansak ham, oʻrganmasak ham boʻlaverar ekan” degan xulosaga bormasligiga hech kim kafolat bermaydi. Davlat tilidagi qonunni buzish, davlat tiliga hurmatsizlikning huquqiy oqibatlari qonunda aniq koʻrsatib berilmagan.
Holbuki, qoʻshni va qardosh mamlakatlarning davlat tili haqidagi qonunlari biznikidan koʻra mukammalroq va qatʼiyroq ishlab chiqilgan, desak xato qilmagan boʻlamiz.
Masalan, Tojikiston Respublikasining “Davlat tili haqida”gi qonuni 2-moddasida “Tojikiston Respublikasining har bir fuqarosi tojik tilini bilishi shart” ekani koʻrsatib qoʻyilgan. 27-moddada esa, “Davlat tili haqidagi qonun normalarini buzgan mansabdorlar, shuningdek, yuridik va jismoniy shaxslar qonunchilikda belgilangan tartibda javobgarlikka tortilishi” belgilangan.
Qozogʻiston Respublikasining “Davlat tili haqidagi qonuni”ning 4-moddasida “davlat tilini bilish va unga hurmat bilan munosabatda boʻlish har bir Qozogʻiston Respublikasi fuqarosining burchi ekani” belgilab qoʻyilgan.
Armaniston Respublikasining “Til haqida”gi qonunida esa turli anjumanlar, majlislar, xalqaro konferensiyalar, syezd va sessiyalarda arman tilida oʻqilmaydigan har qanday nutqning sinxron tarjimasi taʼminlanishi qatʼiy belgilangan.
Afsuski, bizning qonunimizda bunday qatʼiyatni emas, “oʻzbekona bagʻrikenglik”ni koʻramiz, xolos. Albatta, yurtimizda istiqomat qiladigan har bir fuqaroning millati, tili, dini, qadriyatlarini kamsitishga hech kimning haqqi yoʻq. Lekin davlat tili oʻzbek tili boʻlgach, u boshqa tillardan loaqal bir parda yuqoriroq tursa, menimcha, buni hech kim millatchilikka yoʻymasa kerak…
Hozircha kech emas…
Avgust oyida yurtimizda oʻtkazilgan xalqaro media-haftalik doirasida koreyalik professor Eng Yung O, yaponiyalik musiqachi Matsuo Kavasaki, vengriyalik sharqshunos Benedek Peri singari mehmonlarning oʻzbek tilida ravon gapirganini koʻrib, gʻururlanib ketgandim.
Bir paytlar buyuk ozar shoiri Xalil Rizo Uluturk ham tilimizning goʻzalligi va nafosatidan ilhomlanib, shunday joʻshqin misralarni bitgan edi:
Qay bir kunda uchib kelding, samolardan, oʻzbek tili?
Qanot olding eng muqaddas sadolardan, oʻzbek tili!
Beshik tutgan kelinlarning allalarin tinglabmiding?
Yaralgansan shu ilohiy nidolardan, oʻzbek tili!
Endi oʻzingiz oʻylang, boshqa millat vakillari bizning tilimizga shu qadar mehr qoʻyishgan, uni astoydil oʻrganayotgan ekan, nega biz oʻzimizning bebaho boyligimiz boʻlgan ona tilimizga yetarlicha eʼtibor qarata olmaymiz?! Axir, dunyoda bir necha ming odam soʻzlashadigan tilini ham boshiga koʻtarib, uning dovrugʻini olamga yoygan shoiru fozillar kammi?!
Dogʻiston xalqining buyuk farzandi Rasul Hamzatov tufayli butun dunyo dunyoning bir chekkasida avar degan xalq borligi, uning goʻzal tili haqida tasavvurga ega boʻlmadimi?!
Bugun ham dunyoda oʻz tili, oʻz millati uchun jonini bera oladigan fidoyilar, olim va ziyolilar koʻp. Oʻtgan oyda Rossiyaning Ijevsk shahrida udmurt olimi Albert Razin oʻz millati, oʻz tili yoʻqolib borayotganiga chiday olmay, oʻziga oʻzi oʻt qoʻygani juda katta shov-shuvga sabab boʻldi. Chindan ham, udmurt tili bugungi kunda tobora oʻz mavqeini yoʻqotib, yoʻqolib borayotgan tillar toifasiga kiradi. Rasman bu tilda soʻzlashuvchilar soni 300 mingdan ortiq koʻrsatilsa-da, udmurtlar tobora ruslashib bormoqda. Yoshlar oʻz ona tilini unutib, boshqa tillarda taʼlim olmoqda, muloqot qilmoqda.
Bizning tilimiz-ku, hozircha xavf ostidagi, yoʻqolib borayotgan tillar guruhiga kirmaydi. Ammo oʻzimiz ajdodlarimizdan meros boʻlib kelgan ona tilimizni asramas ekanmiz, millatimiz va maʼnaviyatimiz kelajagini ulkan xavf ostida qoldiramiz. Zotan, oʻzbek tili – bu bizning boyligimiz, or-nomusimiz, shaʼnimiz demak. Uni, eng avvalo, oʻzimiz asrashimiz, hurmatlashimiz kerak.
Rustam JABBOROV
Manbaa: OʻzA