Oʻzbekiston Respublikasi Prezident Shavkat Mirziyoyev va Koreya Respublikasi Prezidenti Mun Chje In rafiqalari bilan birga ikki mamlakat sanʼat ustalarining konsert dasturida ishtirok etdi.
Oliy martabali mehmon sharafiga tashkil etilgan ushbu konsertda yurtimiz sanʼatkorlari, koreys madaniyat markazi aʼzolari va Janubiy Koreyadan kelgan ijodiy guruhlar qatnashdi.
Maʼlumki, yurtimizda ikki yuz mingga yaqin koreys millatiga mansub fuqarolar yashaydi. Ular mamlakatlarimiz va xalqlarimizni yanada yaqinlashtirishda katta rol oʻynamoqda.
Ertaga Toshkentda Koreys madaniyati va sanʼati uyi ochiladi. U koreys xalqining madaniy merosini saqlash va rivojlantirishga xizmat qiladi.
Konsertda oʻzbek va koreys milliy kuy-qoʻshiqlari ijro etildi. Ularda xalqlarimiz oʻrtasidagi doʻstlik, madaniy hamkorlik yana bir bor namoyon boʻldi.
Prezidentlar konsert ishtirokchilari bilan esdalik uchun suratga tushdi.